Tojikiston ahli: Hukumat diniy partiyani bosimga olib jamiyatni parchalayapti


Tojikistonda so'nggi parlament saylovlari ketidan mintaqada yagona qonuniy islomiy partiyaga tazyiqlar kuchaydi. Partiya raisi bir necha oydirki, xorijda yashamoqda. Tojikistonning rasmiy va norasmiy matbuotida radikal qarashlarga qarshi materiallar ko'paygan, mutaassib yoshlar nazoratga olinmoqda. Ayrim tahlilchilar so'zlariga ko’ra, hukumat idoralarining bu sohada keragidan ortiq harakatlari teskari natija berishi mumkin.

Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda yaqinda o’tkazgan matbuot yig’inida jurnalistlarga Suriyadagi jangarilarga qo’shilganlarning soni qariyb 520 kishi, dedi. 150 tasi o’ldirilgan, 35 kishi turli yo’llar bilan vatanga qaytarilgan.

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, davlat rahbarlarini tushunsa bo’ladi. Noshir Hakim Zokir hukumat doiralarining bu masalada ko’rayotgan tadbirlarini oqlab, radikal qarashlarni xavfli hisoblaydi.

“O’z boshlarini yo’qotgan radikallar kundan-kun obod bo’lib, taraqqiy etayotgan davlatimizga juda ham katta salbiy ta’siri bor. Bular miyamizni bir tomondan band qiladi, fuqarolar urushidagi voqealarni ko’z oldimizga keltirib, yana takror bo’larmikan degan tashvishlar paydo bo’ladi. Bular juda katta xavf”, - deydi Hakim Zokir.

Tojikiston islomiy uyg’onish partiyasi faoli O’ktambek Pirnazarov rasmiylarning bugungi muomalasini noxolis hisoblaydi.

"Biz radikallar emasmiz, bu hukumat bizni siyosatdan chetlatmoqda, liderlarimizni yo’q qilmoqda. Aksincha, biz ularni qoralasak yarashadi, orada xolislik emas, dushmanlik ustunlik qilmoqda", - deydi O'ktambek.

Huquqshunos Fayziniso Voxidova fikricha, rahbarlar siyosat bilan din o’rtasida tafovutni anglamay qolgan.

“Hukumat bir siyosiy harakatni diniy tashkilotdan farqlay olmayapti. Shuning uchun ham bugun hukumatning islom partiyasi bilan to’qnashuvi o’rtada siyosiy kurashni chalkashtirib yubormoqda”, - deydi u.

"Rasmiylarning legal diniy partiyaga tazyiqi jamiyatni parchalashga olib boradi. Bu juda jiddiy narsa, buni tushunishlari kerak. Men bizdagi amaldor siyosatchilarning bu darajada kalta o’ylashlaridan hayratdaman", - deydi huquqshunos.

So'g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, dotsent Ilhom Yusupov fikricha, Suriyada jangarilarining harakati, Rossiya-Ukraina ziddiyati fonida Tojikiston hukumatining dindorlar va islom partiyasiga munosabati hozirgacha ayri turgan radikal va birmuncha mo’tadil muxollif kuchlarni birlashtirish mumkin. Hukumat o’zini o’zi boshi berk ko’chaga kiritib qo’ygan.

"Aslida bugungi holatda o’zlari aybdor, hukumat vaqtida shoshilib, dindorlaga keng imkoniyatlarni yaratib berdi. Ular bundan foydalanib, o’z mavqeini kuchaytirdi, tarafdorlarini ancha ko’paytirdi. Xalqning noroziligi oshib borayotgan pallada "Islomiy davlat"ning, boshqa guruhlarning paydo bo’lishi, aynan islomiy guruhlarning o’shalar bilan birlashishiga imkoniyat yaratib berdi", - deydi Yusupov.

Uningcha, islomiy partiya raisi Muhiddin Kabiriy va unga yaqin liderlar chet elda qolayapti va bu hol barcha oppozitsiya kuchlarining birlashishiga sabab bo’ladi. Dard va alam barcha davrlarda odamlarni hamjihatlikka undagan.

Tojikiston shimolidagi “Jurnalistika va demokratiya” jamoatchilik tashkiloti rahbari Farruh Ahrorov aytadiki, ayni pallada jamiyat va hokimiyat o’rtasida dialog zarur, tushunchalar hamohangligini topish kerak. Uning fikricha, taraqqiy etmagan jamiyatda machitlarda hukumat odamlarining chaqiriqlari, tortishiv va targ’ibotlar kishining asabiga tegadi, ranjitadi.

"Lekin jamiyatimizda bugun diniy terrorizm, ekstremizm rivojlanmoqda deyish ham to’g’ri emas. Yoshlarimizni mutaassiblikda ayblab bo’lmaydi. Bu umuman boshqa narsa. Muammo shundaki, xalq va hokimiyat o’rtasida ko’prik, aloqa yo'q, xalq o’z holicha yashamoqda, ijtimoiy adolatdan gapirib bo’lmaydi. Jamiyat va hukumat o’rtasida dialogni boshlash zarur. Hukumatda qo’rquv bor xolos. Rasmiylar o’zlaridagi qo’rquvni dindorlarga qarshi kurash bilan pana qilayapti, ammo buni yashirib bo’lmaydi", - deydi Ahrorov.

Ba’zi tahlilchilar nazarida Tojikistonda butun xalq go’yo qandaydir tahlikani kutayotgandek. Sabab, deyishadi ular, xalqning mavjud sistemaga ishonchi so’nib bo’lgan, davlatdan hech bir kafolatni olib bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG