Tolibon hukumat bilan muloqotdan oldin qator talablar qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh, Xitoy, Afg'oniston, Pokiston Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini jonlantirish xususida gaplashmoqda, 18-yanvar, 2016

AQSh, Xitoy, Afg'oniston, Pokiston Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini jonlantirish xususida gaplashmoqda, 18-yanvar, 2016

Afg'oniston Toliboni zo'ravonliklarni bas qilishdan oldin muayyan shartlar bajarilishini talab qilmoqda. Bugun harakat bosh muzokarachisi Sher Muhammad Abbos Stanekzoy Qatar poytaxti Doxada Afg'oniston vakillari bilan shu haqda gaplashgan.

Uning aytishicha, hech bir tomon tinchlikdan o'zining siyosiy, shaxsiy yoki guruhi manfaatlarida foydalanmasligi lozim.

"Afsuski, Kobuldagi hukumat va xorijliklar hozir aynan shu bilan shug'ullanmoqda va aslida tinchlikka erishishni istamaydi", - dedi Stanekzoy.

Shu bilan birga Tolibon vakili tinchlik jarayonini jonlantirishga qaratilgan to'rt davlat diplomatlari (AQSh, Xitoy, Afg'oniston, Pokiston) ishtirokida ikki bor o'tgan muloqotni tanqid qilmadi.

Doxa muloqoti norasmiy shaklda o'tgan, chunki unda afg'on hukumati vakillari qatnashmagan. Tashqi ishlar vazirligi bergan ma'lumotga ko'ra, toliblar bilan Afg'oniston sobiq ichki ishlar vaziri Umar Dovudzoy, Prezident Ashraf G'anining amakisi Abdul Qayum Ko'chi hamda bir necha faol uchrashgan.

Biroq, deya bildiradi Tolibon, G'ani muloqot ishtirokchilariga maktub yo'llab, Tolibonni siyosiy muxolifat sifatida qabul qilishini, hukumat harakat bilan bevosita muzokaraga tayyor ekanini aytgan.

Doxadagi muloqot yakunida bayonot qabul qilinmagan.

Tolibon bosh muzokarachisi Stanekzoyning aytishicha, muzokaraga kirishdan oldin harakat AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlarning Afg'onistondan chiqarilishini, mamlakatda mustaqil islomiy tizim yaratilishini, asirdagi toliblar ozod etilishini, Tolibon rahbariyatiga qo'yilgan moliyaviy cheklovlar olib tashlanishini, matbuotda harakatga qarshi tashviqotning bas etilishini istaydi.

Tolibon, shuningdek, AQSh bilan bevosita muloqot o'tkazib, xorijiy qo'shinlarni mamlakatdan chiqarish jadvalini muhokama qilaylik, degan talabni olg'a surmoqda.

Qo'shma Shtatlar harakat yetakchilarini ushlashda yordam bergan odamlarni mukofotlashga va'da bergan. Stanekzoy rahbarlarini shu ro'yxatdan olib tashlanishini istaydi.

"Islom dini qoidalari, milliy manfaatlar va qadriyatlar asosida so'z erkinligi, ayollar huquqlarini ta'minlashga tayyormiz", - dedi Tolibon muzokarachisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG