Breaking News

Tojikistonda yangi o'zbek markazi ish boshladi


Tojikistonda yangi o'zbek markazi ish boshladi
Tojikistonda yangi o'zbek markazi ish boshladi

Yaqinda So’g’d viloyatida yangi O'zbek madaniy markazi ishga tushgan. Uning nizomida milliy ozodlik, huquqiy himoya, o’zbeklar birligi asosiy tamoyillar sifatida tilga olinadi.

Tojikiston maorifi a’lochisi, o’zbek umumta’lim maktabiga 30 yildan buyon rahbarlik qilayotgan Abdurashid Burgutov yana bir o'zbek jamoat tashkiloti ta’sis etilganini ijobiy baholaydi.

“Tojikistonimiz ko’p millatli bo’lsa-da, biz jumhuriyat ichida nufuz jihatidan ikkinchi o’rinda turamiz", - deydi u. "Bu tashkilot nafaqat Tojikiston uchun, Markaziy Osiyo uchun ham muhim o'rin tutadi deb o’ylayman.”

O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi asoschisi, olim Ilhom Yusupov muhim vazifa - o’zbek milliy ma’naviyatini ravnaq toptirish, xalqni ma’rifatli qilish, ma’naviy muhitni sog’lomlashtirishda yordam ko'rsatish, deydi.

Uning aytishicha, qo’shni Qirg’izistonda aynan xalq ma’naviyati va ma’rifatining past darajada ekani O’sh va Jalolobod fojealarining alanga olishiga sabab bo’lgan.

Tashkilotning ta’sis etilishi Qirg’izistondagi etnik fojea yaralari hali bitmagan kunlarga to’g’ri keldi.

“Markazni tashkil etish fikri uch yil oldin tug’ilgan edi", - deydi Ilhom Yusupov. "Uning Qirg’izistondagi voqealarga hech qanday aloqasi yo’q”.

Ilhom Yusupov birinchi navbatda tashkilot uchun minbar bo’ladigan gazeta, teledasturlar ta’sis etish lozim deydi. Xo’jandda avvalgi mana’viyat va ma’rifat o’chog’ini qayta tiklash markaz oldidagi eng asosiy vazifa.

Tojikistonda O'zbek jamiyati nomli uyushma 20 yildan beri ishlab keladi. Yangi markazning bu jamiyatdan farqi nimada, u nega ta'sis etildi, qanday zarurat bunga undadi, degan savol tug'ilishi mumkin.

"So’g’d yog’dusi” jurnali ta'sischisi va bosh muharriri Tursunali Aliyevning aytishicha, O’zbek jamiyati deyarli ish olib bora olmaydigan holatga kelib qolgan.

“Shunday bo’lgandan keyin hayotning o’zi o’zbeklarni madaniy, tashkiliy ishlarni qilish uchun ikkinchi yo’lni izlashga majbur qildi", - deydi u. "Jamiyat O’zbek ma’naviyat va ma’rifat markazining bir tarmog’iga aylanib qolishi ehtimoldan xoli emas”.

XS
SM
MD
LG