Sharhlovchilar: Rossiya Tojikistonga hanuz mustamlakadek qaraydi


Rossiyada ham, Tojikistonda ham ommaviy axborot vositalarida o’zaro toqatsizlikni ko’rsatuvchi maqolalarni ko’plab uchratish mumkin.

Lekin Rossiyaning dunyoga tarqaluvchi axborot vositalarida Tojikistonga nisbatan haqoratomuz chiqishlar nafaqat ikki davlat, balki xalqlar o’rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo’lishi mumkin.

Masalan, Rossiyadagi“Komsomolskaya pravda” gazetasi va saytida Tojikistonni salbiy ko’rsatuvchi yirik maqola e’lon qilingach, uning muallifiga nisbatan Tojikiston bosh prokurori jinoiy ish ochgan.

Mahalliy ekspertlarga ko’ra, ig’vogarona deb baholanadigan maqolalar davlatlararo kelishuvlarni ham yo’qqa chiqarishi mumkin.

Tojikistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zoligiga xayrixoh bo’lgan olim Usmonali Saydaliyev fikricha, Rossiya matbuotida respublika, umuman tojiklar haqida qoralovchi maqolalarning paydo bo’lishi o’zaro birlikka raxna soladi.

"Davlatimiz rahbari birlik haqida endigina bir yaxshi narsani aytaman deb turganda nima bo’ldi? Allaqanday [Sergey] Ponomaryov degani paydo bo’ldiyu, barcha iliqliklarni yo’q qildi qo’ydi. Ayni o’sha paytlarda matbuotda Yevrosiyo ittifoqi borasida Tojikiston foydasiga ijobiy chiqishlar bo’lgandi, ruslarni o’zi yozayotgandi. Bu Ponomaryov esa Rossiya va Tojikiston o’rtasidagi aloqalarni buzuvchi narsa qildi, bu - g’irt g’alamislik, ig’vo va fitnadan boshqa narsa emas", - deydi Saydaliyev.

"Komsomolskaya pravda” (KP) gazetasini Tojikistonda chop etib turgan media alyans rahbari, jurnalist Sharif Hamdampur deydiki, chet matbuotdagi har qanday qoralovchi chiqishlar aslida maxsus tayyorlanib, o’zaro do’stona aloqalarga putur yetkazadi. Xususan “KP” muxbiri Sergey Ponomaryov ham shunday qilgan.

"Tojikiston Rossiya munosabatlarining buzilishidan albatta hech kim manfaatdor emas. U o’zi buzg’unchi odam, fikrimcha. Qandaydir masonlar guruhi, qandaydir topshiriqni bajaradi", - deydi Hamdampur.

Usmonali Saydaliyev fikricha, Tojikistonga mustamlaka mamlakatdek qarash qo’pol xato bo’lib, ayrim rus jurnalistlari muayyan topshiriqni bajaradilar.

"Hozir gap qandaydir banan mamlakatlari yoki mustamlaka o’lkalari haqida emas, ikki mustaqil davlatlar orasidagi munosabatalarda ketmoqda. Bilasizmi, g’alamisning maqolasi Yevrosiyo iqtisodiy tashkilotiga Tojikistonning qo’shilishi borasida ruslarning o’zi ijobiy chiqishlar qilgan paytda Tojikistonda e’lon qilindi. Bu esa rus-tojik munosabatlariga zarar keltirish uchun qasddan tayyorlangan narsadan boshqa narsa emas", - deydi u.

Rus gazetasidagi maqola sabab Moskvada o’tkazilgan radio-muloqotda Rossiyadagi “Tojikiston” jamg’armasi boshlig’i, “Rosiya umumiy uyimiz” umumrus tashkiloti vitse-prezidenti, tojkistonlik Gavhar Jo’rayeva o’zaro munosabatlarning nozik jihatlariga e’tiborli bo’lish zarurligini ta’kidlaydi.

"Hozir hammamiz ham oson bo’lmagan bir pallada turibmiz, jumladan Rossiya ham, bizning Yevropa bilan muammolarimiz ham. Agar biz tilimizni dushmanona muomaladan tiyib, o’zimizdagi kimlargadir yoqmaydigan g’ururni bosishga, bardoshga o’rganmas ekanmiz, hozirgi sharoitimizda bu yaxshilikka olib kelmaydi", - deydi Gavhar.

Uning bosiqlik bilan qilgan zukko gaplariga javob qilgan Ponoaryov esa Tojikistonni davlat sifatida yana haqoratlaydi.

"Mamlakatning hech qanday yutuqlari yo’q, mamlakat tilanchilar davlatiga aylangan. Mamlakat sadaqalar, xalqaro ko’maklar hisobiga yashamoqda. Buning ustiga bu ko’maklarni qaytarishni o’ylashmaydi ham", - deydi Ponomaryov.

Tojikistondagi o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov mavzu to’g’risida so’zlar ekan, mamlakat siyosatida bu borada tolerantlik kuchliligini urg’ulaydi.

"Kimlardir bizning ishlarimizdan, olib borayotgan siyosatimizdan qandaydir dushmanona fikrlar yuritishi mumkin, boshqacha falsafa to’qishi, boshqacha qarashlar qilishi mumkin.Lekin agarda birorta davlat, menimcha, bizga o’zini hukmini o’tkazadigan bo’lsa, qarashlarini, g’oyalarini yuritadigan bo’lsa, har qanday holatda ham biz o’shanday davlatlarga g’oyaga qarshi g’oya, fikrga qarshi fikr bilan javob bera olamiz", - deydi Yusupov.

Gavhar Jo’rayeva fikricha, har qanday davlatda insonlarga munosabatda uning diniy aqidalari, qarashlariga hurmat bilan qarash kerak bo’ladi. U aytadki, qars ikki qo’ldan, har narsaning javobi bo’ladi.

"O’z izzat-nafsiga ega musulmon uchun, umuman, har qanday millat vakilida shunday iboralar borki, ularni ishlatish kishiga ozor yetkazadi. Ozorlik yetgan joyda esa odamlar noroziligi kelib chiqadi", - deydi u.

Shu o’rinda rus jurnalisti nafaqat Tojikistonni, balki muhojir fuqarolarni izzat nafsiga tekkan, bu esa har ikki tomon noroziligiga sabab bo’lgan, deydi Gavhar.
Ba’zi mahalliy ekspertlar Rossiya ommaviy axborot vositalarida paydo bo’layotgan aksiltojik chiqishlar davlat siyosatini anglatmaydi desalar-da, boshqalari aynan shu chiqishlar rus hukumatiningTojikistonga munosabatini anglatadi va hatto mallatlararo adovat va urushni, diniy toqatsizlikni keltirib chiqaradi, deyishadi.

Ular fikricha, Rossiya siyosatmadorlari Tojikistonga hanuz mustamlakadek qarashdan voz kechmaganlar.

XS
SM
MD
LG