Tolibon "Islomiy davlat"ga qarshi jangda xalq tomonida

  • Amerika Ovozi

Nangarhor viloyatida jang qilayotgan askar

Nangarhor viloyatida jang qilayotgan askar

Afg'oniston sharqidagi qishloqlarda mahalliy jangchilar, qabilalardan chiqqan qurolli guruhlar "Islomiy davlat" terror tizimiga qarshi kurashmoqda. Janglarda ularga Tolibon qo'shilib, xalq bilan hamkorlik qilmoqda, deydi guvohlar.

Qabila yetakchilarining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, o'tgan kunlar ichida 80 dan oshiq odam o'lgan, har ikki tarafdan.

"Islomiy davlat" bilan olishuvlar Nangarhor viloyatida ayniqsa qonli kechmoqda. Pokiston bilan chegaradosh hudud azaldan toliblar makoni. Mahalliy aholi ham, toliblar ham "Islomiy davlat"ni ajnabiy kuch deb hisoblaydi.

“Tolibon Pachiragam tumanida, masalan, aholini himoya qilmoqda",- deydi Vohid Mujda, Kobuldan tahlilchi. “Tolibon hukumat bilan hamkor emas, albatta, lekin mahalliy odamlar manfaati uchun kurashmoqda".

AQSh dronlari ham bu mintaqada "Islomiy davlat" qo'rg'onlarini nishonga olmoqda. Pachiragam tumanida o'tgan uch kun mobaynida 54 jangari yo'q qilingan.

Afg'oniston armiyasidan katta qo'shin kelishi kutilmoqda. 14 viloyatda hozir Tolibon bilan jang ketmoqda. Mamlakat 34 viloyatdan iborat.

Jumadan beri, deydi rasmiylar, armiya kamida 66 tolibni o'ldirgan, besh askarini boy bergan.

Kobulda rasmiylar toliblarning "Islomiy davlat" ga qarshi hissasi haqida og'iz ochmaydi.

Hilmand viloyatida Tolibon bilan olishayotgan maxsus kuchlar

Hilmand viloyatida Tolibon bilan olishayotgan maxsus kuchlar

Minglab odamlar uy-joyini tark etib, boshqa viloyatlarga ketgan. Hukumatdan yordam oz, deydi afg'onlar.

“Bugunning o'zida 17 xonadon kuyib kul bo'ldi. To'rt fuqaro o'ldirildi. 27 kishi jarohatlandi",- deydi Nangarhor viloyati rasmiysi Otaulla Xogyaniy. "Hammasi "Islomiy davlat"ning ishi".

Juzjon va Hilmand viloyatlarida 27 tolib halok bo'lgan. Tolibon ikki harbiy punktni bosib olgan, uch askarni garovda saqlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG