Afg’onistonda toliblar sud binosiga hujum qilib, otishmada 44 odam o’ldi

  • Amerika Ovozi

Faroh viloyatida to'qqiz tolib sud binosiga hamla qilgan.

Faroh viloyatida to'qqiz tolib sud binosiga hamla qilgan.

Afg’oniston g’arbida Tolibon bilan bir necha soat davom etgan otishma 44 odamni hayotdan olib ketgan. Aksariyati tinch aholi vakillari.

Olishuvda yana 70 dan ziyod odam jarohat olgan. Rasmiylarning aytishicha, Faroh viloyatida hukumat binosiga bostirib kirgan to’qqiz jangari oxiri yo’q qilingan.

Viloyat politsiya rahbarining so’zlariga ko’ra, hujumdan maqsad sudi ketayotgan toliblarni ozod qilish bo’lgan. Afg’on politsiyasining mashinasini mingan jangarilar tekshiruvdan oson o’tishga muvaffaq bo’lgan. Toliblar hibsdagilarni olib chiqqani da’vo qilayapti, biroq rasmiylar buni inkor etadi.

Kelasi yil oxirigacha xalqaro qo’shinlar Afg’onistondan ketishi, xavfsizlik to’liq mahalliy armiya zimmasiga o’tishi kerak. Bu esa jangarilar xurujlari oshib, afg’on harbiylari mamlakatni mudofaa qilishga ojizlik qiladi, degan xavotirlarni oshirgan.

Afg’oniston sharqida NATOning havo hujumida to’rt afg’on politsiyachisi o’lgan. Yana ikki oddiy fuqaro jarohatlandi, deydi mahalliy rasmiylar.

G’azni viloyati mulozimlarining aytishicha, voqea Deyak tumanida jangarilar manzili nishonga olinayotgan payt ro’y bergan. NATO tergov boshlaganini bildirmoqda.

O’tgan hafta G’aznida NATO va mahalliy kuchlarning qo’shma amaliyotida to’qqiz tolib va ikki oddiy fuqaro jon bergan edi. Tinch aholi orasidagi talofatlar prezident Hamid Karzay va xalqaro koalitsiya o’rtasida ziddiyatga sabab bo’lib keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG