Breaking News

Tojikistondan mulohaza: Arab ittifoqidan naf yo'q


Saudiya Arabistoni sunniy davlatlardan iborat harbiy ittifoq tuzishi ketidan firqaviy kurash avj olishi haqidagi xavotirlarga Markaziy Osiyo ziyolilari uncha e'tibor berishmadi.

Ularga ko’ra, Saudiya yetakchiligidagi bunday ittifoq ancha oldinroq, "Islomiy davlat" deb atalmish guruh paydo bo’lishidan avval tuzilganda edi, Yaqin Sharqda vaziyat ehtimol bunchalik murakkab tus olmagan bo'lardi.

Tojikistondan mulohaza: Arab davlatlari ittifoqidan naf yo'q
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:53 0:00

Sharqshunos professor Nosir Homidiy deydiki, yangi ittifoq sunniylardangina iborat ekani buzg’unchilik hisoblanadi. Buning ortida islom yetakchilari emas, G’arb kuchlari turibdi, deydi u.

Dushanbelik Ernazar Eraliyev fikricha, islomiy alyansni tuzishda xalqaro terrorizmga qarshi kurash haqidagi gap chunchaki niqob xolos.

“Hozir butun dunyo terrorizmga qarshi urushyapti, ular terrorizmga qarshi turamiz deb boshqa narsani rejalashmoqda. Niyatlari o’zlarini mustahkam qilish, lekin ular aytgandek bo’lmaydi, ular chuchvarani xom sanabdi. Xalq bu yerda o’zi oqni-oq, qorani-qoraga ajratib olgan. Lo’nda javob shuki, hech narsa qilolmaydi. Vahobiylarni o’chog’i bizda Farg’ona bilan Namanganda, maqsadi dunyoni yondirish, lekin hech narsa qilolmaydi, tepada xudo bor”, - deydi Eraliyev.

Tojik eksperti Abdujabbor Yo’ldoshev ta’biricha harbiy ittifoq ortida Rossiyaga qarshi harakatni anglash mumkin - arab davlatlari Rossiyaning Yaqin Sharqdagi ta’siridan cho’chib, shu ishga qo’l urishgan.

“Bu narsalarning hammasi Rossiyaga bog’liq. Agar Rossiya G’arb davlatlari bilan til topishib qolsa, islom davlatlari tashkil etayotgan harbiy alyans hech nima bo’lib qoladi. Bu hammasi dunyo kuchlari orasidagi kurashdan iborat o’yinning bir sahnachasi xolos. “Islomiy davlat” degan balo chiqmasdan oldin birgalashib tashkil qilsinlar edi, nega buni oldinroq qilishmadi? Rossiya Suriyada va-bankka borib qolsa, Amerika o’sha arab davlatlari tashkil etgan harbiy alyansni Rossiyaga qarshi ishga soladi, bu juda xatarli o’yin”, - deydi Yo’ldoshev.

Uning aytishicha, Tojikiston hech qachon bunaqa harbiy ittifoqqa qo’shilmaydi, bu haqdagi so’zlarning hammasi behuda gap. Chunki o’rtada Shanxay hamkorlik tashkiloti, Kollektiv xavfsizlik bitimlari bor, Tojikiston bu masalada oqil yo’l tutmoqda, deydi u.

Huquqshunos Vohid G’oziyev ham islom davlatlari harbiy alyansidan hech qanday natija chiqmaydi, deb hisoblaydi.

“Bunaqa rejalar natija berganida edi, mana bu Suriya balosi, vatandoshlarimizni islomni tushunmay Suriyaga borishlari bo’lmasdi. Chunki islomni o’zini ichida birlik yo’q. Avvalambor biz musulmon bo’la turib, islomni asl mohiyatini bilmaymiz, soqolni qo’yish bilan, sallani taqish bilan musulmonchilik emas bu”, - deydi u.

“Bir narsa bo’lishi kerak, tinchlik bo’lishi kerak. Bironta Markaziy Osiyo davlati, Rossiyaning o’zi ham hali biror musulmon yeriga tajovuz qilgani yo’q. Hamma narsa chiqyapti o’zimizni musulmonlardan. Biz o’sha xorijiy musulmon davlatlari u qilamiz, bu qilamiz deb, qo’g’irchoq davlatlarga aylanib qolmoqda. Meni fikrimcha, alyans bo’maydi, chunki o’zlarini ichida birlik yo’q. Bo’lganda ham natija bermaydi”.

Professor Nosir Homidiyga ko’ra, Saudiya Arabistoni tuzgan alyans sunniy arablarning Yamandagi ahvoldan tashvishidan, aniqrog’i, Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlaridan kelib chiqadi.

Lekin Rossiya Suriyada uzoq urush olib borolmaydi, shundoq ham ularning iqtisodiy holati inqirozga qarab ketmoqda, deydi u.

XS
SM
MD
LG