Breaking News

Tojikistonda qiynoqlar, mahbuslar o'limi haqida xabarlar


Dushanbedagi qamoqxona
Dushanbedagi qamoqxona
Norasmiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, Tojikiston turmalarida 30 mingdan ortiq mahbus bor,. Vaqtincha izolyatorlarda esa qancha odam borligini hech kim aniqlay olmaydi.

Tojikistonda qiynoqlar, mahbuslar o'limi haqida xabarlar/Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:40 0:00
Yuklab oling

Keyingi oylarda qamoqdagi zo’ravonlik va o’lim hollari borasida xabarlar ko’paygan. Jumladan, yaqinda BMTning maxsus vakili Xuan Mendes Tojikistonda bo’lganida bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Lekin ba’zi huquqshunoslar yuksak martabali vakilning tashrifidan qoniqmagan.

Janob Xuan Mendes Tojikistonda bo’lganida mamlakatda mahkumlarga nisbatan zo’ravonlik holatlariga qaytish bizda tashvish tug’dirmoqda, degan.

Ismi oshkor etilishini istamagan mahalliy advokatlardan biri, BMT vakilining Tojikistonga safari natijalaridan qoniqmaganini bildirarkan, bu janob respublika hukumatiga tasalli beruvchi bayonot berib ketdi, undan buni kutmagan edik deydi. Xususan, Mendesning Tojikiston hukumati faoliyatida qiynoqlar va zo’ravonlikka qarshi ish olib borishga qat’iy siyosiy xohish borligni tasdiqlovchi asoslar bor degan gaplarini hech nima bilan izohlab bo’lmaydi, deydi mahalliy advokat.

Mavzu borasida ma’lumotlar olishni istagan muxbirga Adliya vazirligi xodimi, bu masala bilan shug’ullanmasdan bozorda maqrdikorlik qilishni tavsiya etadi.

“Bu ishga burun suqmang, xalqaro tashkilotlar ham aralashmasin, ularnining nima haqqi bor bizni tekshirishga, bizga ikkinchi Ukraina kerakmas, yaxshilikcha bu yerdan keting”, - deydi u.

O’g’rilikda gumon qilingan qo’shnisining militsiyada qattiq kaltaklanganini ko’rgan student Zokirjon Ibrohimov aslida o’g’ri boshqa kishi bo’lib chiqqanini aytadi.

“Qo’shnimizni ushlab ketishdi. Janjal-to’palang, bo’limga oborib qo’lini urib sindirishibdi. Xotini yig’lagan, orqasidan qizi yig’lab chiqqan. U bolaning sog’ joyi qolmabdi umuman, keyin bilsak, o’g’ri boshqa odam ekan-u, bechorani bekorga rosa urishgan ekan”, - deydi talaba.

Zo’ravonligi uchun militsiya xodimlarining javobgarlikka tortilganini deyarli hech kim eshitmaydi, ammo huquq-tartibot idoralari va qamoqxonalardagi zo’ravonliklar haqida qariyb har hafta eshitish mumkin.

Militsiyaning zo’ravonligiga guvoh bo’lgan, boshidan o’tkazgan, o’zini Jo’raboy va Hamdam deb tanishtirgan shaxslar ularni do’pposlab, qilmagan ishni ham gardanlariga qo’yishga urinishganini aytadi.

“Qilding-qimading, farqi yo’q. Maqsad aybni bo’yinga qo’yish, ming bor tavba deganingiz bilan ular tavbaniyam bilishmaydi, o’lishinggayam ular rozi, chidolmagandan keyin. Ming isbotlamang, bo’yingga olmagancha qo’ymaydi”, - deydi ular.

Nohaq ish yuritganlari isbotlanib qolsa-da, militsiya xodimlari jabrdiydalardan kechirim so’ramaydi. Jinoyat qilgan boshqa kishi ekani aniqlanib, u sud qilinsa-da, nohaq tergov qilinib, azoblanganlardan uzr so’rash, xatoni tan olish ularga yot, deydi Zokirjon.

Advokat Munavvara Hamroyevaning aytishicha, mamlakatda ko’pchilik odil sudga ishonmaydi. Huquq-tartibot xodimlaridan himoya izlash o’rniga, undan qo’rqishadi. Negaki, odamlarning bizga ishonchi yo’q, hamma o’zidan qo’rqadi, deydi u.

Militsiyadan nohaq jabr ko’rgan ulfatlar aytishadiki, u yerda kaltaklanganlar sog’ qolishmaydi, advokat ham ko’mak ko’rsatolmaydi.

“Dubinkasining ichida trosi bor, orqaga urgandam keyin faqat o’pka kasal, mayib bo’lasizu, xolos. Advokatlar ham yordam berolmaydi. Yaxshi advokat katta pul turadi, hozirgi sharoitda qayerdan topib berasiz? Topganingizdayam foyda yo’q, hammayoq dab-dala”, - deydi suhbatdoshlar.

O’tgan yil davomida respublika qamoqxonalarida turli sabablar bilan ellikdan ortiq mahbus vafot etgan.

Tojikiston qamoqxonalarida hozir Rossiya, Ukraina, Afg’oniston, Xitoy, Eron, Keniya va Nigeriya fuqarolari ham bor, ularning soni to’rt yuzga yaqin.
XS
SM
MD
LG