Breaking News

Tojikiston Jahon Savdo Tashkilotiga kirdi. Xalqqa nima foyda?


Markaziy Osiyoning eng qashshoq mamlakati hisoblangan Tojikiston Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) qabul qilindi. Respublika buning uchun 10 yildan ortiq muzokara olib bordi.
Tojikiston Jahon Savdo Tashkilotiga a'zo bo'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:46 0:00

G’arb dunyosi Tojikiston hukumatini quvvatladi. Emomali Rahmon va uning ma’muriyati hamda Oliy Majlis harakatlar samara berganidan xursand.

Lekin mutaxassislar nazarida JSTga kirganlikni bayram qilishga hali erta. A’zolikdan foyda nima degan savolga hozircha javob yo’q, deydi ular.

Tojikiston hukumati qoshidagi Savdo-sanoat palatasi raisi o’rinbosari Larisa Kislyakovaning aytishicha, respublikaga salmoqli investitsiyalar va yangi texnologiyalar kirishi uchun endi keng yo’l ochildi, mahalliy tadbirkorlar esa mahsulotlarini jahonning yetakchi davlatlari qatorida eksport qilishi mumkin bo’ladi.

“Birinchi o’rinda qishloq xo’jaligimiz katta imkoniyatlar oladi, gap faqat ishni to’g’ri yo’lga qo’yishda”, - deydi u.

Ekspert Jo’ra Yusufiy fikricha, Тоjikiston hozirgacha biror xalqaro tashkilotga a’zolik ortidan foyda ko’rmagan, lekin JST tufayli ancha imkoniyatlarga ega bo’lishi shubhasiz.

“Тоjikiston ko’plab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga a’zo bo’lgan, lekin afsuski bu hamma vaqt ham foydali bo’lib kelmagan. Rossiya yetakchilik qilib kelayotgan bu tashkilotlarning aksariyati bizni shunchaki o’zining ortidan ergashtirishdan boshqa narsa emas. Rus eksperti Andrey Grozinning Tojikiston JSTga a’zo bo’lishi bilan o’z milliy manfaatlariga xiyonat qilmoqda deyishi buning dalilidir. Tojikistonning bu obro’li tashkilotga a’zoligi uchun Amerika va G’arb davlatlari bejiz yordam ko’satmadi, ular Tojikistonni regionda iqtisodi rivojlangan, kuchli va har tomonlama mustaqil, hamkor demokratik davlat bo’lishini istashadi. JSTga a’zolik – Tojikiston hukumati erishgan yutuqlardan biri”, - deydi Yusufiy.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi So’g’d viloyat raisi Hoji Naimjon nazarida JSTga a’zolik respublikaga naf keltirmaydi. Aksincha, deydi u, mamlakat zarar ko’radi, chunki mamlakat qashshoq, unga faqat iqtisodi boy davlatlar kirsa bo’ladi.

“Bizda yaxshi zavod-fabrikalar yo’q, tirikchiligimiz mehnat muhojirligi orqasidan. Uning bizga foydasi ham yo’q. Negaki biz taraqqiy etgan davlatlar qatorida emasmiz, kambag’allar qatoridamiz. Xalqaro tijorat sohasiga qo’shilgandan keyin ular standart narxlarni qo’yadiki, mumkin u bizga zarar bo’ladi”, - deydi Naimjon.

Muxolifatdagi partiya faoli fikricha, Tojikistonda soliq siyosatida qator kamchiliklar bor, avval ularni tuzatish zarur. Soliqlarimiz Yevropa barobarida, tirikchiligimiz esa Afrika barobarida, deb kuladi u.

“Hayron qolamizki, soliqlarni Yevropaga moslab ishlaymiz, tirikchiligimiz haligi Afrika, Zimbabve darajasida, mana shunaqa. Shuning uchun men fikr qilamanki, bu ham mumkin bir siyosiy reklama”.

Mahalliy matbuotda ham, Rossiya matbuotida ham Tojikistonning JSTga a’zoligini qattiq tanqid qilayotganlar talaygina. Ba’zi mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, bu boradagi har xil sovuq gap-so’zlardan maqsad bitta - respublikaning mustaqil tashqi siyosatiga xalaqit berish.

Iqtisodchi Kamol Sharifiy:

“Mamlakatimiz jahon bozoriga AQSh yoki Yaponiya singari qudratli davlatlar qatorida, teng huquqda savdo qila boshlaydi. Bu masalada bizni tanqid qilayotganlar go’yo do’stdek ko’rinsalarda, aslida prezidentimiz mustaqil tashqi siyosatiga xalaqit berish, taraqqiyotimizni ko’rolmaslikdir”.

Sharifiy fikicha, ishlab chiqarish sust bo’lgani uchun respublika importga bog’lanib qolishi mumkin, ammo buni mahalliy tadbirkorlar manfaatini himoya qiluvchi yangi qonun-qoidalar bilan to’g’rilash mumkin.
XS
SM
MD
LG