Anqara-Moskva orasidagi ziddiyatlarning Tojikistonga ta'siri qanday?


Turkiya harbiy-havo kuchlari Rossiyaning bombardimonchi samolyotini urib tushirganidan so’ng Rossiya Turkiyaga qarshi iqtisodiy choralar e'lon qildi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari (OAV) faol Tojikistonda bu masala bo'yicha fikrlar bo'lingan. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, Kreml Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) doirasidagi hamkor mamlakatlardan aksilturk kampaniyaga qo’shilishni so’ragan.

Tojikiston hukumati bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ayrim mahalliy tahlilchilar Rossiya-Turkiya munosabatlaridagi taranglik Tojikistonga iqtisodiy jihatdan qo’l kelishini aytadi.

Anqara-Moskva munosabatlarining sovuqlashishi, ikki davlat orasidagi nizoning Tojikistonga ta’siri va oqibatlari haqida mamlakat ziyolilari ko’p va turlicha gapirishmoqda.

Rus samolyoti urib tushirilganidan so’ng, Tojikistonda rubl qurbi pasayib, Amerika dollari narxi ko’tarilib ketdi. Siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshevning aytishicha, hozir dunyodagi barcha voqealar bir-biri bilan zanjirband bog’lanib ketgan.

"Bizning pulimiz qadri ham tushib ketdi, shunaqa bo’laversa ehtimolki, Tojikiston ham siyosatini o’zgartirishi mumkin. Hukumatimiz ham bu yerda inqiroz chuqurlashishini istamaydi. 1000 rubl 103 somonga tushib ketdi, 100 AQSh dollari 730 somonga chiqdi, bu hammasi iqtisodda, ijtimoiy hayotda salbiy oqibatlarga olib boradi", - deydi Yo’ldoshev.

Oliy toifali shifokor Zarafmo Karimova so'zlariga ko'ra, Tojikistonda aholi ko’proq rus OAVlari ta’siri ostida, mehnat muhojirlarining aksari Rossiyada ishlaydi, shuning uchun ham ko’pchilik rus hukumati qarorlarini qo’llaydi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi o’z rasmiy bayonotida bu masalaga ehtiotkorlik bilan yondashar ekan, xalqaro terrorizmga qarshi kurashda Rossiya muhim o’rin egallashini ta’kidlab, hodisaga obyektiv baho berilishi va rus-turk munosabatlari keskinlashmasliigiga umid qilishlarini bildirgan edi.

Shu o’rinda dushanbelik tahlilchi Haydar Shodiyev Rossiya MDH davlatlari, asosan o’zi yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlardan Turkiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etishni so’ragani haqidagi gaplar borligini qayd etarkan, bu masalada ehtiyotkorlik zarurligini aytadi.

"Bunday takliflar Rossiya tarafidan ehtimol Tojikistonga ham bo’lishi mumkin. Lekin, o’laymanki, bunday paytda tojik tomoni bu masalada betaraf turishi kerak bo’ladi, negaki, Tojikiston bilan Turkiya o’rtasida yaxshi aloqalar bor. Agar Rossiya tarafida turilsa, aloqalarimizga katta zarar yetishi mumkin. Tojikiston tarafi bunda shoshmasligi kerak, puxta yo’l tutish zarur. Chunki oqibatlari Turkiya-Tojikiston aloqalariga salbiy ta’sir etishi mumkin", - deydi Shodiyev.

Tojikistonlik rus sharqshunoslaridan birining fikricha, voqea ortidan nafaqat Rossiyaning sharqqa, balki sharqning Rossiyaga siyosati tubdan o’zgarib ketishi mumkin. Bu voqea ehtimolki, hatto Rossiya elitasi orasida bo’linishga olib borar, negaki OAV ta’siri ostida allaqachon buning uchqunlarini ko’rish mumkin.

"Chunki o’rtada katta sarmoyalar yotqizilgan loyihalar bor, bunday loyihalarning kichikroqlari Tojikistonda ham mavjud. Hozir Rossiyada millatchilik xurujlari kuchaymoqda, bu esa faqat zarar keltiradi", - deydi mahlliy sharqshunos.

Siyosatshunos Yo’ldoshev bunday fikrni davom ettirar ekan, ushbu masalada hozirdanoq Rossiya jamiyatida bo’linish kuchayayotganini aytadi. Uning fikricha, agar Rossiyaning o’zida tortishuvlar naqadar davom etaversa Tojikistonga shu qadar salbiy ta’sir yetkazadi.

"Bu masala rus OAVlarida shovqin-suron bilan muhokama qilindi va qilinmoqda, odamlarning ruhiyatiga ta’sir o’tkazishmoqda. Bu yerda katta ko’lamda mafkura ishlayapti, elita orasida bo’linish boshlangani seziladi. Lekin Suriya Rossiya uchun butun Yaqin Sharq degani, nima qilsa qiladiki, u yerdan ketmaydi, orada biz zarar ko’ramiz. Rossiya orqali Turkiya bilan ishlayotgan tadbirkorlarimiz bor, iqtisodiy zararni biz oylar o’tib seza boshlaymiz, lekin eng katta zararni Rossiyaning o’zi ko’radi. Bu hodisa Rossiyani Yaqin Sharqda yakkalab ham qo’yishi mumkin", - deydi Yo'ldoshev.

Tahlilchi Haydar Shodiyev vaziyat bizga foydali bo’lishi mumkin, Moskva hukumati hozirdanoq Tukiyadan keltirilayotgan quruq mevalar o’rnini Tojikiston mahsulotlari bilan to’ldirish harakatida, bundan mamlakatimiz foydalanib qolishi zarur, deydi.

"Rossiya Turkiyadan keltirilayotgan bir qancha mahsulotlarni taqiqlab qo’ydi, Tojikiston bundan foydalanib, o’zining moliyaviy ahvolini yaxshilashi mumkin. Mamlakatdagi og’ir ijtimoiy ahvolni biroz o’nglanishi uchun harakat qilish imkoniyatlari paydo bo’ldi. Moskvada Tojikiston elchixonasi, savdo tashkilotlari bu masalada ish boshlagan, gap endi tadbirkorlikni qanday tashkil etishda", - deydi u.

Kuzatuvchilardan biri aytadiki, bo’lib o’tgan voqealardan so’ng bildirmaslikka urinsalar-da, Tojikiston-Rossiya aloqalarida sezilmas sovuqlik paydo bo’ladi, chunki G’arb bilan munosabatlar Tojikiston tashqi siyosatida tobora muhim o’rin egallab kelmoqda.

Mehnat muhojirlarini aytmaganda, Tojikiston Rossiyadan olishi mumkin bo’lgan ko’pgina foydali dividendlardan mahrumligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG