Breaking News

Tolibon Rossiyadan moliyaviy yordam olish harakatida


Kobul, Afg'oniston
Kobul, Afg'oniston

Tolibon Rossiyadan "Islomiy davlat" ga qarshi kurashda yordam so'ramoqda va Kreml bunga qaror qilishi mumkin.

Toliblar Afg'oniston shimoli, ya'ni Markaziy Osiyo chegaralariga yaqin hududlarda vaziyat tang, "Islomiy davlat" nufuzi oshib bormoqda, uni yengish uchun Rossiya madadi zarur, deya Kremlga murojaat qilib keladi.

Qunduz viloyati hokimi Asadulla Umarhoil "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, oxirgi yillarda zaiflashgan toliblar aslida o'z hayoti uchun kurashmoqda. Rossiya esa o'z ta'siri va qudratini kuchaytirish harakatida.

Toliblarga yordam berib, ular mintaqada siyosiy rolini oshiradi. Kobul buni biladi va anchadan beri bu boradagi noroziligini yashirmay, Kremldan Afg'oniston ichki ishlariga aralashmaslikni so'rab keladi.

Toliblarda subut yo'q, deydi Qunduz hokimi, ular yaqinda "Islomiy davlat" bilan edi, endi qarasa, ular ham zaiflashgan, boshqa homiy kerak.

Afg'oniston shimolidan hamda qo'shni o'lkalardan, jumladan Tojikiston va O'zbekistondan "Islomiy davlat" ga qo'shilganlar minglab sonda deya taxmin qilinadi. Ko'pi Suriyada. Afg'onistonda yurgan jangarilar kam, deydi afg'on rasmiylar. Ular hamon qonli hujumlar qilishga qodir, lekin oldingi kuchini yo'qotgan.

Tolibon va afg'on armiyasi orasida janglar tinmaydi
Tolibon va afg'on armiyasi orasida janglar tinmaydi

Qunduz shahri ikki yil oldin Tolibon qo'liga o'tgan edi, lekin qisqa muddatda qaytarib olingan. Jangarilar o'tgan yili yana bir bor uni bosib olishga urinib, yutqazdi.

“Tolibon hozir bu yerda 650 jangariga ega, aksariyati mahalliy odamlar, 45 guruhga bo'linib harakat qiladi", - deydi mahalliy amaldor Imamuddin Qurayshiy.

Uning tasvirlashicha, Tolibon og'ir qurollarga ega va Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda mashqlar o'tkazadi.

“Zangla degan joy bor. O'sha yerda terroristlarni tayyorlashadi", - deydi Qurayshiy.

Rossiya bilan muzokaralar Tojikistonda kechmoqda, deya gumon qiladi afg'on rasmiylari.

Moskva Tolibon va Pokiston bilan tinchlik muloqoti olib borayotganini yashirmaydi. Afg'oniston buni qoralaydi. Kremlning bildirishicha, bu dialog terrorizmga qarshi kurash doirasida o'tmoqda va Rossiya tinchlikdan manfaatdor.

"Islomiy davlat" singari yovuz kuchlarning Markaziy Osiyo chegaralarida faollashishi hammaga zarar, deydi rus rasmiylari. Kreml toliblarga qurol uzatmayapti, faqat diplomatik aloqada, deydi ular.

AQSh generali Jozef Votel, Pentagon
AQSh generali Jozef Votel, Pentagon

Amerika hukumati nazarida Rossiya qaltis qadamlar tashlamoqda. Afg'onistondagi demokratik tuzumga qarshi urushni to'xtatmagan Tolibon bilan kelishib ish tutish tinchlikka yetaklamaydi, deya qayd etadi Vashington rasmiylari.

“Rossiya dunyoning bu qismida biz xo'jayin, degan qabilda harakat qilmoqda", - deydi AQSh generali Jozef Votel, yaqinda Kongressda hisobot berar ekan.

“Rossiya toliblarni har tomonlama quvvatlayotgan bo'lishi mumkin", - deydi u.

Kobuldagi ekspertlarning bayon qilishicha, toliblar uchun Moskvadan mobil-klinika kelgan. Hilmandda ular uchun kasalxona tashkil qilingan. Bu viloyatda toliblar anchadan beri afg'on armiyasi bilan kurashib keladi.

Tolibon qarorgohi Qatarda. U yerdagi vakillari Rossiyadan samolyotlarni nishonga oluvchi qurollar so'ragan.

Moskvaning bu siyosati Markaziy Osiyoni dahshatga solishi kerak, deydi Vohid Mujda, afg'on tahlilchi.

“Tolibon Rossiyaga "senga qarshi terrorchilarni o'ldiramiz", deya va'da bermoqda. Mana jangarilarni yo'q qildik, deya ishontirishga urinmoqda", - deydi Mujda.

Afg'onistonda 407 tuman bor. 33 tasi toliblar iznida. Kobuldagi markaziy hukumat va uni quvvatlovchi AQSh nazarida Tolibon "Islomiy davlat" ga qarshi kurashmayapti, aksincha u bilan hamkor.

“Ikki guruhning tili bir", - deydi Afg'oniston rahbarining Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmar.

Atmar yaqinda Moskvaga borib, Rossiya hukumatidan Afg'onistondagi mojaroga bosh suqmaslikni so'ragan.

"Islomiy davlat" va Tolibon bir-birining dushmani emas. Ular dunyoni aldab, moliyaviy yordam olish uchun shunday yo'l tutmoqda", - deydi Atmar.

AQSh harbiy qo'mondonlari ham shunday qarashga ega.

“Tolibon va "Islomiy davlat"ga qarshi afg'on qurolli kuchlari va biz kurashayapmiz", - deydi Bill Salvin, kapitan.

"Islomiy davlat"ning mintaqadagi qanoti Xuroson bo'limi deya nom olgan. Afg'oniston shimolida a'zolarga ega ekani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG