Chiroqsiz Tojikistonda yangi yilni ko’pchilik ko’tarinki ruhda qarshi olayapti


Har doimgidek yangi yil bayrami arafasida Tojikiston bozorlarida narx-navo ko’tariladi, Rossiyadan mehnat muhojirlari oila bag’riga shoshiladi, yo’l kiralar qimmatlashadi.

Ammo yangi yilni ko’pchilik ko’tarinki ruhda qarshi olayapti. Qimmat bo’lsa-da, bozorlar turfa o’yinchog’-u, yam-yashil sun’iy archalarga to’la. Gap faqat odamlarning puli borligida.

Yangi 2014-yil eshik qoqib kelarkan, Tojikiston ahli ham bayram kayfiyatida.

O’qituvchi Valijon Sharipov 2013-yilni sarhisob qilarkan, hammasi yaxshi-yu, ammo chiroqsizlik xalqni qiynamoqda, deydi.

“Hamma sohalarda taraqqiyot haqida gapirish mumkin, lekin shaf-shaf demay shaftoli deydigan bo’lsak, hamma narsa xo’jako’rsinga. Energiyasiz bironta qurilgan fabrika ishlamaydi, ishsizlik, maoshning kamligi, korrupsiya jonga tegdi. Ko’zbo’yamachilik va maqta-maqtadan charchadik”, - deydi u.

Asht nohiyasidan bo’lgan yo’l muhandisi Jalol Ikromov respublika miqyosida yodda qolarlik biron hodisani eslolmasligini aytadi va faqat prezidentlik saylovigagina ishora qiladi.

Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi katta leytenenti Farangis mamlakatda bo’lgan qurilishlarni tilga olarkan, o’z hayotida o’tgan voqeani eng yorqin deb biladi.

“2013-yilda Chormag’zak tunneli, Sangto’da-2 GESi to’la ishga tushirildi. Esimda yaxshi qolgani AQSh elchixonasi yordamida biz, zobit ayollardan 10 kishi Аyollar rolini kotarish malaka oshirish kursida ta’lim olganimiz bo’ldi. Аmerikaning “Emerjensi Grup” tashkiloti xodimlari bizga yigirmadan ortiq mavzuda dastlabki operativ-qidiruv ishlarini boshlash va olib borish metodlarini o’rgatishdi. Ayollar orasida zo’ravonlik va jinoyat, odam savdosiga qarshi kurashda zarur ko’nikmalar oldik”, - deydi u.

Yangi yil orzu-umidlari haqida gap ketganda, turgan gapki, aksariyat odamlar elektr energiyasi taqchilligiga barham berishni tilga olishadi. Yangi ish joylari tashkil etilishi, mehnat muhojirligini tartibga solish va ular himoyasi ham shu qatorda.

Sho’rolar davrida ham o’z binosiga ega bo’lmagan nohiya kutubxonasi direktori Salomat Abdiyeva 2014-yil birinchi galda tinchlik yili bo’lsin, kutubxonamizda o’zbek tilidagi badiiy kitob-gazetalar ko’paysin, deydi.

“Kutubuxonamiz kengaytirilsin, yangi qurilish tezroq bitsin. Biz ham zamonaviy, kompyuterlashgan binoga o’taylik, yoshlarni ishga olaylik. Mana shular bizning orzu-niyatimiz.”

Chekka qishloqlardan birida klub mudirasi bo’lgan Zarifa Shokirovaning ham orzusi keng va yorug’, shinam va issiq ish joyiga ega bo’lish.

“Tojikistonimiz gullab-yashnasin, bizlarga ham svetlarni berib qo’ysin, qorong’ida ishlamaylik. Ko’rib turibsiz, qanday qorong’ilikda o’tiribmiz, chakka o’tib yotibdi”, - deydi u.

Muallim Valijon Tojikiston aholisining eng asosiy orzusi to’la energetik mustaqillikka erishish deb biladi.

“Bugungi muammolarning barchasi, sanoatdami, iqtisodmi, qurilishmi, maorifmi, hamma-hammasi elektr energiyasi taqchilligiga bog’liq. Biz nima qilib bo’lsada, Rog’un GESini qurib bitkazishimiz shart”.
XS
SM
MD
LG