Tojikistonda parlament saylovimi yoki tayinlov?


Tojikiston Oliy Majlisi, Dushanbe

Tojikiston Oliy Majlisi, Dushanbe

Tojikistonda kelasi yil fevralda parlamentga hamda mahalliy viloyat, shahar va nohiyalar majlislariga deputatlar saylanadi. Vakillar majlisi uchun rasman ro'yxatdan o'tgan sakkiz partiya ishtirok etishi kutilmoqda.

Lekin kuzatuvchilar fikricha, bu partiyalarning aksari hukmron Xalq demokratik partiyasidan farq qilmaydi va asosiy o’rinlar ham ular orasida taqsim qilinadi.

Saylovga qisqa fursat qolgan bo’lsa-da, mamlakatda bu muhim siyosiy ma’rakaga tayyorgarlik deyarli sezilmaydi.

Umumxalq saylovi va partiyaviy ro’yxat bilan Oliy Majlisning quyi palatasiga 63 deputat saylanadi.

“Muhim siyosiy ma’rakadagi asosiy raqobat ham quyi palata uchun kurashda bo’ladi, partiyamizda tayyorgarlik ana shunga ketmoqda. Saylovning adolatli bo’lishiga ko’p ham ishonmasak-da, har holda keyingi yillarda bunda demokratik o’zgarishlarni ko’rib turibmiz”, - deydi Sotsial demokratik partiyadan Mukarram Po’latov.

Oliy Majlisning yuqori palatasi - Milliy Majlisga esa deputatlar oldin saylangan mahalliy majlislar vakillari tarafidan tayinlanadi.

Dushanbelik ziyoli Abdukarim Boynazarov bo’lajak saylovdan bexabar.

"Buni o’zim endi sizdan eshitib turibman", - deya kuladi u.

“Bu saylovlarni ko’pini ko’rib o’rganib qolganman. Kerak bo’lsa-bolmasa tashqaridan kelgan nazoratchilar ham, hammasi bir yoqadan bosh chiqarib, o’sha tepadan tayinlangan odamlarni saylab qo’yishadi. Xalqni ovozi hech ahamiyatsiz. Ammo saylovoldi ma’rakasni uyushqoqlik bilan o’tkazsalar, xalq o’zini orasidan ko’rsatganlar bilan uchrashtirib tursalar, xalq o’zi sidqidildan ko’rsatgan nomzodlarni saylasa, xalqni qalbidan, ichidan chiqqan odam yaxshi bo’lsa kerak”,- deydi partiyasiz ziyoli.

Hukumatga muxolif turgan Demokratik partiyaning So’g’d viloyat bo’limi rahbari Abdujabbor Yo'ldoshev ma’rakaga tayyorgarlik bo’lsa-da, saylovlar arafasida partiyalar orasida guruhbozlik zo’rayishini, g’alamislar borligini ta’kidlaydi.

“Saylov ma’rakalarida partiyamiz orasida qiyinchiliklar tug’diradigan guruhlar paydo bo’lishini bilamiz. Prezident saylovida ham shunday bo’lgan edi. Biz ular hukumat tomonidan oramizga kiritilgan shaxslar ekanini bilamiz. Ularning qo’llaridan ko’p ishlar kelishini ham tushunamiz, lekin demokratiyaga umidimiz so’nmaydi”.

Tojikistonda saqlanib qolgan Kommunistik partiya faoli Luqmoniddin Kamoliddinov bu masalada juda qisqa fikr bildirar ekan, partiya pozitsiyasi hukmronlar etagida ekanligini ayon qiladi.

“Gapning rosti, bu haqda o’ylab ham ko’rganim yo’q”,- deydi u.

Jumhuriyatdagi eng faol muxolif partiya ko’riladigan Islomiy uyg’onish partiyasining mahalliy raisi Safarmahmad Abdulloyev saylov oldidan bosim oshganidan shikoyat qiladi. Biroq u umidga to'la.

“Namoyandalar Majlisiga vakilimiz bor. Hamma narsani vaziyat, sharoit hal qiladi, chunki nomzodlar masalasida, saylovda ishtirok etishda hamma taraflama tazyiqlar kuchayib ketgan. Lekin bir oydan keyin vaziyat umuman o’zgarib ketishi mumkin, hech narsa deb bo’lmaydi. Ma’rakaga munosib tayyorlanmoqdamiz, ishlarimiz yomon emas”, - deydi Abdulloyev.

Jamiyatshunos Nabiyollohi Sunnatiy mamlakatda eng muhim siyosiy ma’rakadan xalq haligacha xabarsizligini ma’rifatning pastligidan deb biladi. Xalq g’aflat uyqusida yotibdi, rasmiylar esa bundan manfaatdor, deydi u.

“Aslida ular qanday bo’lmasin, doimo xalq ichida bo’lishlari kerak. Bular esa saylovni spektaklga aylantirishmoqda. Bundan hech ko’nglim to’lmaydi, axir saylovga juda qisqa fursat qoldi, xalq hech narsani bilmaydi. Hamma o’zi bilan o’zi ovora. Ma’rifatimiz, xalq siyosiy bilimi juda ham sayoz. Bunaqada saylov saylov bo’lmaydi, tayinlov bo’ladi”.

Milliy oliygohning xalqaro diplomatiya kulliyoti bitiruvchisi Rahimberdi Quvvatov fikricha, hozir respublikada siyosiy ahvol yaxshi emas, har xil maqsaddagi guruhlar ommaviy tadbirlardan o’z maqsadlarida foydalanishlari mumkin, hukumat hushyor turishi kerak.

“Masalan, shunday buzg’unchi, terrorist guruhlar bor. Davlat tinchlik va osoyishtalikni saqlashga harakat qiladi, bo’lmasa, bu guruhlar tinch turmaydi”, - deydi u.

Uning fikricha, jurnalistlar demokratiya-ozodlik deb yozavergani bilan ish bitmaydi. Xalq bexabar bo’lsa, ularni matbuot, radio-televideniye orqali bir haftada quloqlariga quyib qo’yish mumkin.

“Ko’pam ovoza qilish shart emas, sharoit yaxshimas, hukumatning hushyor turgani ma’qul”, - deydi bo’lajak diplomat.

XS
SM
MD
LG