Tojikistonda parlament saylovlari, xalqning esa tirikchilikdan boshqasiga vaqti yo'q


Deputatlikga nomzod, o'qituvchi Shodimurod Yoqubov saylov komissiyasiga shikoyat-ariza topshirayapti

Deputatlikga nomzod, o'qituvchi Shodimurod Yoqubov saylov komissiyasiga shikoyat-ariza topshirayapti

Tojikistonda mart oyida rejalangan parlament saylovlari uchun tayyorgarlik ketayapti. Parlament - Majlisi Oliy ikki palatadan iborat. 1-mart kuni avval quyi palata, ya'ni Majlisi Namoyandagon, mart oyi oxirida esa yuqori palata, Majlisi milliy uchun nomzodlar saylanadi.

Quyi palataga 63 deputat, yuqori palataga 33 senator saylanadi. Ro'yxatdan o'tgan sakkiz partiyaga a'zo nomzodlar saylov targ’iboti bilan band. Lekin ovoz beruvchilarning ko’pi ularning kimligidan bexabar.

Ko’pchilik o’z tashvishlari, tirikchilik, bahorgi ekinga tayyorgarlik bilan band. Ko’chada ovoz beruvchilarga savol bersangiz, hafsala ko’rsatmaydi, siyosiy faollik sezilmaydi, hadik kuchli.

“Saylanuvchilarni tanimasak. Ular bizga hech nima deyishmadi, qayerga kimni saylaymiz, bilmaymiz. Hozir o’qidik, qo’ying-e! Savol bermang, ertaga bizni nega tanimaysan deb gapirishmasin”, - deb qo’rqishadi.

Hukmron Xalq demokratik partiyasiga muxolif, alternativ Sotsial-demokratik va Islom uyg’onish partiyasidan Oliy Majlis uchun ko’rsatilgan nomzodlarning aksari ro’yxatdan o’tkazilmagan, ularga bosimlar o’tkazilgan.

Saylov va referendumlar bo’yicha respublika markaziy komissiyasi qarori bilan Fayziniso Voxidova, Xo’jamuhammad Umarov, Shuhrat Qudratov, Baxtiyor Nasrulloyev kabi huquqshunoslar partiyaviy ro’yxatdan chiqarib yuborilgan.

Saylovchilarda biz saylaganimiz baribir o’tmaydi, hukumat xohlagani bo’ladi, degan fikr hukmron.

Ovoz berish huquqiga ega ziyolilardan biri So'g'd viloyat Spitamen tumanidan o’z nomzodini ilgari surgan maktab direktori qasddan ro’yxatdan o’tkazilmaganini ta’kidlaydi.

Maktab direktori Shodimurod Yoqubov Spitamen tumanidagi mahalliy saylov komissiyasi raisiga arz qilgan.

“Meni qayddan o’tkazishmadi. Tarafdorlarning imzolarini nohaq tekshirib, ekspert chaqirmasdan o’zlaricha xulosa chiqarib, haqiqiy imzolarni qalbakiga chiqarib, menga qaror nusxasini berishdi. Prokuraturaga shikoyat, sudga ariza bilan murojaat qildim. Hammasini qonuniy qilganman, imzo qo’yganlarni pasporti bilan solishtirishdi, ko’rsatsayam tan olishmayapti. Saylov komissiyasi a’zolari, raisi noqonuniy ish qilyapti”, - deydi u.

Hozir ko’chalarda ko’proq prezident partiyasi deb nom olgan Tojikiston Xalq demokratik partiyasi vakillarining targ’ibot varaqalarini ko’rish mumkin. Boshqalarniki yo ko'zga ilinmaydi, yo imi-jimida yo’q qilinadi.

Saylov uchastkalarining birida navbatchi turgan ziyoli kimni saylash kerakligini aytib turibmiz, begona partiyalarni qachon so’rasalar ko’rsatamiz, deydi.

"Saylovchilarni nomini aytib, tushuntirib, mana shularni saylaymiz, mana shular respublikaga, oblastga deb tushuntirmoqdamiz", - deydi navbatchi.

Xalq demokratik partiyasi targ’ibot varaqalari bor-u boshqalarniki nega ko’rinmaydi, degan savolga uchastka navbatchisi:

“Prezident partiyasi a’zosi ko’proq. Qolgan partiyalarga ham o’ziga yarasha talablar yaxshi, bu yerda hammasi bor. Kerak bo’lsa ko’rsatamiz, mana saylov yaqinlashyapti, tashqarida ham sekin-sekin bo’ladi”, - deydi.

Demokratik partiyaning So'g'd viloyat raisi Abdujabbor Yo'ldoshev bu yilgi saylov oldingilaridan ancha erkin o’tadi deb ishonadi.

"Mening fikrimcha, hozir agar huquqlarini talab qilib tursalar, saylov ilgarigi yillarga qaraganda erkin, demokratik tarzda, shaffof o’tishi imkoniyati bor. Oldinlari juda og’ir edi", - deydi u.

Saylov uchastkalarining birida komissiya raisi hammasi xo’jako’rsinga, odamlar yo’q, deb dangal aytib qo’ya qoladi.

"Hozir kotibamizga telefon qildim. Allaqancha odamni chaqirsam yo’q. Bittasi umuman ishdan ketgan, yo’q u odam. Yana biri Rossiyaga ketib qolgan, yo’q. Kimni qo’yishimni bilmayman. Men buni tashkil qilganim yo’q-ku, axir", - deydi kuyinib.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Tojikistonda Oliy va mahalliy majlislarga saylov xalqning bu muhim siyosiy ma’rakaga o’ta befarqligi va ishonchsizligi ruhida o’tmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG