Breaking News

Rossiyadagi saylov Markaziy Osiyo ziyolilari nigohida


Rossiya prezident uchun ovoz berar ekan, millionlab fuqarolari bu mamlakatda mehnat qilib, vatandagi oilasini boqayotgan mintaqa, xususan Tojikiston ahli jarayonni o'ziga xos xavotir, hayajon va umid bilan kuzatmoqda.

Ziyolilar orasida Vladimir Putinning tanqidchilari ham, tarafdorlari ham yetarli. Kimdir uni kuchli rahbar desa, kimdir yakkahokim deydi. Uning siyosiy va iqtisodiy dasturini maqtayotganlar ham talaygina.

Tojikistonliklar hatto o’z mamlakatidagi siyosiy tadbirlarni bu qadar diqqat bilan kuzatishmaydi. Buning ikki sababi bor.

Birinchisi, respublikadagi ishga yaroqli aholining asosiy qismi Rossiyda. Ikkinchidan, Tojikiston hali ham ko’p jihatdan Rossiyaga qaram.

Тоjikistondagi o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov nomzodlar haqida gapirar ekan, Putin ma’qul deydi.

“Proxorov Markaziy Osiyo bilan aloqalarni uzish va mehnat muhojirlarini chiqarib yuborish rejasida bo’lsa, Jirinovskiyni men eng kata millatchi deb bilaman. Sobiq KPSS rahbariyatidan ham millatchilik, rus shovinizmi hidlari kelib turibdi. Mironovda ham Putin darajasidagi muqobil programma yo’q”, - deydi Yusupov.

Tog’li Mastchoh nohiyasidagi “Payomi Ko’histoniy” gazetasi bosh muharriri Fozil Abdulloyev Rossiyadagi saylov demokratik tamoyillardan chetlashib, Putinning g’alabasini ta’minlamoqda, istasalar-istamasalar u g’alaba qiladi, deydi.

“U yangicha ko’rinishdagi ittifoq tuzish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirgan. Meni nazarimda, biz uchun shunday bo’lgani ma’qul. Chunki Tojikiston yakka o’zi hech narsaga erisha olmaydi, G’arb ta’siri kuchayib ketmoqda”.

Tojik ziyolilari Rossiyadagi saylov yangicha siyosiy texnologiyalar murakkabligini ko’rsatayotganini ta’kidlab, bu holat oqibati yaxshi bo’lmaydi deyishadi.

Ilhom Yusupov fikricha, Putin kommunizmni va’da qilib yubormoqda. Lekin uni hayotga tatbiq eta oladimi-yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi.

Muhandis Akbarsho Akobirov Putinning qayta saylanishini Rossiyada diktatorlikning boshlanishi deb baholasa, bunday idora uslubini Abdulloyev singarilar ma’qul topishadi.

“Diktator bo’lgani bir hisobdan ma’qul ham. Negaki, respublikalar parokandalashib ketganidan so’ng shunday bir parishonlik vujudga keldiki, agar qattiqqo’l bir rahbar kelib temir intizom o’rnatmas ekan, nafaqat biz balki Rossiyaning o’zi ham parchalanib ketishi mumkin. Bizga ham tayana oluvchi kuch zarur”, - deydi jurnalist.

Olim Ilhom Yusupov Rossiya bilan aloqalarda katta og’achilik emas, teng huquqlilik munosabatini olib borish zarur deb hisoblaydi.

Lekin, uning fikricha, eski tuzum tazyiqlari va hozirgi rahbariyatning o’ziga xos mentaliteti sabab bunday siyosat olib borilishiga ishonib bo’lmaydi.

Jurnalist Fozil Abdulloyev nazarida, Putin singari yetakchi siymo zarur. Biri biroviga quloq tutmaydigan bugungi zamonda ana shunday rahbar kerak, deydi u.

“Masalan bizga 8 partiya va allaqanday harakatlar nimaga kerak? To’g’ri, Rossiyadagi saylovlarni demokratiya maktabi deb bo’lmaydi, lekin markazlashgan yagona kuchning bo’lgani yaxshi”.

XS
SM
MD
LG