Tojikiston Amerika bilan aloqani mustahkamlashi kerak, deydi ziyolilar


Dushanbe-Vashington hamkorligi ortidagi asosiy omil bu Tojikistonning notinch Afg'onistonga chegaradosh ekanidir. Ammo boshqa jabhalarda ham aloqalar yomon emas. Vashington yiliga millionlab dollar ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko'rsatib keladi.

Tojikiston Oliy Majlisida baralla yangrayotgan fikrlardan biri shuki, AQSh bilan aloqalarni kuchaytiraverish kerak. Bu esa xalqaro sanksiyalar tufayli yakkalanayotgan Rossiyadagi siyosiy arboblarga yoqmaydi. Rus matbuotida bu boradagi tanqidiy maqolalar va sharhlar ko'p.

Mamlakatdagi mustaqil “Faraj” gazetasi asoschisi Xurshedjon Niyozov Rossiya ekspertlarining Tojikiston Amerikaga yuz tutmoqda degan gaplarida jon bo’lsa ham, bunga ularning o’zlari sababchi bo’lmoqda, deydi.

"Aslida ularning tashvishlari Tojikistonning Afg’oniston bilan chegarasi nazoratini o’z qo’llariga olishdan iborat", - deydi u.

“Amerika Tojikistonga chegaralar mustahkamligini ta’minlash uchun texnikaviy ko’maklar berayotgan bir paytda shunaqa deyishadi. Ularning tashvishi bitta: afg’on chegarasi nazoratini o’z qo’llariga olish. Shunday holatda Tojikiston tashqi siyosatida AQSh bilan hamkorlik ustuvor yo’nalishlardan hisoblanadi, bundan xursand bo’lish kerak”.

Xo'jand davlat universiteti o’qituvchisi Nabiallohi Sunnatiy aytadiki, garchi keyingi yillarda Tojikiston AQSh bilan yaqindan ishlashga alohida e’tibor qaratayotgan bo’lsa-da, ko’p hollarda bu sun’iy ko’rinadi, chunki ichki siyosatda hamma narsa Rossiyaga bog’liq.

“Amerika hukumati bilan yaxshi aloqalarga ega bo’lsak ham, elchixonalar ishlab turgan bo’lsa-da, bularning bari shunchaki rasmiyatchilik, sidqidildan emas. To’g’ri, yoshlarimiz Amerikada o’qishadi, aloqalarimiz yaxshi, AQSh katta yordam qilmoqda, lekin Rossiyaga bog’liqligimiz bularning barchasidan ustun turadi, buni yashirib bo’lmaydi”, - deydi ziyoli.

Mamlakat rasmiy nashri “Jumhuriyat” gazetasining huquq bo'limi mudiri Feruzi Rahmoniyon Amerikaning mamlakatga berayotgan insonparvarlik yordamini yuqori baholab, Tojikistonning geografik jihatdan strategik joylashuvini tilga oladi.

“Tojikistondan Afg’oniston tomonga Panj daryosida Amerika yordamida qurilgan ko’priklar, chegara qo’shinlariga ko’mak, bojxonalarga berilayotgan yordam AQShning mintaqaga e’tiboridan dalolat beradi. O’tgan yili Amerika elchixonasining moliyaviy ko’magida Tojikistonda mamlakat bojxonachilari malakasini oshirishga mo’ljallangan yangi bilim yurti binosi qurildi. Chegara qo’shinlari harbiy qismlariga o’tish qiyin bo’lgan joylarda yurish uchun mo’ljallangan texnikalar berildi, qishloq xo’jaligiga zarur traktorlar keltirildi, bunaqa misollarni ko’plab keltirih mumkin. Bu Tojikistonning tashqi suyosatda aynan G’arbga yuz tutayotganini anglatmaydi, balki mustaqil ko’p tomonlama tashqi siyosat olib borayotganini ko’rsatadi”.

AQShning Tojikistondagi elchisi Syuzan Elliot yoshlar bilan

AQShning Tojikistondagi elchisi Syuzan Elliot yoshlar bilan

Rus matbuotining Tojikiston G’arb bilan apoq-chapoq bo’layotir degan chiqishlariga javob berarkan, Feruz Rahmoniyon bunday xulosalarga qo'shilmaydi.

"Qudratli davlatlarning raqobati juda shiddat olgan hozirgi zamonda Tojikiston barcha kuchlar, jumladan Amerika bilan barobar munosabatlar o’rnatib, o’z milliy manfaatlari uchun harakat qilishi kerak”, - deydi u.

Davlat xizmatidagi bir fuqaro fikricha AQSh prezidenti Barak Obamaning Eron va Kuba bilan murosa qilish kerak degan gaplari tahsinga sazovor. Ikki davlat qonunchilari orasida aloqani mustahkamlash zarur, deydi u.

Tojikiston islom uyg’onish partiyasi So'g’d viloyati raisi o’rinbosari Mirzoqul Hojimatov AQSh bilan rishtalarni yuksak baholaydi.

"Biz Amerika siyosatida Tojikistonga nisbatan milliy manfaatlarimizga zid yoki zararli harakatlarni, xiyonatni bugungacha oshkora ko’rmaganmiz. Lekin parda ortida qanaqa siyosat bo’ladi, buni unga qo’shilgan yuksak arboblar biladi. Bizga ma’lumi shuki, munosabatlarimiz qoniqarli", - deydi u.

“Yuzlab yoshlarimiz Amerikada o’qishadi. Amerikadan juda ko’p gumanitar ko’maklar kelib turadi. Biz boshqalarga o’xshab Amerika qop-qorayu, unaqayu-bunaqa deydigan bo’lsak, ko’rnamaklik, hurmatsizlik bo’lardi”.

XS
SM
MD
LG