Breaking News

Vatandagi imkonsizlik yoshlarni xorijga haydamoqda


Vatandagi imkonsizlik yoshlarni xorijga haydamoqda
Vatandagi imkonsizlik yoshlarni xorijga haydamoqda

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Tojikistonning o’rta va oliy ta’lim o’quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar soni qariyb ikki milliondan oshadi. Lekin kasb bo’yicha ish topish qiyin, maoshlar yetarli emas.

Mahalliy tahlilchilar deydiki, oliy o’quv yurtlarini bitirgan yoshlarning 60-65 foizi ishsizlik sabab Rossiyada mardikorchilik bilan shug’ullanmoqda.

Tojikistondan chet ellarga borib o’qiyotgan aksariyat yoshlar vatanlariga qaytishni istamaydi.

Norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yoshlar qaytganida ham yana chetga ketishni istaydi.

AQShning Аlabama shtatidagi yirik universitetda tahsil olgan tojik yigit Mirbarot Hoshimov hozir Fransiyada malaka oshirmoqda.

Uning aytishicha, Amerika va Yevropa davlatlarida o’qiyotgan talabalar vatanga qaytmaslik uchun turli yo’llarni izlashadi.

“Meni qaytishni istamasligim sababi birinchidan, u yerda hammasi tanish-bilish, odamga o’xshab yashab bo’lmaydi. Boyvachchalarning bolalari qimmat mashinalarni haydab yuradi, yaxshi joyda ishlaydi. Ularni ko’rib hasadi keladi odamni. Bu hasad bilan odam o’zini ichini eb yuboradi. Ularni hech nima qilmasdan shohona yurgani, o’zingizning hech ish qila olmasligingizdan, adolat va haqiqatni yo’qligidan qaytgizngiz kelmaydi. Yoshlar qaytib borsalar ham Rossiyaga boradi, Tojikistonga emas”.

"Biz vatanga qaytishni istasak-da, u yerda biz uchun haq yo'q, haq! U yerda hech kimsiz. Bu yerda ham ehtimol men hech kimdirman, ammo hech kim meni tergamaydi. Hamma, qo’shnilar, hatto ko’chada begona odamlar ham bir-biriga mehribon", - deydi Mirbarot.

Uning fikricha Amerikadagi hayot yoshlarni juda tez o’zgartirib yuboradi. U yerda agar siz qonunni buzmasangiz, har qanday sohada o’zingiz bemalol yangi ish boshlay olasiz. Tojikistonda esa hammasi qarindosh-urug’chilikka bog'liq, deydi Mirbarot.

Xo'jand Davlat Universiteti
Xo'jand Davlat Universiteti
Mahalliy oliy o’quv yurtlaridan birini sirtdan tugatgan Odiljon Mahkamiy diplomli odamlar orasida ham kelajakka ishonch yo’q deydi.

Ish bo’lmasa, pul bo’lmasa, nimaga ishonasiz deya so'raydi u.

“Davlat ishidagi 200-300 somoniy maoshiga (40-60 dollar) bolamni boqamanmi, xotinni boqamanmi, bolamga pampers olamanmi?”

Odilning sinfdoshi, o’rta-maxsus bilim yurtini tugatgan payvandchi Safar Xalilov do’stining so’zlarini quvvatlar ekan, qiynalib bo’lsa-da, bir amallab ro’zg’or tebratayotganini aytadi.

“Bola boqish qiyin, nima qilish kerak, keyin yoshlar ishlaydimi? Ishonch qolmagan, garang bo’lib yuribmiz”, - deydi Safar.

Fransiyaning Bordo shahrida yashayotgan Mirbarot G’arbdagi hayot bilan vatandagi manzarani taqqoslaydi.

“Svet yo’q, gaz yo’q, sharoit yoq. Bu yerda esa bayramlarda chiqib ko’rdim, uysizlar-bomjlarga beriladigan ovqat bizda restoranda yoq. Bizda kasal bo’lib qolsangiz o’lasiz”.

Qozog’iston, Rossiya va Ukrainada mehnat muhojirligida bo’lgan Amir Ashraf yoshlarning kelajakka umuman ishonchi qolmaganini afsus bilan qayd etadi. Og’ir iqtisodiy sharoit sabab yosh oilalar buzilib ketayapti.

“Ukrainadan qaytganimga 4 oy bo’ldi. Polshaga ishga taklif qilishgandi, til bilmasligim pand berdi",- deydi Amir.

"Qachongacha shunday hayot kechiramiz, bilmayman”.

Mirbarot deydiki, G’arbda ham hayot jannat emas, odam uyga borib-kelib turishni istaydi.

"Men Fransiyadan turib, Tojikistonda oxirgi kadrlar almashinuvini kuzatdim. Eski hammom, eski tos. Dunyo ko’rgan yoshlarni oldinga surish kerak, yoshlarga vazifa bersinlar. Bizga ishonmas ekanlar, biz ham boshqalarga ishonmaymiz",- deydi u.

XS
SM
MD
LG