Tojikiston ahli Yaqin Sharqdagi mojarolarni qanday baholamoqda?


AQSh prezidenti Barak Obama BMTdagi chiqishida Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi va Yaqin Sharqda terrorizmga qarshi kurash masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Uni tinglagan tojikistonliklarning ba’zilari Obama siyosatini qo'llab himoya qilsa, boshqalar AQShni gegemonlikda ayblaydi.

Mahalliy ulamolardan birining aytishicha, G’arb dunyosining bugungi siyosati islomiy partiyalarni ayblash bilan chegaralanmoqda.

“AQSh prezidenti Obamaning BMTda qilgan chiqishida jangarilarga qarshi qattiq ayblovni eshitamiz-u, Amerikaning o’zi bunga sabab bo’layotganini hech kim ochiq aytmaydi, o’zini hech kim ayblamaydi. Nega Tojkistondan dindoshlarimiz, Yevropadan g’ayridinlar ham Suriyaga bordi, urushga kirmoqda? Obama mana shular haqida ham o’ylab ko’rishi kerak”, - deydi u.

Tojik ziyolisi Berdimurod Berdinazarov jangarilarga qarshi AQSh boshchiligidagi harbiy amaliyotni ma’qullab, bugungi kunda dunyo bo’yicha faqatgina Amerika xalqaro terrorizmga qarshu kurasha oladigan qudratli kuchga egaligini tasdiqlaydi.

“AQSh yurak qilib jangarilarga qarshi jangga kirdi, hurfikrlilik hammasi o’sha yerda, - deydi u.

"Men Obamaning tarafdoriman. Yurak yutib birorta davlat Iroq, Suriyadagi qotil mutaassiblarga qarshi qurolli hujum uyushtira olmadi-ku, ularni to’xtata olmadi-ku. O’zingiz o’ylab ko’ring, bizning bitta qishloqdan yigirmata odam mujohidman deb Suriyaga ketsa… Axir buni to’xtatish kerak. Agar bunday o’ylab ko’rsangiz, hozir AQSh hukumati biz uchun ham harakat qilayotgan bo’lib chiqadi, indamasangiz, ertaga bu jihodchilar o’zimizning boshimizni yeydi”.

Ekspert Jo’ra Yusufiyga ko’ra, AQShning Yaqin Sharqdagi siyosati Tojikiston manfaatlariga mos keladi.

Uning fikricha, Suriyada xalifalik jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlari bilan AQSh Tojikistonga ham yordam bermoqda.

“Negaki, yoshlarimiz turli yo’llar bilan u yerga ketib qolmoqda, o’zlaricha, jihodga borishmoqda. U yerda ularni jannat emas, dahshatli o’lim kutmoqda. Shoyad, AQSh va ittifoqchilarining harbiy harakatlari bilan bu fitnachilarning aqli kirib qolsa”, - deydi u.

Tojikiston Demokratik partiyasi Xo'jand shahar bo’limi raisi Fayzullo Fayziyev Amerikaning Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarini qo’llayotgan arab davlatlarini tanqid qiladi. Uning fikricha, Makka va Madinadek islom markazlariga ega Saudiya Arabistonining AQSh bilan ittifoqchiligi, dindoshlariga qarshi borishi terrorizmning yanada kuchayishiga sabab bo’lishi mumkin.

“U yerda Amerika manfaatlari kuchli bo’lgani uchun o’z manfaatlarini ko’zlab, arablar hukumatlarining manfiy qonun-qoidalariga k’oz yumishmoqda. Arablarning bu ishini xoinlik deb baholayman”, - deydi u.

Obamaning BMT Xavfsizlik Kengashida qilgan chiqishi bilan tanishgan tojik ziyolisi Faxriddin Akramov bu ma’ruzani harbiy jihatdan qayta oyoqqa turayotgan Rossiyaga nisbatan o’ziga xos chaqiriq deb tushunadi.

Bu nutqi bilan Obama global siyosatda ikki qutblilikni qayta tikladi, deydi u.

“Obama Rossiyaning Ukraina mustaqilligiga daxolati haqida to’g’ri gapirgan bo’lsada, Tojkistonda ko’pchilik Rossiya siyosatini qo’llab-quvvatlaydi. Buning asosiy sababi bizning Rossiyaga qaramligimiz va rus OAVlarining Markaziy Osiyodagi kuchli targ’ibotidir”, - deydi u.

Advokat Munavvara Hamroyeva AQSh tashqi siyosatiga baho berarkan, uni zo’ravonlik deb ta’riflaydi. Uning fikricha, Amerikaning Iroq, Suriya va Afg’oniston kabi mamlakatlarga nisbatan olib borayotgan siyosatida qurolga tayanilmoqda, bu bilan masala hal bo’lmaydi.

“Obamaning BMTdagi nutqidan so’ng Rossiyada AQShga qarshi gaplar ko’paydi. Xuddi SSSR davridagidek, dunyo yana “sovuq urush”ga qaytayotgandek”, - deydi u.

Ziyolilar deydiki, Tojikistonda jamoatchilik fikri Rossiya OAVlari ta’sirida shakllanayotgan bo’lsa ham, AQShning jahon siyosatidagi liderligini inkor etib bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG