Tojikiston ahli qo'shni jamiyat tezroq tinchlanadi degan umidda


Qirg’izistonda parlament saylovlariga tayyorgarlik avjida ekan, qo’shni Tojikiston etnik zo’ravonliklardan hali butunlay o’ziga kelmagan respublikadagi vaziyatni xavotir bilan kuzatmoqda.

Ular nazarida bu saylovlar Qirg’izistonda siyosiy tuzumni o’zgartirishi mumkin, ammo bugungi muammolarni hal etmaydi.

Soros Jamg’armasining So’g’d viloyati bo’limi rahbari, iqtisodchi Ayubjon Egamov fikricha, parlament boshqaruviga o’tish Markaziy Osiyoda hech kimga, shunindek mintaqada o'z manfaatlarini ko'zlagan yirik davlatlarga ham foydali ko’rinmaydi.

“Chunki, birinchidan, prezident boshqaruvidagi mamlakatda o’z qiziqishlarini amalga oshirish uchun bir kishi bilan ish bitkazish osonroq. Parlament boshqaruvidagi mamlakatda esa ma’lum manfaatlar uchun ko’pchilikning, kamida 60 kishining ovozini olish zarur bo’ladi.”

Qirg’izistonda mitingbozlik to’xtamayotir. O’sh shahridagi yig'inlarda qatnashayotgan yoshlar o’tgan yigirma yil faoliyat qilgan biror bir hukumatdan rozi emasliklarini bayon etishadi.

“Parlamentga juda ko’p muxollif partiyalarning vakillari kirgan edi. Bugun ular muvaqqat hukumatdalar. Biz na Akayev, na Bakiyev, na bugungi muvaqqat boshqaruvdan rozimiz”, - deydi mitingda ishtirok etgan qirg’iz yoshlaridan biri.

Xo'jandlik mustaqil tojik jurnalisti Alisher Tolib fikricha parlament boshqaruvi asosiy aholisi musulmonlardan iborat Markaziy Osiyoga xos bo’lmagan tizimdir.

Lekin bu qarashga qo’shilmaydiganlar ham ko'p.

“Albatta, qisqa davrda bir nimalar o’zgarib qolmaydi. Lekin 5-6 yildan so’ng parlament boshqaruvi Qirg’izistonda o’z samarasini bersa kerak",- deydi ziyolilardan biri.

Boshqalar esa e'tiborni QIrg’izistonda saylov emas, ko'proq qirg’iz-o’zbek o’rtasidagi munosabatlarga qaratish kerak deb hisoblaydi.

“Yaqin o’n yillarda q’irg’izu-o’zbeklar o’rtasidagi aloqalar yaxshi bo’lishiga ishonish qiyin. Qattiq harakatlar bilan o’rtada do’stona munosabat tiklanishi lozim. Adolatsizlik, ayrim ziyolilar ta’kidlayotgandek, tarixiy chegaralarni belgilashda emas, taqsimotning o’zida bo’lgan",- deya mulohaza bildiradi yosh tojikistonliklardan biri.

“Jahonning biror bir yerida faqat birgina millat yashayotgan mamlakat yo’q! Biz bir bo’lib yashahshga mahkummiz. Mustaqillik deb gap sotmasdan, sun’iy chegaralarni yaratmasdan, birlashish, birikish haqida, yaxlit kuch bo’lish haqida o’ylashimiz, shunga intilishimiz shart”,- deydi u.

XS
SM
MD
LG