Tolibon Qunduzni egallashga urindi

  • Amerika Ovozi

Qunduzga kirishda

Qunduzga kirishda

Afg’oniston shimolidagi Qunduz shahrida xavfsizlik kuchlari jangarilar bilan olishib, rasmiylar bergan xabarga ko’ra kamida 44 tolib yo’q qilingan, bir nechtasi yaralangan.

Otishma juma kuni boshlandi – Tolibon Qunduzni egallash maqsadida shahar atrofidagi postlarga hujum qildi.

Jangarilar hukumat kuchlari ham katta talafot ko’rganini bildirmoqda. Tolibon so’zlovchisi afg’on harbiylarini va ularga yordam berayotgan xorijiy kuchlarni Qunduz va uning atrofini havodan o’qqa tutganlikda ayblab, jangarilar hukumat da’vo qilganidek ko’p odam yo’qotmaganini aytmoqda.

“Havo hujumlarida, asosan, tinch aholi o’ldi”, - deydi u.

Qunduz sentabr oyida bir necha kun Tolibon qo’liga o’tgan edi.

Shahar faollari hukumatdan hududni jangarilardan tozalashni so’ramoqda, aks holda, deydi ular, Tolibon Qunduzni yana egallab olishi mumkin.

Bu o’rtada BMTning ma’lum qilishicha, joriy yilning birinchi choragida afg’on mojarosi salkam 2000 odamni hayotdan olib ketgan. Bu o’tgan yilning shu paytiga qaraganda ikki foiz ko’proq. Yaradorlar soni esa 11 foizga oshgan (joriy yilda 1343 odam jarohat olgan).

BMTning Afg’onistondagi vakili Nikolas Xeysom barcha tomonlarni tinch aholiga zarar yetkazmaslikka chaqirdi.

2015-yilda mamlakat bo’ylab zo’ravonliklarda 11 ming fuqaro jabr ko’rgan, shulardan 3500 nobud bo’lgan.

BMT idorasiga ko’ra, 60 foiz holatlarda bunga Tolibon aloqador, 19 foiz holatlarda esa hukumat kuchlari sababchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG