Xitoyga gaz yetkazadigan quvur Tojikistonga nima beradi?


Xo'jand bozorlarida

Xo'jand bozorlarida

Qiymati 3 milliard 200 million dollardan ortiq ko’rilayotgan yangi gaz quvuri Turkmanistondan O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston orqali Xitoyga arzon tabiiy gaz yetkazib beradi.

Loyihada qatnashgan mahalliy mutaxassislarga ko’ra, bu masalada Tojikiston-Xitoy muzokaralari ancha og’ir kechgan. Boshida bu quvurdan Tojikiston ham gaz olishi ko’zda tutilgan bo’lsada, ish boshlangach, respublika bu imkoniyatdan quruq qoldi.

Turkmaniston va O’zbekistonda gaz quvuri to’la yotqizilib, Tojikiston chegarasiga yetib kelgan. Gaz quvurining Tojikiston orqali o’tadigan qismi shu yil bahoridan Tursunzoda nohiyasida qurila boshlanishi rejalangan. Undan Hisor, Shahrinav, Ro’dakiy, Rasht, Jirg’atol nohiyalari orqali Qirg’izitonga, u yerdan Xitoyning Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatining Qashqar shahrigacha boradi.

"Tojiktransgaz" bosh direktori Saidahmad Sharofiddinov loyiha muzokaralari o’tgan yil davomida qiyinchilik bilan olib borildi desa-da, ayrim ekspertlar nazarida bu yirik loyiha tezlikda amalga oshmoqda.

"Quvurning Tojikistondan o’tishi arzon bo’lsada, kelajakda Xitoy uchun qimmatga tushishi mumkin, manfaatdor tomonlar bunga hissa qo’shgani aniq. Bu xuddi Ukrainaning Yevropaga gaz tranzitiga o’xshaydi. Xitoy tomoni Tojikistonda bo’lishi mumkin bo’lgan o’zgarishlarni inobatga olmagan ko’rinadi", - deydi nomini bildirishni istamagan mahalliy jamiyatshunos.

Uning fikricha, Tojikiston Rossiyadan tobora uzoqlashib bormoqda, G’arbga yondashuv seziladi, Amerika esa har doim uyg’urlar mustaqilligini qo’llab kelgan.

Tojikiston demokratik partiyasi Sug’d viloyat raisi, siyosatshunos Abdujabbor Yo'ldoshev deydiki, Tojikistonning faqat tranzit mamlakat bo’lib qolayotganida O’zbekistonning roli bor.

"Aslida biz ham gazdan umidvor edik", - deydi u.

“O’zbekiston o'z shartlarini o’tkazib kelmoqda. Lekin gaz quvuri Tojikiston yerlaridan o’tar ekan, bu yerda xizmat ko’rsatish inshootlari quriladi, yordamchi xo’jaliklar tashkil etiladi, tranzit uchun beriladigan pul respublikamiz byudjetini ancha to’ldiradi. 30 yildan ortiq muddatda qariyb 2 milliard dollar tranzit haqi olamiz. Qurilishni olib borayotgan qo’shma korxonaning 50 foiz mulki Tojikistonniki bo’ladi, ba ham katta yutuq”.

Dushanbelik Mixail Rudenko fikricha, Xitoyga uzatiladigan turkman gazidan Tojikistonning foydalanishiga O’zbekistonning daxli haqida aniq gapirib bo’lmaydi.

“Buni faqat taxmin qilish mumkin. Xitoy Toshkentning fikriga quloq tutishi aniq”, -deydi u.

Tojikiston mustaqil nashrlari milliy uyushmasi raisi Nuriddin Qarshiboyev shartnoma qanday bo’lsa, shunga amal qilinadi, deydi. Ukraina ham tranzit mamlakati, deya eslatadi u.

“Gaz quvuri xalqaro bo’lgani uchun, agar Tojikiston sotib olmasa, haqqi yo’q. Masalan, gaz quvuri o’tgan ko'plab davlatlar borki, gazdan mahrum, masalan, hozir aytishyapti-ku Ukrainaga: pulni to’lamagunlaringcha, gaz yo'q".

Mahalliy mutaxassis Bahriddin Tojikistonning yana gazsiz qolayotganiga hukumatning o’zi aybdor deydi.

“Na elektr energiyasi, na gazning pulini to’lashadi. Qaysi sotuvchi firibgar bilan ish ko’radi?” - deb savol qo’yadi Bahriddin.

Xitoyga uzatiladigan gazdan Tojikistonning mahrum qolayotganini O’zbekiston bilan bog’lar ekan, siyosatshunos Abdujabbor Yo'ldoshev uch sababni ko’rsatadi.

“Birinchi sabab, O’zbekiston Xitoyga o’zi ko’proq gaz sotishni istaydi. Ikkinchi sabab shuki, O’zbekiston bundan Tojikiston manfaat ko’rishini xohlamaydi. Uchinchi sabab shuki, o’zbek siyosatchilari Tojikistonning har doim O’zbekistonga qaram qolishini istaydi. Mana shularni inobatga olib, O’zbekiston tomon gazning Tojikistonga berilishini istamaydi, lekin bu masala yaqin kunlarda o’z yechimini topishi kerak”.

Anonim qolayotgan jamiyatshunos Tojikiston orqali o’tadigan Xitoy gaz quvuri xavfsizlik masalasida har qanday holatda G’arbga ham, Rossiyaga ham qo’l keladi, deydi.

“Chunki bu kabi loyihalar geopolitik siyosatda kuchli tomonlarga dastak bo’lib xizmat qilishi mumkin. Ukraina misoli, quvurning Afg’oniston orqali o’tmagani buni tasdiqlaydi, holbuki, quvur afg’on yeridan ham o’tishi mumkin edi”.

Quvur qurilishi 2020-yilda nihoyasiga yetishi kerak. Har yili 25-30 milliard kubometrgacha gaz yetkazilishi ko'zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG