Tolibon bilan muzokaralar boshi berk ko'chaga kirib qoldi

  • Amerika Ovozi

Qatar poytaxti Dohada ochilgan Tolibon idorasi

Qatar poytaxti Dohada ochilgan Tolibon idorasi

Tolibon Dohada o’z idorasini ochishi ma’lum bo’lgach, Afg’onistondagi morajoni tinch yo’l bilan hal qilishga bo’lgan umidlar yanada oshgan edi. Ammo rasmiy Kobul va toliblar o’rtasida yuzaga chiqqan yangi ziddiyatlar tinchlik muzokaralariga rahna solmoqda.

AQSh elchisi Jeyms Kunningamning aytishicha, Tolibonning muloqot uchun qanchalar tayyor ekani hanuz noma’lum.

“Muzokaralar bo’lib o’tadi, deb umid qilamiz. Afg’oniston hukumati ham shuni istaydi. Ammo buyog’i Tolibonga bog’liq. Muloqot qilish uchun yaratib berilgan imkoniyatdan ular foydalanadimi? Afg’onlar bilan, bu yurt Oliy tinchlik kengashi bilan Afg’oniston kelajagi, tinchlik va murosa yo’lida gaplashadimi? Tolibon o’z qarorini berishi kerak”, - deydi AQSh rasmiysi.

Jangarilar Afg’onistonda hukmronlik qilgan davridagi bayrog’ini Dohadagi idorasiga o’rnatgach, rasmiy Kobul keskin norozilik bildirib, muzokaralarda qatnashmasligini ma’lum qildi.

Elchi Kunningamning aytishicha, Vashington ham bu bayroqning ko’tarilishiga qarshi. AQSh maxsus vakili Jeyms Dobbins Dohaga tashrif buyurganda Tolibon vakillari bilan uchrashmadi, chunki guruh muloqot shartlarini bajargani yo’q, deydi rasmiy. Afg’on Oliy tinchlik kengashi vakillari bilan uchrashish muzokara shartlaridan biri.

“Tolibonning Oliy tinchlik kengashi bilan gaplashishi jarayonning muhim qismi. Biz Vashingtonda prezident Karzay bilan Doha ofisini ochishdan maqsad shu bo’ladi, deb kelishganmiz. Afg’onistonning kelajagi shu xalq bilan hal qilinishi kerak. Bu bizning muzokaramiz emas, balki afg’onlarning muloqoti”, - dedi Kunningam.

Elchining aytishicha, agar Tolibon muloqot olib borishning bu shartlariga ko’nmasa yoki ularga rioya qilmasa, AQSh Dohadagi ofisni yopish haqida o’ylab ko’radi.

Tolibon esa Afg’onistonda qonli hujumlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Kobuldagi Prezident saroyiga uyushtirilgan so’nggi xurujda to’rt jangari o’ldirilgan.

AQShning maqsadi hukumat va muxolif guruhni bir stol atrofiga jamlab, muzokara orqali 12 yillik urushga barham berish. Xalqaro kuchlar kelasi yili mamlakatni tark etishi kutilar ekan, urushni tugatish AQSh missiyasining muhim maqsadiga aylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG