Tojikistonda huquqni yorituvchi yangi nashrlarga munosabat


"Gazetada maqola chiqqani bilan nima o'zgaradi?"

"Gazetada maqola chiqqani bilan nima o'zgaradi?"

Markaziy Osiyoning yo’qsil davlati Tojikistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga yo’l bermayotgan omillardan biri matbuot erkin emasligidir.

Tahlilchilar fikricha, mamlakatda so’z, fikr erkinligi to’liq tiklansa, inson huquqlari e’zozlana boradi, korrupsiya va mansabni suiiste’mol qilish kabilar ko’lami pasayadi. Gazetalar haq-huquq haqida ko’proq ma’lumot berishi kerak, deydi ular.

Yaqinda Tojikistonning Sug’d viloyatida “Huquq” nomli yangi mustaqil haftalik gazeta chop etila boshladi. Unga jurnalist, inson huquqlari himoyachisi Tursunali Aliyev asos solgan. Tоjik, o’zbek va rus tillarida chiqadi. Adadi 1000 nusxa.

O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi faollaridan biri, ziyoli Abdusalom Otamurodov xalq korrupsiyadan bezib, o’z haq-huquqini himoya qilolmasdan, ko’proq gazetalarga murojaat qiladigan bo’ldi, qisman bo’lsa-da dardiga malham topmoqda, deydi.

“Inson huquqlari poymol etilgan jamiyatda, korrupsiyalashgan organlardan haqiqatni topolmayotgan xalq mustaqil gazeta-jurnallarga tobora ko’proq e’tibor qaratmoqda. Bu sohada respublikada chiqayotgan “Aziya Plyus”, “Tojikiston”, “Varorud”, “Najot”, “Ozodagon” singari nashrlar safiga “Huquq” qo’shilgani ma'qul”, - deydi faol.

Huquq nozik masala ekan, sal avval mamlakatda “Muhojir” gazetasining ilk soni sotuvga chiqqan edi. Rasmiylarning aytishicha, nashr ish izlab chetga chiqayotgan fuqarolar, ularning hayoti, muammolari va qonunlarni yoritadi. Ayniqsa, Rossiyaga borib-kelib yurgan fuqarolar uchun dolzarb bu, deydi mutasaddilar. Odamlar haqqini tanishi kerak. Uning tiraji 1500 ekani ma’lum.

Lekin gazetalarda chop etilayotgan maqolalar bilan jamiyatda biror narsa o’zgarib qolmaydi degan fikr ham yo’q emas. Masalaning ijobiy hal bo’lishiga ko’zi yetmaydi ba’zilarning. O’zbek ziyolisi bu kabi fikrlarga qo’shilmaydi.

“Maqolalarga davlat organlari, respublikamiz rahbarlari qisman bo’lsa ham keyingi paytlarda e’tibor qaratishmoqda. Anchagina reaksiya bor. Bir tomondan, xalq manfaatlari himoya qilinayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan mahalliy hokimiyat idoralari ham bunga e’tibor berishga majbur bo’lmoqda. Bunda men xalq uchun foyda ko’rayapman, xolos”, - deydi Otamurodov.

Tojikistonda huquq himoyasi borasida ko’plab maqolalar muallifi, yozuvchi G’ayrat Hakim mustaqil matbuotning hukmron doiralar, kuch tizimlari, umuman, jamiyatga ta’siri ancha kattaligiga urg’u beradi.

Masalan, “Huquq” gazetasida inson huquqlarining poymol etilishi, ijtimoiy adolat, siyosiy erkinliklar haqida so’z yuritiladi, lekin nashr mutaxassislarga muhtoj, deydi u.

“Gazetada tajribali mutaxassislar yo’q. Kelajakda ular o’zgaradi, yangi yo’llarni izlab topishadi degan umiddaman”, - deydi yozuvchi.

Ayrimlar respublikada bunday mayda-chuyda nashrlarga o’rin bermaslik kerak, shundoq ham ko’payib ketdi, deb hisoblaydi.

G’ayrat Hakim nazarida esa ozod jamiyat rivojini mustaqil gazetalar belgilaydi. Ommaviy axborot vositalarini ko’paytirishda rivojlangan davlatlardan o’rnak olish zarur, deydi u.

“Hozir Tojikistonda 360 dan ortiq nomda gazeta-jurnallar nashr qilinadi. Bu muvaffaqiyat hisoblanadi, bular jamiyat ko’zgusi, qancha ko’paysa, shuncha yaxshi”.

XS
SM
MD
LG