AQShning Toshkentdagi elchixonasiga portlovchi modda otilgan

  • Amerika Ovozi

Toshkentdagi AQSh elchixonasi binosi

Toshkentdagi AQSh elchixonasi binosi

28-sentabr kuni tonggi 7:30 da noma'lum shaxs AQShning O'zbekistondagi elchixonasi hududiga ikkita portlovchi modda uloqtirgan. Ulardan biri portlagan. Hodisada jarohatlanganlar yo'q.

Portlash yuz berishi bilan elchixona yopilgan. Oradan bir necha soat o'tib, kundalik faoliyat uchun qayta ochilgan. Ayni paytda elchixona odatdagidek faoliyat ko'rsatmoqda, ammo xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Elchixona matbuot xizmatining xabar berishicha, amerikaliklarga yoki Amerika manfaatlariga biror tahdid mavjudligi haqida ma'lumot yo'q. O'zbekistonga tashrif buyurayotgan amerikaliklar xavfsizlik bo'yicha so'nggi ma'lumotlardan boxabar bo'lib turish uchun elchixonada ro'yxatdan o'tishlari so'ralgan.

Elchixona e'lon qilgan xabarga ko'ra, hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda va mahalliy xavfsizlik idoralari bilan ham bu borada hamkorlik qilinmoqda.

AQShning O'zbekistondagi elchixonasi 2004-yil 30-iyul kuni ham hujumga uchragan edi. O'shanda AQSh va Isroil elchixonalari hamda O'zbekiston Bosh prokuraturasiga qilingan xuruj natijasida ikki kishi halok bo'lgan va 10 dan ortiq odam yaralangan.

2004-yilgi portlashlar uchun mas'uliyatni O'zbekiston islomiy harakatiga aloqadorligi aytiladigan "Islomiy jihod ittihodi" guruhi o'z zimmasiga olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG