Tojikiston Islom uyg'onish partiyasining o'nlab a'zolari hibsda

  • Amerika Ovozi

Tojikistonda faoliyati to'xtatilgan Islom uyg'onish partiyasining 13 a'zosi, jumladan partiya raisi o'rinbosari Mahmadali Hayit, hibsga olingan.

"Human Rights Watch" xalqaro huquq tashkiloti, Norvegiya Xelsinki qo'mitasi hamda Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi ular taqdiridan xavotirda.

"Ular darhol ozod etilsin. Agar biror jinoyatda ayblanayotgan bo'lsa, qonun doirasida advokatlar bilan ta'minlansin", - deyiladi "Human Rights Watch" bayonotida.

Tojikiston Bosh prokuraturasi terrorchilik va ekstremistik harakatlarning oldini olish uchun choralar ko'rilayotganini qayd etar ekan, Islom uyg'onish partiyasini 4-sentabrda ro'y bergan xurujlarga aloqadorlikda ayblamoqda.

Oy boshida Dushanbe hamda Vahdat shaharlarida militsiya postlari va qurol-yarog' omboriga qilingan hujumda 20 dan ziyod odam halok bo'lgan edi.

Bu voqealarda ayblangan Mudofaa vaziri sobiq muovini general Abduhalim Nazarzoda 16-sentabr kuni maxsus operatsiya natijasida o'ldirilgan. Uni qo'lga olish amaliyotida, shuningdek, to'qqiz militsiya xodimi halok bo'lgan.

Prokuratura bayonotiga ko'ra, general Nazarzoda xurujlarni uyushtirish haqida Islom uyg'onish partiyasidan ko'rsatma olgan. Partiya rahbariyati bu ayblovlarni qat'iyan rad etadi.

Nazarzoda Dushanbe va Vahdat shaharlarida ro'y bergan hujumlarni avvaldan tuzilgan reja asosida amalga oshirgani, Tojikistonga shu maqsadda xorijdagi xayriya fondlaridan katta miqdorda mablag' yuborilgani da'vo qilinmoqda.

Internetda qo'yilgan qisqa bayonotida Islom uyg'onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy Tojikistonda repressiyalar boshlanganini aytadi. Hukumatning bu xatti-harakatlari qanday oqibatlarga olib kelishi haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilayapmiz, deydi u.

Kabiriy hozirda chet elda bo'lib, Tojikistonga qaytish niyati yo'q. Adliya vazirligi o'tgan oy Islom uyg'onish partiyasi bundan buyon qonuniy asosda faoliyat yurita olmaydi, deya ma'lum qilgan edi.

Xalqaro huquq tashkilotlari partiyaning hibsdagi a'zolari qamoqda qiynoqqa solinishi, adolatsiz sudlar o'tishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

"Xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi Tojikiston hukumatiga eslatib qo'ysinki, tanqidchilarni qamoqqa tashlash, qonuniy muxolifatni ezish ikki tomonlama aloqalarga putur yetkazadi", - deydi Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG