Tojikistonda omma AQSh sarmoyasidan mamnun


1992-yildan beri Qo’shma Shtatlar iqtisodiyot, maorif, sog’liqni saqlash va demokratik institutlarni rivojlantirish uchun Tojikistonga qariyb 900 million dollar ko’mak bergan. Amerika hukumatining mamlakatga bu yil ajratgan yordami 65 yarim million dollarni tashkil etmoqda.

Ziyolilar fikricha, respublikaning AQSh bilan turli sohalardagi aloqalarida ijobiy siljish bor.

“O’tgan yilning o’zida AQSh hukumati chegaralarimizni mustahkamlash, huquq tizimini rivojlantirish, aholi turmush darajasini yuqori ko’tarish maqsadida 60 million dollarga yaqin mablag’ sarflagan, – deydi sobiq iqtisodchi Jamshed Hoshimov. – Bundan tashqari insonparvarlik yordamlarini Tojikistonga keltirishda AQSh hukumati o’n millionlab dollar mablag’ni yo’l xarajatlariga sarflagan. Buni qadrlash kerak”.

Jamshed Tojikistonning Amerika bilan munosabatlari yanada rivojlanishini istaydi. U AQSh investorlari Tojikistonda turizm sohasini rivojlantirishga jalb qilinsa, har ikki tomon uchun ham foydali bo’ladi deb hisoblaydi.

Jamshedning fikricha, Tojikistonda xalqaro turizmni rivojlantirish, unga servis xizmati ko’rsatish ancha past darajada.

“Amerikaning bu boradagi katta tajribasi bizga qo’l kelishi mumkin. AQSh investorlari Tojikistonda turizm va servis xizmatini shakllantirishga, mehmonxonalar tizimini rivojlantirishga mablag’ yotqizsalar, katta foyda olishlari mumkin”, - deb taklif kiritadi u.

USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligining Tojikistondagi faoliyati ham yuqori baholanadi.

2004-yildan beri birgina sil kasalligining oldini olish ishlariga shu dastur orqali AQSh hukumati 3 million dollardan ziyod yordam ko’rsatgan.

Tadbirkor Abduqayum Sharipov ham AQSh va Tojikiston o’rtasidagi munosabatlarni ijobiy baholaydi.

“Shu yil AQSh elchixonasi Ichki Ishlar Vazirligi akademiyasini to’la ta’mirdan chiqarishga yordam berdi. Amerika elchixonasi Tojikiston milliy armiyasi uchun mashq berish markazini ochmoqda. Bizlarda Amerika bilan hamkorlikda kiyim-kechak chiqaruvchi “Javoni” qo’shma korxonasi ochilgan”,- deydi u.

Abduqayum Sharipovning aytishicha, 2002-yildan beri terrorizmga qarshi o’quv mashg’ulotlarida 400ga yaqin militsiya xodimi tahsil olgan. Bu dasturga AQSh 6 million AQSh dollari ajratgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi So’g’d viloyat boshqarmasi xodimlaridan birining aytishicha, shu yil iyun oyida milliy gvardiyaning ellikka yaqin vakili AQSh dasturi asosida aksilterrorizm o’quv kursini yakunladi.

Iqtisodchi Hoshimov fikricha Amerika puli bilan fuqarolar va sud tizimi xodimlari orasida tashkil etilayotgan trening va seminarlarning ham foydasi katta. Bunday mashg’ulotlar, deydi u, oddiy fuqarolar o’z haq-huquqlarini yaxshiroq tanishiga xizmat qiladi.

Shu yil boshida Dushanbeda respublika bojxona xizmatining yangi o’quv markazi binosi foydalanishga topshirildi. AQShning Tojikistondagi elchixonasi bu markazni nafaqat orgtexnika, balki mebel jihozlari va o’n o’rindiqli mikroavtobus bilan ta’minlagan.

Amerika Tojikiston chegara xizmati va boj tizimini mustahkamlash uchun ham millionlab dollar ajratgan.

XS
SM
MD
LG