Breaking News

Tojikistonda sunniy-shia ziddiyati yuzaga kelishi mumkinmi?


Tojikistonning Tog'li Badaxshon muxtor viloyati
Tojikistonning Tog'li Badaxshon muxtor viloyati

Tahlilchilarga ko'ra, Yaqin Sharq va Yamanda davom etayotgan fuqarolar urushi sunniylar va shialar o'rtasidagi kelishmovchiliklarni avj oldirishi mumkin. Markaziy Osiyoda shialar, asosan, Tojikistonning Badaxshon viloyatida yashashadi. Markaziy hukumat roziligi bilan Dushanbeda shia mazhabidagi ismoiliylar uchun alohida markaz qurilgan. Tojikiston Badaxshoni Sho’rolar davrida ham, mustaqillikdan so’ng ham muxtoriyat sifatida boshqariladi. So'nggi yillarda muxtoriyatni tugatish haqida fikrlar yangramoqda, lekin hukumat ularni e’tiborsiz qoldirmoqda.

Tojikistonda mazhablararo ziddiyat, Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:03 0:00

Tojikistondagi ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Arabiston yarimorolidagi mazhablar o'rtasida kuchayayotgan ziddiyat Markaziy Osiyoga, jumladan, Tojikistonga ta’sir o’tkazishi ehtimoli bor.

Mintaqada shialar eng ko’p Tojikistonning Badaxshon viloyatida yashaydi. Ularning nufuzi 300 mingga yetadi. Shuningdek, shialar Buxoroda va Samarqandda ham bor.

Tojik tahlilchilariga ko’ra, bir joyda to’plangan shialar mavjud hukumatga qarshi birlashib, muammo tug’dirishi mumkin. Tojikistondagi Tog’li Badaxshon muxtor viloyati ana shunday nozik hudud hisoblanadi.

"Negaki, faqat Badaxshondagina bu omildan foydalanish imkoniyati mavjud, buni nazardan chetda qoldirib bo’lmaydi", - deydi ismini bildirishni istamagan tojik tahlilchisi.

Tojikistonda yashab, bir nehca bor Badaxshonga safar qilgan Anatoliy Hayimshoev u yerdagi shia musulmonlar sho’rolar davrida ham markaziy hokimiyatga u qadar bo’ysunmaganini aytadi. Uning fikicha, Yamandagi mazhabiy bo’linish Markaziy Osiyoga ham ta’sir etishi mumkin.

"Tojikiston Badaxshonida 500 mingga yaqin badaxshonlik bor, buning 70 foizi shialar, ular ayricha yashashadi. Badaxshon xalqi mag’rur va markaziy hukumatga bo’ysunmaydigan xalq, shuning uchun ham ularga alohida tog’lik xalq sifatida qarashga o’rganib qolishgan. Hatto sovet hukumati ham ularni oxirigacha bo’ysundirolmagan, muxtoriyat berib qo’yishgan", - deydi u.

Yamandagi voqealarga kelsak, bu Markaziy Osiyoda ham aks sado berishi mumkin, chunki Tojikiston Badaxshonida o’tgan yillar sodir bo’lgan voqealarni eslashning o’zi kifoya, deydi kuzatuvchi.

Farg’ona vodiysida sunniylar ko'pchilikni tashkil etsa-da, oddiy xalq orasida haligacha shia udumlari saqlanib qolgan. Bularning hammasi xalq orasida o’ziga xos ta’sir kuchiga ega; buni bilganlar va tadqiqot o'tkazganlar yo’q emas, deydi Hayimshoev.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi Sug’d viloyati raisi Abbos Rajabzoda mazhablar orasidagi jangni uzoq yillarga cho’zilishi bilan juda xatarli deb biladi.

"Bu tarixda qavmlar va mazhablar orasidagi urushlar bor. Qavmlar o’rtasidagi jang qisqa o’tadi, ammo mazhablar orasidagi janglar 50-100 yillarga cho’zilishi mumkin. Hozirgi islom dunyosidagi mazhablar urushini oladigan bo’lsak, buni shunday qilishdiki, ular hatto bir-birlarini ko’rgisi kelmaydigan darajaga yetishdi. Shia sunniyni va yo sunniy shiani o’ldirsa vojib hisoblanadigan bo’ldi. Ayni shu tafriqa bilan islom olamiga ayrilik solishmoqda. Masalan, Amerika Iroqga oldin mazhabiy bo’linishga erishgandan so’ng bostirib kirdi, bundan foydalandi. Bunday mazhablar urushidan Xudo o’zi bizni asrasin", - deydi mulla Abbos.

Islom partiyasidan Tojikiston parlamentiga nomzod bo’lgan Mirzoqul Hojimatov ba’zi ekspertlarning Badaxshondagi shialar orasida norozilik kuchaytirilishi mumkinligi haqidagi fikrlariga qo’shilmaydi. Yamandagi urush sun’iy yaratildi, deydi u.

"Tojikistonda bunday xafv yo’q, islom bahslari ming yildan beri bor, bu yangi gap emas. Mazhabiy talash Tojikistonda yo’q, axir 99 foiz aholi sunniy mahzab bo’lsa, nima bo’ladi? Hamma qariyb bir mahzab. Pomir o’zi kamchilik, biror kishi pomirlik shianing ortidan ergashmaydi. Ular juda ham yaxshi sharoitda yashaydi. Yamandagi mazhablar jangi, bu hammasi to’qson foiz shubha borki, chetdan qilingan ishlar bu, sunniy va shialar orasiga olov tashlaganlar, - deydi Hojimatov.

Dushanbedan Islom partiyasi siyosiy sho’rosi a’zosi Hikmatullo Sayfullozoda islom olamidagi mazhabiy kurash ko’rinishlari bizning yurtda ham bo’lishiga hech qanday sabab yo’q, deb aytadi.

"Islom dunyosida bo'layotgan hozirgi ishlarning albatta siyosiy jihatlari bor, ya’ni bunda tashqi kuchlarning ta’siri seziladi. Ammo mazhablar o’rtasidagi kurashni bizdagi ismoiliylarga tatbiq etolmaydilar. Bu - mumkin bo’lmagan ish. Badxohlar masalan, mahalliychilik omillarini tashqaridan turib ishga solishlari mumkin, ammo bizda hech qachon mazhablar o’rtasida kurash bo’lmagan va bo’lmaydi ham", - deydi Sayfullozoda.

XS
SM
MD
LG