Afg'onistonda "parallel" adliya tizimi vujudga kelgan

  • Amerika Ovozi

Sobiq Tolibon a'zosi. Jalolobod, 12-yanvar 2016-yil

Sobiq Tolibon a'zosi. Jalolobod, 12-yanvar 2016-yil

Afg’oniston adliya tizimi doirasidagi korrupsiya sababli adolatga erishishga ishonmayotgan fuqarolar qonunga oid mojarolarni hal etish uchun Tolibonga murojaat qilmoqda.

2014-yil sentabr oyida prezident etib saylangan Ashraf G’ani mamlakatda korrupsiya va poraxo’rlik chuqur ildiz otganidan xavotir bildirib, bu illatga qarshi kurashishni va’da qilgan edi.

“Adliya tizimidagi korrupsiya bois xavfsizlikni ta’minlab bo’lmayapti. Agar qonun ustuvorligi desak, korrupsiyalashgan rasmiylarni jazoga tortmoqchi bo’lsak, tizimda shaffoflikni ta’minlashimiz kerak”, - degan edi Prezident G’ani.

Biroq bunday bayonotlarga qaramay, mamlakatda vaziyat o’zgarmagan ko’rinadi. Xalq hamon poraxo’rlik va korrupsiyadan shikoyat qiladi.

G’azni viloyatidan bir fuqaro umidsizlik odamlarni adolat izlab Tolibonga murojaat qilishga majbur qilayotganini aytadi.

“Akam bilan bir masala bo’yicha tortishib qoldik. Tuman markazi bizdan 300 metr narida joylashgan. U yerga bir necha marta qatnab, akamdan shikoyat qildim, ariza yozdim, lekin hech kim yordam bermadi. Qishlog’imizdan ikki kilometr masofada joylashgan Tolibon idorasi esa bitta xat bilan mushkulimni oson qildi,” - deydi u.

Faryob viloyatidan Dovud ismli yigit esa qishloqda velosiped o’g’irlanganini eslaydi. “Rasmiylar shuncha pora talab qildiki, masala hal bo’lgunicha velosiped narxidan ikki marta ko’proq pul to’ladik”, - deydi u.

Tolibon qarorlari qonuniy kuchga ega emas

Ayrim manbalarga ko’ra, Tolibon harakati Afg’oniston hududida 70 tumanni to’la yoki qisman nazorat qiladi. Shunday ekan, odamlarning Tolibonga murojaat qilishi tabiiy, biroq Afg’oniston parlamenti quyi palatasining Adliya qo’mitasi rahbari Muhammad Sarvar Usmoniy Farahiy toliblar chiqargan hukm qonuniy kuchga ega emasligiga urg’u beradi.

Adliya tizimi rahbariyati korrupsiya haqidagi iddaolarni inkor etadi.

Biroq mamlakat sharqidagi bir sudya ismini oshkor etmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida fuqarolarning yordam so’rab Tolibonga murojaat qilishini shunday tushuntirib berdi:

“Tolibon sudlari jirg’a shaklida o’tkaziladi, ya’ni taraflar muzokara olib borish huquqini yo’qotadi, masalani esa vositachilar muhokama qilib, hukm chiqaradi va ikkala taraf hukmga bo’ysunishga majbur”.

“Parallel boshqaruv”

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, bunday parallel boshqaruv o’tmishdan meros qolgan.

“Mujohidlar davrida (1990-yillarda) har bir partiya o’z adliya tizimiga ega edi va alohida hukm chiqarar edi. Qudratli odamlarning esa o’zining sudi bo’lgan”, - deydi Afg’oniston Inson huquqlari tashkiloti raisi Hoji Lalgul.

Uning aytishicha, odamlarni norasmiy sudlarga murojaat qilishga undayotgan faqat korrupsiya emas, boshqa sabablar ham bor.

Tolibon samarasi sabablari

Ayrim rasmiylar fikricha, Tolibonni hech kim jazolamayapti, shu bois ular mojarolarni hal etishda samarali.

“Tolibon ustida hech qanday idora yo’q, ular hech kimga hisobot bermaydi. Zo’ravonlik sodir etsa ham, pora talab qilsa ham, ularni hech kim tergab o’tirmaydi. Hukumat rasmiylaridan shikoyat qilish oson”, - deydi parlament deputati Fathulla Qaysariy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG