Breaking News

Obamaning islom haqidagi so'zlari Tojikiston din ahliga ma'qul


Xo'jand, Tojikiston
Xo'jand, Tojikiston

Vashingtonda ekstremizmga qarshi kurashga doir xalqaro anjuman, unda yangragan fikrlar, xususan, islom haqidagi chiqishlar Tojikiston ziyolilari nazaridan chetda qolmadi.

Obamaning islom haqidagi so'zlari Tojikiston din ahliga ma'qul-Ravshan Shams reportaji
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:43 0:00

Markaziy Osiyoda yagona qonuniy diniy partiyasi bor davlat - Tojikiston. Islom uyg’onish partiyasi a’zolari Obamaning islom haqidagi so'zlarini, bu dinni radikal deb ta'riflash xato ekaniga urg'u berishini yuqori baholadi.

AQSh prezidenti Barak Obama xalqaro anjumanda qilgan chiqishida radikalizm, terrorizm va ekstremizm so'zlarini islomga taqashni xato deyishi Tojikiston dindorlari orasida ma’lum xayrixohlikni tug’dirdi.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasining (TIUP) So'g’d viloyat boshqaruvi a’zosi Mirzoqul Hojimatov Obama ayni zarur paytda chiqish qildi, deydi.

Uningcha, agar bu kabi so’zlar Parijdagi teraktlardan keyinoq yangraganda yanayam ko’ngilli bo’lardi. "Urushni ko’rib qonli jabhalardan o’tgan partiyamiz tinchlikni xohlaydi, bizning rahnamomiz Said Abdullo Nuriy ham shunday degan edilar deydi", - deydi u.

"Bizning islom partiyamiz jihodni ham, olovli suvni ham ko’rgan. Istagimiz tinchlik. Chunki, islom haqiqat, adolat, tinchlik dini. Islom bu ma’rifat, ma’naviyat. Terrorizm, zo’ravonlikka yuz foiz qarshimiz. Xudo rahmat qilsin, ustozimiz Said Abdulloh Nuriy 15 yil ilgari bu gaplarni aytgan edilarki, islom partiyasi, umuman islom bilan zo’ravonlikni, terrorni bir o’ylamanglar. Asli islomiy terrorizm, islomiy zo’ravonlik degan ibora xato. Bu terrorizm boshqa narsa, islom boshqa narsa, islomni terrorizmga qo’shish bu islom dushmanlarining fitnasi", - deydi Hojimatov.

Tojikiston Kommunistik partiyasi a’zolaridan biri shunday deydi:

“Garchi bizni ayrimlar xudosiz deb hisoblasa-da, sho’rolar davri tugadi, biz ham xudoni tan olamiz. Lekin G’arb mamlakatlarining o’zi islomni turli guruhlarga bo’lmoqda, buzg’unchilarni moliyalab kelmoqda. Bo’lmasa Suriyada hatto bizning vatandoshlar ishtirok etayotgan urush qayerdan chiqdi?”.

TIUPning faol ayollaridan Raqiba Yunusovaning aytishicha, AQShdek davlat prezidentining islomga emas, zo’ravonlikka, dinni badnom etayotganlarga qarshi kurashish lozimligini ta’kidlashi muhim jihat.

"Har bir musulmon, har bir kishining bu dunyoda rahm-shafqati, tushunchasi, aql-idroki bo’lishi zarur. Islom badbinlik, poraxo’rlik, zulm va qotillikni qattiq qoralaydi. Rost gap, Amerika prezidentining shunaqa chiqish qilishini kutmagandim. Negaki, keyingi vaqtlarda nainki G’arb, balki o’zimizda ham islom dinini terror, ekstremizm va zo’ravonlik bilan bog’lab yozilgan maqolalar ko’payib ketdi. Qayerda portlash bo’lsa, islom, qayerda bittasini o’ldirib ketsa, islomga ayb taqaydigan bo’lib qolishdi. Shu jihatdan AQShdek davlat prezidentining har qanday badnomlikda islomni ayblash xatoligini ta'kidlashi diqqatga sazovor, bunday fikrlash maqtovga loyiq", - deydi islom partiyasi faoli.

Xo'janddagi shayx Maslahaddin jome’ masjididan Orifjon domla har qanday chiqishlarga ham ishonavermaslik kerak, so’zdan amalning farqi bor, deb fikr yuritadi.

"Bugungi kunda islom dunyosida islom bayrog’i soyasida ehtimol qudratli davlatlar rejalari, yirik siyosatchilar ish ko’rayotgan bo’lishi mumkin. Ko’p hollarda dushmanning aytgani bilan amalining farqi bo’ladi. Bunaqalarni islom riyokor hisoblaydi. Zakiylik va zukkolikni qo’ldan bermaylik, do’st kim, dushman kimligining farqiga borish kerak", - deydi Orifjon qori.

Uning shogirdi Abduvoiz Fattoyev boshgacharoq fikrlaydi. Dindoshlari uni noto’g’ri tushunishi mukinligini aytib, ovozi yozib olinishini istamadi. Shunday bo’lsa-da, u Obamaning “AQSh va dunyo islom bilan emas, bu dinni badnom qilayotgan guruhlarga qarshi kurashyapti” degan so’zlarini yuqori baholaydi. Dunyo siyosatini belgilovchi mamlakat rahbariki shunday demoqdami, shuning o’zi katta gap, deydi.

G’arb rahbarlari xalqaro terrorizmga qarshi kurashda g’oyaviy fikrlarini o’zgartirib borayotganligi menga xush keldi, deydi u.

Tojikistonda radikal qarashlar yil-sayin kuchayib borayotgani seziladi. Mahalliy ziyolilarning fikricha, buning ildizlariga teran nigoh tashlash G’arbdan emas, Sharqning o’zidan bo’lishi kerak.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG