Breaking News

Vatandagi manzara: Toshkent Xillari Klintonga muntazir


Vatandagi manzara: Toshkent Xillari Klintonga muntazir
Vatandagi manzara: Toshkent Xillari Klintonga muntazir

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 22-23 oktabr kunlari Toshkentda kutilmoqda.

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan muzokaralarda asosiy mavzu Afg'onistondagi bugungi vaziyat va AQShning 2014 yil oxirigacha qo’shinlarni olib chiqish rejasi bo’lishi ta’kidlanmoqda.

Klinton xonim tashqi ishlar vazirasi sifatida O`zbekistonga ikkinchi bor safar qilmoqda, 2010-yilning dekabr oyida ham u Toshkentda bo’lib, O'zbekiston rahbari bilan gaplashgan edi.

Sentabr oyida O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniev AQShga safar qilgan va Klinton huzurida bo’lgan edi.

Oktabr boshida esa AQSh va Germaniyaning Afg'oniston va Pokiston bo’yicha maxsus Islom Karimov tomonidan qabul qilindi.

Bu uchrashuv va muzokaralar aloqalar faollashgani va ular asosan Afg’oniston bobida ekanidan dalolat beradi.

O'zbekiston rahbariyati Afg'onistonga yordam masalasi muhokama qilinadigan xalqaro yig’inlar, xususan Germaniya va Turkiyada o’tishi kutilayotgan konferensiyalarda ishtirok etishga tayyor.

Tahlillarga ko'ra, AQSh-Pokiston munosabatlari keskinlashgani Vashingtonni Afg'oniston masalasida mintaqadan muqobil bir ittifoqchi qidirishga majbur etgan. Vashington Islomobodni jangari kuchlarni zimdan quvvatlayotganlikda, Tolibonga qarshi zarur choralar ko’rmayotganlikda ayblab keladi.

Klinton Toshkentda 2010-yilning dekabr oyida ham bo'lgan edi
Klinton Toshkentda 2010-yilning dekabr oyida ham bo'lgan edi

Kecha Kobulda Afg`oniston prezidenti Hamid Karzay bilan gaplashgan Xillari Klinton bugun Pokistonda.

“Bu davlatdan terrorizmga qarshi kurashda dadil qadamlar kutamiz”, - deydi u.

Afg’onistonda jang qilayotgan xalqaro koalitsiyaga zarur vositalar asosan Pokiston orqali tashiladi.

Lekin noharbiy mahsulotlar urush maydoniga endilikda janub orqali emas, shimoldan, Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston orqali yetib kelmoqda.

O'zbekistonda jamoatchilikning umidi shuki, Afg'oniston bahonasida Amerika bilan iqtisodiy-madaniy aloqalar kengayadi. Sarmoya oqimi oshadi, yoshlarning AQShga borib o'qishi va mutaxassislarning malaka oshirishi osonlashadi.

Klinton Toshkentga tashrifida ikki texnologik tashabbusni e'lon qilishi kutilmoqda. Shuningdek, u "General Motors" qo'shma korxonasiga boradi.

Huquq faollari esa AQSh Davlat kotibasi ularning ham dardini tinglaydi degan umidda. Fuqaro jamiyati a'zolari Vashingtondan ularni quvvatlab, mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatga ko'proq e'tibor berishni so'rab keladi.

Ular nazarida Obama ma'muriyati O'zbekistonning repressiv hukumati bilan aloqalarni yaxshilab, erkinlik masalasiga kam diqqat qaratmoqda.

XS
SM
MD
LG