Tojikiston eng baland flagshtoki bilan Ginnesga kirdi

  • James Brooke

Dushanbe

Dushanbe

Eng kambag’al davlatlardan biri hisoblanadigan Tojikistonda dunyodagi eng baland bayroq hilpirab turibdi. U o’rnatilgan tik xoda namuncha novcha deb bu mamlakat ahlining o’zi ham hayron.

Flagshtokning bo’yi 165 metr. O’tgan oy u Jahon Ginnes kitobiga kiritildi.

Temir uskunani Deyvid Chambers, amerikalik muhandis, ishlagan.

“Bizni yollagan tomonlarga har doim shuni aytamizki, bu flagshtoklar Ginnes kitobi uchun emas. Biz uni siz uchun, xalqingiz uchun o’rnatayapmiz”,- deydi u.

Chambers “Amerika Ovozi” ni flagshtokning tepasiga olib chiqdi.

U bir necha qismdan iborat bo’lib, aslida Birlashgan Arab Amirliklarida, Dubayda, ishlangan. Keyin dengiz orqali Eronga, u yerdan esa yuk mashinasida Turkmaniston va O’zbekiston orqali Tojikistonga olib kelingan.

Tojikiston ahli, tabiiyki, bu inshoot bilan faxrlanishini aytadi.

Pomir tog’lari bag’rida katta bo’lgan talaba yigit, Barbiy Mahmud, bu flagshtok va bayroq g’ururimizni yanada ko’tarib yubordi, deydi.

“Shuni ko’rish uchun keldim o’zi. Mana shu flagshtok orqali Tojikiston dunyoga yanada tanilsa ajabmas”, - deydi u.

“Ginnesga tushibdimi, demak, endi hamma bu haqda biladi”.

“Millatimiz timsoli bu. Buni hech qanday moddiy boylik bilan qiyoslab bo’lmaydi”,- deydi yana bir tojikistonlik.

9-sentabr kuni, Mustaqillik bayramida yoshlar uzunligi 2011 metrlik, og'irligi 860 kilogramga teng bayroq ko'tarib chiqdi

9-sentabr kuni, Mustaqillik bayramida yoshlar uzunligi 2011 metrlik, og'irligi 860 kilogramga teng bayroq ko'tarib chiqdi

Lekin qiyoslayotganlar Tojikistonda talaygina. Mustaqillikning 20 yilligini nishonlash uchun 210 million dollar ajratilgan bo’lsa, uning 3,5 millioni aynan mana shu flagshtok uchun sarflangan. 210 million dollar Tojikiston yillik byudjetining 10 foizi.

Kunini zo’rg’a ko’rayotgan xalq uchun bu katta gap, deydi Zafar Abdullayev, internetda o’tkir sharhlari bilan tanilgan blogger.

“Yurtimiz sobiq Sovet davlatlari ichida eng qashshoqlaridan. Korrupsiya darajasi jihatidan ham birinchi o’rinlarda turamiz. Mana shunday bir holatda shuncha pulni osmonga sovurayapmiz. Menimcha, jamoatchilik buni ko’rib, afsus deydi. Qish kelayapti, odatda elektr tokisiz rosa qiynalamiz. Hozir bunday xarajatlarning mavridi emas”, - deydi Zafar Abdullayev.

Muxolifat a’zosi Muhiddin Kabiriy fikricha, Tojikiston hukumati bu flagshtokni qurib, boshqalardan kam emasligini ko’rsatmoqchi xolos.

Kimdir milliy g'urur haqida gapirsa, boshqalar shuncha pulni xalq ranvaqi uchun ishlatsak bo'lmaydimi deya so'raydi

Kimdir milliy g'urur haqida gapirsa, boshqalar shuncha pulni xalq ranvaqi uchun ishlatsak bo'lmaydimi deya so'raydi

“Bir gap bor: Bo’yi past uzun poshna bilan o’zini baland qilib ko’rsatmoqchi bo’ladi. Xalq faxrlanishi uchun iqtisodni ko’tarish kerak. Turizmni rivojlantirish kerak. Ilg’or texnologiya, demokratiya yoki inson huquqlari bobida oldinga siljish kerak. Keyin esa mana shunday baland flagshtoklar haqida o’ylasak, odamlarning diqqatini qaratsak bo’ladi”, - deydi Muhiddin Kabiriy.

Deyvid Chambers kabi muhandislar esa buyurtma kimdan kelishidan qat’iy nazar uni bajarishga tayyor. Dubayda asoslangan “Trident Support” kompaniyasining oshig’i olchi.

“Biz Janubiy Afrika, Angola, Hindiston singari davlatlarda ham baland-baland, 100 metrga yetadigan, flagshtoklar o’rnatayapmiz. Insholloh, Amerikada ham bir kun shulardan biri qad ko’taradi, o’zimiz quramiz. Hech kim xohlamasa, o’zim uchun o’rnataman. Ana keyin u shaxsiy hovlidagi eng baland flagshtok sifatida Ginnesga kiradi”, - deya kuladi muhandis.

Yaqin kelajakda esa uni Nigeriya, Malayziya va Rossiyada katta loyihalar kutmoqda. Kreml uni 2014-yilgi Qishki Olimpiya O’yinlariga mezbonlik qiladigan Sochiga chaqirgan. Ularga ham baland flagshtok kerak.

XS
SM
MD
LG