Vashingtonda AQSh-Tojikiston mashalat kengashi o'tdi

  • Amerika Ovozi

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov

Dushanbedan kelgan delegatsiyaga Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov boshchilik qildi. 16-17 iyun kunlari kechgan muzokaralardan tomonlar mamnun.

Aslov sharafiga 17-iyun kuni Davlat departamentida tushki ziyofat berilib, undan keyin esa Tojikiston bosh diplomati AQSh Davlat kotibi muovini Antoni Blinken bilan muloqot qildi. Shu kuni Aslov Pentagonda ham rasmiylar bilan uchrashdi.

2010-yildan beri o'tkaziladigan maslahat kengashlaridan maqsad - hamkorlik va manfaatlar haqida yuzma-yuz gaplashib olish. Uchrashuvlar bir necha qismdan iborat. Xavfsizlik va mudofaa, iqtisodiy rishtalar, siyosiy sheriklik hamda inson huquqlari va ijtimoiy masalalar alohida muhokama qilinadi.

Amerika va Tojikiston orasida savdo ko'lami katta emas. Vashington demokratik taraqqiyot va gumanitar maqsadlarda respublikaga yiliga o'nlab million dollarga teng yordam uzatadi. Bu pul asosan AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlar va ularning mamlakatdagi hamkorlariga grant sifatida beriladi, shuningdek, turli jabhalarni taraqqiy ettirish yo'lida sarflanadi.

Tojikiston chegara xizmati, qurolli kuchlari va xavfsizlik tizimi xodimlari Amerikada va amerikalik mutaxassislar tomonidan treninglardan o'tkaziladi. Bu sohalarda yillar davomida bir necha million dollarlik ko'mak ko'rsatilgan.

Rasmiylarning aytishicha, Amerika-Tojikiston muzokaralarida "Islomiy davlat" va Afg'onistondan kelayotgan xavfga alohida e'tibor qaratilib, ma'lumot almashilmoqda. Yaqinda Tojikiston maxsus kuchlarining sobiq qo'mondoni Gulmurod Halimov Suriyaga qochib "Islomiy davlat" safiga kirganini ma'lum qilgan edi.

10-iyun kuni AQSh Kongressi qoshidagi Xelsinki komissiyasida o'tgan tinglovda AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Daniel Rozenblum qonunchilarga vaziyatni tushuntirar ekan, "Islomiy davlat" mintaqaga qanchalik tahdid solayotgani haqida aniq ma'lumotga ega emasmiz, biroq vaziyat qaltis ekani hammaga ayon", - deya ta'kidlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG