Breaking News

O'zbek faolining yo'qolishi siyosatga bog'lanmoqda


Xatlon viloyati O‘zbeklar jamiyati raisi Salim Shamsiddinov
Xatlon viloyati O‘zbeklar jamiyati raisi Salim Shamsiddinov
Tojikistonda bu yil kuzda prezidentlik saylovi o’tishi kutilar ekan, ayrim siyosiy partiyalar, mahalliy yetakchilar va nodavlat tashkilotlarga tazyiqlar kuchaygani aytilmoqda.

Tojikistonlik o'zbek faoli taqdiri, Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:36 0:00
Yuklab oling

Ba’zi kuzatuvchilar fikriga ko’ra, Xatlon viloyati O’zbeklar jamiyati raisi Salim Shamsiddinovning bedarak ketishi saylov arafasida siyosiy kurashning avj olayotganidan dalolatdir.

U shu yilning 15-martida yo'qolgan edi. Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar hamda ba’zi mahalliy guruhlar Shamsuddinov taqdiridan xavotirda.

Bu ish nafaqat respublika, balki chetda ham ko’pchilikning diqqatini tortmoqda. Xususan, inson huquqlarini himoya qiluvchi “Amnesty International” xalqaro tashkiloti alohida bayonot bilan chiqdi.

58 yoshli faol mahalliy liderlardan sanaladi. Bir yilcha muqaddam poytaxt Dushanbe markazida qattiq kaltaklab ketilgan edi. Yaqinlari deydiki, Shamsiddinovning yo’qolishi ortida siyosiy sabablar bo’lishi mumkin.

Respublika O’zbeklar jamiyati raisi Muxarrama Mirzoaliyeva va uning o’rinbosari Baxtiyor Mo’minov esa bu fikrga qo'shilmaydi.

“Amerika ovozi”ga bayonot berarkan, Mirzoaliyeva:

"Biz Shamsiddinovning ba’zi faoliyatlarini qo’llamasligimizni unga oldindan aytganmiz. Uning birlashgan muxolif kuchlar orasidagi ishini o’zbeklar jamiyati faoliyatiga daxlsiz deb hisoblaymiz. Lekin shaxs sifatida Salim Shamsiddinovning yo’qolishidan qayg’urib, bu ish Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan batafsil o’rganilishini so’raymiz”, - deydi.

Tojikiston shimolidagi O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov janubdagi o’zbeklar lideri taqdiridan tashvishda. Lekin:

“Oldingi bir mojarodan so’ng jamiyat raisi unga raddiya berib, jamiyat a’zoligidan chiqarib tashladi. Vaholanki, tashkilot o’z a’zosini himoya qilishi kerak edi. Birinchi masala shuki, o’z a’zosini himoya qilishga iqtidori bo’lmagan tashkilot kimga kerak va bundan nima kutish mumkin? Ikkinchu masala shuki, Ichki ishlar boshqarmasi biron xulosa bermaguncha bir nima deb bo’lmaydi. Ba’zilarning bu voqeani bo’rttirishi noo’rin, Sababiki, bundan mumkin qadar kimdir foydalanib, mojarolar yasash uchun kurashmoqdadir balki. Biz hali bu odamning haqqoniy siyosiy qarashlarini biron joyda ko’rmaganmiz, matbuotlarda tanqidlar qilib ishlashi bu siyosiy qarashlarni anglatmaydi”, - deydi Ilhom Yusupov.

Tojikiston Umummilliy sotsial demokratik partiyasi raisi Rahmatullo Zoirov nazarida Shamsiddinovning g’oyib bo’lishi uning siyosiy faoliyati bilan bog’liq. So’ngi paytlarda mamlakat janubida hukumat tazyiqi tobora kuchayib borayotgani buning yaqqol dalili, deydi u.

Aytish joiz, muxolif kuchlar aynan Zoirovni prezidentlikka nomzod sifatida tanlaydi degan taxminlar bor.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Shamsiddinov janubda yashovchi o’zbeklar huquqboni sifatida ochiq chiqishlar qilishni rejalab yurgan va bu uning o’g’irlanishiga yetaklagan.

Mahalliy ekspert Valentina Doronina voqeada siyosiy sabab ko’rmaydi. Uningcha, bu ishda sun’iy tashviqotning o’rni kuchli va buni o’zbeklar jamiyatining o’zi bo’rttirayotgan bo’lishi mumkin.

O’zbeklar jamiyati bu iddaoni rad etadi.

Rus tahlilchisining fikricha, masalaga milliy tus berishga urinayotgan qandaydir uchinchi kuchlar bo’lishi mumkin va unga hukumatning daxli yo’q.

“Hozir xalq orasida aytilayotgandek, prezidentlik saylovi yilida hukumatga bunday boshog’riq umuman kerak emas. Buning ortida qandaydir uchinchi kuchlar bor va ular birinchi o’rinda, aytaylik, o’zbek-tojik o’rtasiga olov yoqishdan manfaatdor”, - deydi Doronina.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG