Tojikistonda o'zbeklar o'z namoyandalari bilan faxrlanadi


Tojikiston o’zbeklari orasidan mintaqada el orasida mashhur bo’lgan ko’plab insonlar yetishib chiqqan: akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy, kinorejissyor va aktyor Komil Yormatov, shoir Ashirmat Nazarov, so’z ustasi Hojiboy Tojiboyev va boshqalar.

Shoir Maftun Jo’ra - Toshtemir Jo’raboyev ham ana shunday el ardoqlagan ijodkor o’zbeklardan edi. Ilmga chanqoqlik, ijodkorlikka qiziqish uni yurtga mashhur qildi. Yosh bo’lishiga qaramay respublikada yuksak martabaga o’sib etdi. Tojikiston mustaqilligining ilk yillarida u respublika hukumatidagi birinchi o’nlikdan joy olgan davlat arbobi bo’ldi, BMTning tarixiy 50-sessiyasida prezident bilan ishtirok etdi.

Toshtemir Jo’raboyev zamon talabi va hukumat topshirig’i bilan respulika hukumati gazetalarida bosh muharrir, Sug’d viloyat raisi o’rinbosari, Jabbor Rasulov nohiya raisi vazifalarida ham ishladi. Aynan uning tashabbusi bilan Sug’dda viloyat hukumatining o’zbekcha gazetasi taskil etldi va o’zi bosh muharrir etib tayinlandi.

Umrining so’nggi yillarida u o’zi tug’ilib o’sgan nohiyada “Iqbol” gazetasining muharriri edi. To’satdan kelgan o’lim ijodkorni 60 yoshida oilasi, do’stlari, ijodkorlar davrasidan olib ketdi. Uning nomini abaduylashtirish, ishlarini davom ettirish maqsadida Sug’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi o’tgan yili o’zbek ijodkorlari orasida shoir Maftun Jo’ra nomidagi laureatlik unvonini ta’sis etgandi. Salohiyatli ijodkorlardan tashkil etilgan jyuri hay’ati gazeta va jurnallarda yoritilgan ijod namunalarini ko’zdan o’tkazib, o’nlab qatnashchilar orasidan tog’li G’onchi nohiyasining xushmanzara Mujun qishlog’ida ko’p yillardan beri bemor shoira Zulfiya Boboeva she’rlarini laureatlikka munosib topdi.

O’zbek markazi laureatlik ko’krak nishoni, diplom va pul mukofotlarini g’olibga topshirish marosimini Maftun Jo’ra tug’ilib o’sgan nohiyada katta tantana bilan o’tkazdi. Shoirning aka-singilalri, mahalliy hukumat va sinfdoshlari ko’magi va ishtirokida tashkil etilgan marosim Go’lakandoz qihlog’idagi so’lim “Zuhal” to’yxonasida zo’r ko’tarinkilik bilan o’tkazildi.

Tojikiston xalq yozuvchisi Muxiddin Xo’jazod rahbarligida o’nga yaqin tojik yozuvchi-shoirlari o’zbek davlat arbobining qadamlari dunyoning 72 davlatida qolganini, respublikada bu qadar safarlarda bo’lgan shoir yoqligini ta’kidlasharkan, ijodkor do’stlari xotirasini katta hurmat bilan yodga olishdi, duoyu-fotihalar o’qishdi.

Shoir va davlat arbobi Maftun Jo’ra nomidagi mukofot topshirish marosimini hukumat ham e’tirof etib, bu haqda televideniye va matbuotdan o’rin ajratdi. Ayni paytda o’zbek tarixchilari yurtdoshlari umr yollarini varaqlab, bu borada ilmiy ish olib borishni boshlaganlar.

Maftun Jo’raning ijodi uning vafotidan so’ng to’xtagan deb bo’lmaydi. Sevimli jiyani Gulhayo Xudoyberdiyeva hozir tog’asining izidan borib, go’zal satrlar bitmoqda, ijodi OAVlarda yoritilmoqda.

Xalq yozuvchisi Muhiddin Xo’jazodning ta’kidlashicha, Tojikistonda nufuz jihatdan ikkinchi o’rinda turuvchi o’zbeklar nafaqat o’z yurtlarida balki, Rossiya, O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozoqiston, Amerika va Yevropa davlatlarida ham samarali faoliyat olib borishmoqda.

Taniqli hofiz O’rinbek Hamdamov shoirning ko’plab she’rlariga kuy basthialangani, ba’zi mahalliy hukumat tadbirlarida aynan uning qo’shiqlari ijro etilishini mamnunlik bilan qayd etadi.

“O’ndan ortiq kitoblari sahifalarida qolgan rangin lahzalar, yurt ishqi, ayolga muhabbat, bolalikka sog’inch, do’stlarga sadoqat ruhidagi she’rlar uning yodini odamlar xotirasida manguga qoldirdi”.

Jurnalist Abdurasul Habibov marhum o’zbek ijodkorining hukumat tepasida faoliyat olib borgan vaqti g’oyat mashaqqatli yillarga to’g’ri kelganini, deputat sifatida buning nechog’lik og’ir bo’lganini juda yaxshi bilishini aytadi.

“Bundan yigirma yil muqaddam u sho’rolar davrida bo’lmagan ishni qildi, Xo’jandda viloyat hukumatining o’zbekcha gazetasini tashkil etdi. Fuqorolar urushi avjiga chiqqan, millatchilik ildiz otayotgan sharoitda buni yaratish juda mushkul edi, salohiyati va imkoniyatlarini ishga solib u mana shu ishni uddaladi. Bu - shubhasiz, Tojikistonda o’zbeklar ma’rifati uchun qo’yilgan g’oyat katta tamal toshidir”.

Tojikistonda sho’rolar davrida 1,5 million o’zbeklar istiqomat qilishardi. Hozir ularning nufuzi ikki milliondan ortgan. Garchi bugunda hukumat idoralari barlos, qipchoq, laqay singari o’zbek qavmlarini alohida millat sifatida ko’rsatayotgan bo’lsada, ular o’zbekligini yo’qotishmagan. Tojikistonlik o’zbek olimlari, ijodkorlar, san’at ustalari nafaqat yurtlarida, undan tashqarida ham el orasida tanilib, ardoqda bo’lib kelishmoqda.

Mahalliy yosh o’zbek shoirlaridan birining e’tirof etichicha, Tojikistonda xalq o’z farzandlarini bu qadar e’zozlarkan, yaqinlari xotirasini mangulashtirar ekan, bunday xalq yengilmaydi.
XS
SM
MD
LG