Breaking News

Tojikistonda saylovlar yaqin, islomiy partiyaga bosim oshgan


Dushanbe, Tojikiston
Dushanbe, Tojikiston

Tojikistonda rasman sakkiz partiya ro'yxatdan o'tgan, lekin faqat uchtasi xalq orasida ta’sirga ega. Bular hukmron Xalq demokratik partiyasi, muxolifatdagi Kommunistik partiya va Islom uyg’onish partiyasi.

Tojikistonda saylovlar yaqin, islomiy partiyaga bosim oshgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:05 0:00

2015-yil fevraliga belgilangan parlament saylovlariga tayyorgarlik boshlanar ekan, Sotsial-demokratik partiyaga bosim qo'yilmoqda. Demokratik partiya lideri Maxmadro’zi Iskandarov qamoqda. “Ozod Tojikiston” partiyasiga asos solishga uringan sobiq vazir Said Saidov esa 20 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sakkiz partiyadan faqat prezident Imomali Rahmon boshliq hukmron Xalq demokratik partiyasi va muxolifatdagi Islom uyg’onish partiyalarining doimiy faolligini kuzatish mumkin.

Aholi orasida ozmi-ko’pmi tanilgan Sotsial-demokratik partiya va Kommunistik partiya jamiyatda yetakchi kuch deb ko’rilmaydi.

Bir vaqtlar katta kuch sanalgan Demokratik partiya esa siyosiy o’yinlar sabab guruhlarga bo’linib, parchalanib ketgan. Qolgan uch partiya mahalliy ekspertlar fikriga ko’ra, shunchaki ko’p-partiyaviylik ko’rinishi uchungina qayddan o‘tgan.

Jurnalist Zohidjon Qodiriyning aytishicha, mamlakatda faqat Islom uyg’onish partiyasi real alternativ kuch hisoblanadi, shuning uchun ham hukumat aynan ularga ko’proq bosim o’tkazadi.

"O’zagi huquqshunoslardan iborat Sotsial-demokratik partiya jamiyatda ilg'or emas. Islom partiyasi esa nishonga aylangan", - deydi jurnalist.

Jamiyatshunos Valentina Doronina aytadiki, parlament saylovlari yaqinlashgani sari Islom partiyasiga bosimning kuchayishi tabiiy. "Chunki ularning jamiyatda o’z o’rni bor. Xalq ularga ergashishi mumkin", - deydi u.

“Hukmron partiya esa asosan chinovniklar-u mansab-parastlardan iborat, oddiy xalq ularni dildan qo’llamaydi. Buni o’zlari ham yaxshi bilishadi, shuning uchun ham rahbariyat har qanday yo’l bilan bu partiyani obro’sizlantirishga intiladi. Sotsial-demokratlar ziyolilar partiyasi hisoblansa-da, katta kuch emas. Qolganlari puch narsalar”.

Xatlon viloyatida ish safarida bo’lgan Tojikiston o’zbeklar markazi raisi, dotsent Ilhom Yusupovning aytishcha, u yerda ham sotsial-demokratlar alternativ kuch bo’lolmaydi. Ularni sindirishmoqda, bosim faqat islomchilarga qaratilgan, deydi u.

"Sotsial-demokratlar juda oz, ulaning borligi ham bilinmaydi. Har bahona bilan o’zlarini "piar" qilib yurishadi. Bir-ikkitasini qamab ham qo’yishdi. Ular hech narsa emas. Vah-vaha maymun. Islom partiyasidan boshqasining a’zosi ham qolmagan", - deydi olim.

Yusupovning fikricha, bugungi sharoitda hukmron partiya to’g’ri yo’l tutmoqda. "Negaki, islom nomi bilan siyosiy faoliyat yuritish jamiyat uchun xavfli", - deydi u.

Dushanbelik professor Behruz Sheromonov fikri shuki, Tojikiston uchun aslida 2-3 partiyadan ortig’i spektakl tashkil etishdan boshqa narsa emas.

Ziyoli Naimjon Boyboboyev siyosiy kurashni bolalar bog’chasiga aylantirmaslik kerak deydi.

“Bunaqa ko’p partiyalar nima kerak? Bu bolalar bog’chasi emaski, kim-nim istasa, shunaqa partiya yasab tashayversa. Shaxsan o’zimda yirik korxonam bor edi, ziyolilar to'planardik. Yoshlar ko’p edi, lekin siyosatga aralashmadik, o’yin o’ynamadik, ish bilan mashg’ul bo’ldik, maynavozchilik kimga kerak? Islom partiyasiga kelsak, bular o’zi yoshlarni qaerga boshlayapti? Aslan nima istaydi? Qachon qarasak, odamlari zinokor, terrorist bo’lib chiqadi. Hamma buzuqlik domlasidan chiqyapti. Xalq ham ahmoq emas-ku, ko’rib turibmiz", - deydi u.

Huquqshunos, “Huquq va Adolat” advokatlar buyurosi raisi Fayziniso Voxidovaning so'zlariga ko'ra, respublikadagi sistemani biron nima deb nomlab bo’lmaydi. Muxolifat iskanjada, adolat poymol etilgan, partiyalar tarqoq, bir-birini qo’llamaydi. Rahbariyat nima istasa, shuni qiladi.

"Ikki-uch hukumat gazetasini agar ko’rib chiqsangiz, har xil tuhmat-ig’vo bilan xalqni bir-biriga gij-gijlab qo’yishmoqda. Hammasi yolg’on, chinovniklarga faqat mansab bo’lsa bo’ldi. Yangi partiyalar kuch olishiga yo’l qo'yishmaydi. Guruhbozlik qilishadi, durust sotsial-demokratlarga qarshi omi ayollarni tashlashdi. Bir nimalar qilib ziyolilarni qo’rqitib qo’yishdi", - deydi huquqshunos.

Uning fikricha, xalq siyosiy uyushqoq emas, kuchli korrupsiya sabab tarqoqlik mavjud, shuning uchun ham mavjud sistema mustahkam saqlanib turibdi.

XS
SM
MD
LG