Tojikistonda saylov yaqinlar ekan, xalq orasida yangrayotgan fikrlar


Tojikistonda ayrim huquqshunoslar va nodavlat tashkilotlar siyosiy ta’qib kuchayayotganini ta’kidlashadi. Lekin mamlakatda demokratik tamoyillar mavjudligini ta’kidlovchilar ham oz emas.

Faollar taniqli tadbirkorlarga qarshi qo’zg’atilayotgan jinoyat ishlarni misol qiladi.


Islom uyg’onish partiyasi faollaridan biri, Abdullojon Ibragimovning aytishicha, siyosiy partiyalar yuridik qayddan o’tgan nizomga muvofiq ish ko’rsa-da, ayrim rasmiylar bunga qarshilik ko’rsatadi, fitnalar qiladi.

“Masalan, bizning nohiyada ba’zi bir vazifadorlar "nega yoshlar islom partiyasiga moyillik bildiradi, nega yoshlar islomda partiya yoq, bu bid’at demaydi" degan fikrlarni yoymoqda. Lekin islomdan bilimi bor yoshlarimiz har kimning aqidasiga ergashmaydi. Xoh ichkarida, xoh tashqaridan bo’lgan mehmonlarni tinglashadi, suhbatlashadi, haq bo’lsalar, qo’llashadi. Fitnalarga berilmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Islomiy partiya faollari hukumatning ayrim partiyalar liderlari va tadbirkorlarga qarshi harakatlari, bosim sabablarini faqat saylovlar bilan bog'lamaydi. Ular nazarida hukumat muxolifatning kuchayishidan cho’shiyapti.

Abdullojonning so'zlariga ko'ra, hukumat taniqli tadbirkorlar boshqa partiyalarga moliyaviy ko’mak berishi mumkinligidan hadiksiraydi.

“Ba’zi odamlarning ishi rivojlansa, puli ko’payib, o’ziga ishonchi ortib, haqqini talab qiladigan bo’lsa, hukumat zo’ravonlik, zulm o’tkaza olmaydi, bosim va tazyiqlarning sababi shu ham bo’lishi mumkin”, - deydi u.

Xalqaro "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti eksperti Stiv Sverdlov islom partiyasi gazetasi bosh muharriri kaltaklab ketilgani ortida ham siyosiy sabablarni ko’radi.

“Bo’lib o’tgan hodisa saylovlar o’tkaziladigan siyosiy muhitda odamlarning so’z, fikrlash va tashkilotlar, yig'inlar erkinligi, ularning asosiy huquqlari himoyalangan bo’lishi va ta’minlanishi qanchalar muhim ekanini ko’rsatadi. Biz Tojikiston hukumatining bu masalada siyosiy mas'uliyatini juda muhim hisoblaymiz. Siyosiy ozodlik, adolat qaror topmagan jamiyatda demokratik saylovlar o’tishiga ishonish qiyin”, - deydi Sverdlov.

Tojikiston Milliy Universiteti jurnalistika fakulteti to’rtinchi kurs studenti Shahboz Qalandarov hukumat o’ziga qarshi har qanday harakat va tashviqotlarga qarshi ish ko’rishini tabiiy hisoblaydi.

"Prezidentimiz tanlagan yo’lga halaqit beruvchilarni chiqindilardek supurib tashlashimiz kerak, lekin biz demokratiyadan uzoqlashganimiz yo’q, demokratiya ekan deb haddan oshmaslik, behudaga shovqin ko’tarmaslik kerak", - deydi jurnalistika fakulteti talabasi.

Dehqon xo’jaligi raisi bo’lgan, oliy ma’lumotli Azizmuhammad Hojiyev hukumatning bildirmasdan, sezdirmay qilayotgan bosimi mavjudligini inkor etmaydi.

"Odamlarning yig’inlar o’tkazishiga hech kim ochiqchasiga to'sqinlik qilolmaydi, lekin ba’zi joylarda bir yo’lini qilib, tazyiq yetkizishadi", - deydi u.

“Masalan, hozircha ota-onalarning mas'uliyati haqidagi qonunga ko’ra, bolalarning masjidlarga borishiga nazorat kuchli, islomiy to’ylar taqiqlangan. Lekin qonunni bilib, o’z haqlarini talab qila oladiganlar bemalol ish qilishlari mumkin”, - deb hisoblaydi u.
XS
SM
MD
LG