Taksim maydoniga qo'shimcha politsiyachilar safarbar etildi

  • Amerika Ovozi

11-iyun kuni erta tongdan yuzlab turk politsiyachilari Istanbul markazidagi Taksim maydoniga kirdi. Ular bu yerdagi oz sonli namoyishchilarni ko'zdan yosh chiqaruvchi gaz va suv yordamida haydab chiqardi.

O'z navbatida namoyishchilar qarshilik ko'rsatib, politsiyaga qarata tosh va qo'lbola portlovchi moddalar uloqtirdi. Shuningdek, ular politsiyachilarni maydon atrofiga o'rnatilgan barrikadalar bilan kutib oldi.

Politsiya maydon atrofidagi binolarga o'rnatilgan aksil-hukumat yozuvlarini olib tashlab, o'rniga Turkiya bayrog'ini o'rnatdi.

Namoyishlar hamon davom etmoqda. Omma Istanbulning boshqa qismlariga o'tgan.

Mamlakatda hukumatga qarshi namoyishlar boshlangandan beri shu kungacha uch kishi halok bo'ldi. Minglab odamlar jarohat olgan, yana minglab kishi tartibbuzarliklar uchun hibsga olingan.

Muxolif partiyalar amaldagi hukumat rahbari Rajab Toyyib Erdog'anni namoyishchilar talablariga quloq solmasdan, ixtilofni yanada kuchaytirayotganlikda ayblamoqda. Erdog'an esa g'alayon ortida ekstremist va tashqi kuchlar turganini aytadi.

Tartibsizliklar ikki hafta avval Istanbuldagi parkning buzilishiga qarshi tinch namoyishlar bilan boshlandi.

Shundan beri boshqa shaharlarga ham tarqalib, aksil-hukumat tusini oldi.

Bosh ko'targan norozi odamlar fikricha, hukumat mamlakatni islomiylashtirishga urinmoqda. Erdog'an esa bunday iddaolarni inkor etadi.

11-iyun kuni olingan video:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG