Tojikistonda o'zini o'ldirish hollarining asosiy sababi yetishmovchilik


Markaziy Osiyo davlatlari orasida o’z joniga qasd qilish holatlari ayniqsa Tojikistonda yuqori. Shimoldagi So'g’d viloyati bu borada peshqadam. Viloyat hukumati jamiyatdagi bu salbiy holatlardan tashvishlanib, bir qator tadbirlarni amalga oshirishga harakat qildi, lekin ahvol yaxshilanmadi. O'z joniga qasd qilganlar orasida 10 yoshli boladan tortib 30-40 yoshli yigit va qiz-juvonlar bor.

O’tayotgan yil mobaynida Tojikistonda 500 dan ortiq suisid holatlari qayd etilgan bo’lib, bular orasida o’smirlarning ko’payayotganligi tashvishlidir.

Spitamen nohiyasidan tajribali shifokor, oliy toifadagi psixiatr Xolmurod Maqsudov susidning ildizini muhit va sharoitga baho berolmaslikda, qashshoqlik sabab ruhiy iztiroblarda va ayrim holatlardagina irsiy omillarda ko’radi.

"Irsiy holatlar ba’zilardagina kuzatiladi, sharoit sabab ich siqilishi, kayfiyatning o’zgarishi, pastlab ketishi, boquvchisini yo’qotishdagi ruhiy iztirob ham suisidga sabab bo’ladi. Oilaviy sharoitning nochorligi sabab ro’zg’ordagi kelishmovchiliklar, ota-ona bilan farzand o’rtasidagi kelishmovchiliklar, o’smirlarning balog'atga yetayotgan o’tish davrida bunaqa holatlar ko’p paydo bo’ladi. Ichi siqiladi, qo’rquv-vahima paydo bo’lishi mumkin, yashashga qiziqishning so’nishi sabab fikru-xayoli o’zini bir yoqlik qilishda bo’ladi, yashashdan foyda yo’q degan fikrlar paydo bo’ladi. Ruhiy o’zgarish bor albatta, ammo buni ruhiy bemor deb bo’lmaydi, chunki aqli raso odamlar shu ishni qilib qo’yadi. Lekin irsiy moyillik tufayli ham qo’qqisdan shunday holatlar paydo bo’lishi mumkin. Shuning uchun psixiatr shifokorga, psixologga murojaat qilishdan odamlar cho’chimasligi kerak. Bizda ota-onalar psixiatr so’zini eshitishi bilan “iye, bu devonalar shifokori-ku, men devonami yo bu devonami deb o’zini olib qochadi, bunday qilmaslik kerak", - deydi malakali mutaxassis.

Uning fikricha, o’rta maktablarda psixologiya sinflarini tashkil etish zarur. Nohiya prokuraturasi xodimi Jahongir ham shunday fikrlaydi.

"Jamiyatimizdagi bugungi sharoitdan kelib chiqib aytamanki, aqalli nohiya markazlarida psixologiya xonalarini tashkil etsalar yaxshi bo’lardi, bu zamon talabi. Tojikiston jinoyat kodeksida o’z-o’zini o’ldirishgacha olib borganlarni javobgarlikka tortishga maxsus modda bor. Lekin mentalitetimizdan kelib chiqib, bu kabi hodisalarning hammasi ham chuqur o’rganilavermaydi, yopiqlik qozon yopiqligicha qolib ketadi", - deydi huquq himoyachisi.

Zafarabod nohiyasidan mahalla qo’mitasi faoli Ashraf Xotamov o’smirlarning o’tish davrida ota-onalarning o’z farzandlariga ehtiyotkorlik bilan muomalada bo’lishi zarurligini ta’kidlarkan, oiladagi yetismovchilikdagi g’urbatlar sabab vahimaga tushib qoluvchilar bor, buni xalqimizda “vahmak” deyishadi, suisidga shu ham sabab bo’lishi mumkin, deb fikrlaydi.

"O’smirlarning o’tish davrida ota-onalar ularning ruhiyatiga qarab muomala qilishlari, ish tutishlari kerak, ko’pi muhitga bog’liq. Bolalar tengqurlari kiygan qimmat kiyim-boshni istaydi, otasidan talab qiladi. Qashshoqlik sabab olib berisholmagach, bolani ko’ngli o’ksib, yashash sharoiti, muhit, yetishmovchilik ham suisidga olib boradi", - deydi Xotamov.

O’rta umumta’lim maktablaridan birida dars beruvchi o’qituvchi oiladagi haddan ortiq og’ir nochorlik yoshlarga qattiq ta’sir etishini aytadi. Bu maktabdagi o’quvchi norasida qiz o’z bo’yniga sirtmoq solib, hayotdan ketgan.

"Ana shu qizcha doim mehnat ostida edi, men unga bir-ikki marta sen buncha pul deb ishlaysan, axir bu senga kerak emas-ku, qiz bola bo’lsang, sholiga borma, oyoqlaring, beling og’riydi, kelajakda ona bo’lishing kerak, desam, “ehh, muallima, akam qarzga mashina olgan, boshqasi Rossiyada, pul kelmaydi, dadam arava tortsa, nima qilay? deb aytardi. Hayron bo’lib, ichlarim ezilib ketardi", - deydi o’qituvchi.

Xo'jandda o’zini molxonada osgan oliygohning II-kurs talabasi haqida qishloqda turli gap-so’zlar ko’paydi, bilib-bilmay xotin-qizlar aybni uning o’zidan izlaydilar. Mintaqaga xos mentalitet sabab xalq orasida “eshitdingmi, falonchi o’zini osibdi, pismadonchini bir aybi bordir-ki, shunaqa qilgan” qabilidagi turli mish-mishlar ko’payadi.

"Biror ayb ishi bordir-da, shu aybimni birov bilmasin deb o’zini-o’zi shunday qilgandir-da, bo'lmasa yashash kerak-ku yorug’ dunyoda. Nega unaqa qilarkan deymiz biz ham", - deydi xotinlar.

Yoshlarning ixtiyoriy o’lim topish sabablarini izohlarkan, oliy ma’lumoti bilan uy bekasiga aylangan Maqsuda opa hech kim o’zini osmasin, olovda yoqmasin, shulardan juda diqqat bo’laman, ular o’z dardlarini aytsin, deydi va turmushning o’ta nochorligidan noliydi.

"Yetishmovchilik ham bo’lyapti, bir xil ayollar qiynalyapti, pul yo’q, bolani boqish kerak. Bir nima yemasa yasholmaydi. Mana hozir hamma bir xil emas, besh qo’l barobar emas, birovda bor, birovda yo’q, zamon hozir shunday ukajon", - deb xo’rsinadi Maqsuda opa.

Tojikistonda suisid mavzusida qator maqolalar yozgan bir mahalliy jurnalistning aytishicha, jamiyat taraqqiy etmas ekan, iqtisodiy ahvol yaxshilanmas ekan, xalq orasida ruhiy zo’riqish, hayotdan bezish hollari kamaymaydi.

XS
SM
MD
LG