Tolibon 2015-yilgi harbiy yutuqlari haqida bong urmoqda

  • Amerika Ovozi

Tolibon harakati o'tgan yilgi harbiy yutuqlari haqida bayonot chiqarib, Afg'onistondagi jami 400 tumandan 34 tasini bosib olganini da'vo qilmoqda.

2015-yilda jihod yo'lida katta ishlarni amalga oshirdik, deyiladi jurnalistlarga yuborilgan hujjatda.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi rasmiysi Tolibonning bu bayonotiga izoh bermadi, ammo kuni-kecha Hilmand viloyatida jangarilar qo'lidan o'nlab odam ozod etilganini ta'kidladi.

Tolibon qamoqxonasiga hujumni mahalliy kuchlar NATO ishtirokisiz amalga oshirgan. Uni rejalashda AQSh harbiylari ozroq yordam ko'rsatgan.

O'tgan yili Qunduz shahrining bir muddat jangarilar tomonidan bosib olingani, toliblar nazarida, eng muhim voqealardan bo'lgan.

Tolibon nazorat qilayotgani aytilayotgan tumanlar 17 viloyatda, jumladan, Bag'dis, Faroh, Qunduz, Saripul, Lo'xar va Qandahorda joylashgan.

Jangarilar 2016-yilga kelib, shuningdek, bir necha viloyat markaziga yaqinlashgani, xususan, Hilmandning katta qismini nazorat qilayotganini aytadi. Kobulda o'tgan matbuot anjumanida Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Davlat Vaziriy ushbu bayonotni na tasdiqladi, na inkor etdi.

"Afg'oniston urush holatida. Qurolli kuchlarimiz, jumladan armiya, politsiya va razvedka xodimlarimiz vatan himoyasi yo'lida har kuni halok bo'layapti", - deydi u.

Vaziriyga ko'ra, Hilmanddagi turmadan qariyb 60 kishi ozod etilgan. Ular orasida Tolibon garovda saqlagan xavfsizlik xizmati xodimlari ham bor.

Hilmand Tolibon mahkam joylashib olgan hududlardan biri sanaladi. So'nggi 10 yilda NATO qo'shinlari va jangarilar o'rtasida qonli janglar aynan shu yerda kechgan. Ammo BMT hisobotiga qaraganda, Tolibon o'tgan yili Afg'onistonning ayrim hududlarida o'z nazoratini o'rnatishga muvaffaq bo'lgani rost.

NATO ma'lumotiga ko'ra, 2015-yilda Afg'onistonda qariyb 7 ming harbiy va politsiyachi jon bergan. Jangari hujumlarida o'lgan yoki yaralangan fuqarolar taxminan 6,5 mingni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG