Rossiyaga qarshi sanksiyalar Markaziy Osiyoda ham ta'sirini ko'rsatmoqda


Moskva, 1-dekabr, 2014

Moskva, 1-dekabr, 2014

Ukrainaga nisbatan aggressiyasi sabab G'arb Rossiyaga qo’ygan sanksiyalar ta’siri Markaziy Osiyoda ham sezilmoqda, jumladan Tojikistonda. Rossiyadagi mehnat muhojirlarining ne mashaqqat bilan ishlab topgan pullari qadrsizlanib, mahalliy bozorlarda narx-navo ham ancha ko’tarilgan.

Tojikiston Islomiy uyg’onish partiyasi faoli Safarmahmad Abdulloyev hukumat bundan tegishli xulosalar chiqarib olishi zarur deydi.

“Ukraina urushini tushunmadim, yarmi Rossiya deydi, yarmi o’z Ukrainasini xohlaydi... Aslida Ukraina-ku, mustaqil davlat, uning yeri bo’lsa, o’zini davlati bo’lsa, xalqi nima istasa shu bo’lsin. Nega ko’pchilikka qarshi borish kerak? Unga boshqalar hadeb o’z hukmini o’tkazaversa, urush bo’laveradi, buni orqasidan biz zarar ko’ryapmiz. Rossiyada yurgan mehnat muhojirlarimiz topgan pul bir tiyin bo’lmoqda. Sanksiyalar davom etaversa, Rossiyani orqasidan biz ham o’tirib qolamiz-ku. Hukumatimizning tegishli vazirliklari va migrasiya xizmati ishchi kuchlarimizni boshqa tomonga yo’naltirish haqida allaqachon bosh qotirishlari kerak edi, Rossiyaga bu qadar bog’lanib qolish oqibati mana shunaqa bo’ladi“,- deydi Abdulloyev.

Dushanbelik mustaqil jurnalist Humayro Baxtiyor fikricha, Ukraina G’arb va Rossiya manfaatlari to'qnashayotgan joy, aziyatni oddiy xalq chekmoqda.

“U yerda Rossiya bo’ladimi, boshqa davlatlarmi, ular Ukrainani saqlab qolish uchun emas, o’zlari uchun kurashmoqdalar. Ukrainadan o’z manfaatlari uchun foydalanishni istaydilar”.

Sanksiyalar bois Rossiya iqtisodiy-moliyaviy ahvoli yomonlashib, Tojikistonda ham xalqning to’lov qurbi pasayib ketmoqda.

Xarid qilaylik desak, dollar qimmat, xalq azobda, deydi valyuta sotuvchi Faxriddin Bekov.

“Bu yerda 6-7 million odam bo’lsa, bir million Tojikistonda ishlaydi, qolgani hamma Rossiyada. Orada biz, tojikistonliklar, katta talofot ko’rmoqdamiz. Muhojirlarimiz topayotgan pul qadrsizlanib ketmoqda. 1000 rubl 100 somonga tushib qoldi. 100 dollr 550 somonga chiqib ketdi. Buning hammasiga Ukraina voqealari sabab bo’lmoqda. Bu ketishda Rossiyaga qo’shilib Tojikiston iqtisodi ham katta zarar ko’radi”,- deydi tadbirkor.

O’zbek mutaxassis, jamiyatshunos O’tkir Turaboyev esa Rossiya qudratini eslatadi. Tashqridagi ruslarni harbiy, iqtisodiy va moliyaviy jihatdan o’z himoyasiga olish imkoniyatlari bor, deydi u.

“Avval hech qanaqa texnika, hech qanday fuqorolarimiz yo’q deyishdi. Keyinchalik esa ko’ngillilar yordam berish uchun kirgan deyishdi. Ixtiyoriy ravishda kirganlar ham masalan, 5-10 emas, minglab odamlarni tashkil etadi. Donbass bilan Luganskdan qaytar-qaytar bo’ldi-ku, qarshu hujumga o’tib. Manimcha, Rossiya baribir yordam beraveradi, chunki, u erda asosiy aholi ruslar. Rossiyadan boshqa kim ham ularga yordam berardi? Masalan, gumanitar ko’maklar ham bir yordam-da. Donetsk va Luganskda ayrim zavodlar bor, o’sha texnikalar ta’miri, ularni ishga solish… Transformatorlarni olib borishmoqda, qo’yib ishlatishadi misol uchun. Bularning hammasi keng ko’lamda amalga oshirilmoqda”.

Jurnalist Humayro nazarida, Rossiyaning Ukrainadagi qilmishlari ko’pchilikka kundek ravshan bo’lsa-da, urushdan ulargina manfaatdor emas.

"Bu yerda Yevropa, Amerika, hamma o’z manfaati uchun harakat qilmoqda-yu, o’rtada ukrain xalqi jabr ko’rmoqda. Ukrainani tushunsa bo’ladi. Ular Yevropaga intilmoqda. Ular o’zlari istagan yo’ldan ketishlariga xalaqit bermaslik kerak, shuni xohlasalar. Bu - ularning tanlovi, ularning haqqi. Ishni urushgacha olib bormaslik kerak edi",- deydi u.

Mahalliy tahlilchilarga ko’ra, Ukraina masalasida Rossiya o’z bilganidan qolmaydi, sanksiyalar davom etaveradi. G’arb va Rossiya o’rtasidagi bu kurash biror ijobiy natija bermaydi, o’rtada xalqning qiynalgani qoladi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tojikistonliklar.

Tojikistonning svetsiz xonadonlarida

Tojikistonning svetsiz xonadonlarida

XS
SM
MD
LG