"Choychilar" harakati Kongressda o'z ovozlarini ko'paytirish payida

  • Amerika Ovozi

Rend Pol (Rand Paul), Kentuki shtati senatori, "Choychilar" harakati yulduzi

Rend Pol (Rand Paul), Kentuki shtati senatori, "Choychilar" harakati yulduzi

Amerikada 4-noyabrda Kongressga saylovlar. Vakillar Palatasi a’zolari har ikki yilda saylanadi, senatorlar esa olti yilda. Hozirda ko’plab shtatlarda partiyaviy saylovlar, ya’ni saralash jarayoni avjida. 2010-yilda Vakillar Palatasini demokratlardan tortib olib, u yerda respublikachilarni ko’pchilikka aylantirgan kuch “Choychilar” harakati edi. Nomiga qarab ularni choy bilan bog’liq bo’lsa kerak deb o’ylashingiz mumkin. Aslida ularning dardi hukumat.

Inglizcha "Tea" (Taxed Enough Already) "soliq allaqachon yuqori" degan ma'noni beradi va bu oqim uni kamaytirishga bel bog'lagan.

“Choychilar” o’taketgan konservatorlar bo’lib, Respublikachilar partiyasining eng radikal qanoti hisoblanadi. Ular nazarida bugun Amerikada boshqaruv konstitutsion cheklovlardan chiqib ketgan va fuqarolar ustidan nazorat har qachongidan kuchli. Ular davlatning inson hayotidagi rolini kamaytirish payida. Shuningdek, Amerika xalqaro maydonda ko’p sarf-xarajat qilmoqda deb hisoblashadi.

“Choychilar” asosan dindor nasroniylardan iborat. Kongressning har ikki palatasida o'nlab ovozga ega.

Yaqinlashayotgan saylovda bu harakat nomzodlari e’tiborni mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga qaratmoqda.

Kentuki shtatida konservator tadbirkor Mett Bevin Senatga saylanmoqchi. AQSh byudjetini to’g’rilash asosiy vazifa, deydi u. Amerikaliklar uchun eng muhim muammo hozir iqtisod va ish, deydi nomzod.

“Yurtdoshlarim birinchi navbatda tirikchilik deydi. Ishini yo’qotmaslikni, farzandlari va nabiralari yaxshiroq yashashishini xohlaydi”,- deydi Bevin.

Brayan va Klavdiya Stro singari saylovchilar ham nomzodning gaplarini ma’qullaydi. Shtatga bevosita foydasi tegadigan, iqtisodini kuchaytiradigan siyosatchi kerak.

“Kentukida ishsizlik boshqa joylarga qaraganda yuqori - 7,9 foiz. Ish qidirib yurgan odamlar ovoz berganida avvalo shu omilga ahamiyat qaratadi. Bu nomzod men uchun ish o’rinlari yaratadimi deb so’raydi”,- deydi Brayan.

Bevin fikricha davlat sarf-xarajatlarini kamaytirib, ya’ni hukumat hajmini kichraytirib, mablag’ni bizneslarni quvvatlash, tadbirkorlarga imtiyoz berish singari maqsadlarga ishlatish kerak.

Hozir hukumat hammayoqqa tumshug’ini tiqadi, deydi Bevin. Prezident Barak Obamani u samarasiz siyosatda, o’jarlikda ayblaydi.

Ayova shtatidan Senatga nomzod Mett Uitaker deydiki, Obama sog’liqni saqlash sohasida boshlagan islohotlar baribir ish bermaydi; xalq noroziligi oshib, qonun o’zgaradi.

Lekin ayrim siyosiy sharhlovchilar fikricha bu safar “Choychilar” oldingidek shuhrat qozona olmasligi mumkin.

Kentuki universitetidan professor Al Kross:

“Bilasizmi, odamlar charchadi bu harakatdan va ularning asossiz iddaolaridan”.

Shimoliy Karolina shtatidamiz.

Mo’tadil respublikachi da’vogarlar partiyaviy saylovda “Choychilar” vakillarini yutib, rasman nomzodlikni qo’lga kiritishdi.

Nebraska shtatida esa “Choychilar” quvvatlovi bilan da’vogar Ben Sasse nomi endi saylov byulletenida.

Kentuki shtatida Mett Bevin uzoq yillik senator Mitch Makkonnellning o’rniga ko’z tikkan. Makkonnellning nufuzi, unga nisbatan ishonch oxirgi paytda juda pasayib ketgan.

“Makkonnellning reytingi prezident Obamaniki bilan teng. Juda past. Ko’rinib turibdiki, bu senatordan charchaganmiz. Lekin bu uning o’rniga yana bir konservatorni ma’qul ko’ramiz degani emas”,- deydi professor Kross.

Makkonnell nomzodlikni qo’lga kiritsa ham demokratik raqibini yengishi uchun yetarlicha ovoz to’play oladimi? Keksa siyosatchi uchun bu yil murakkab kechayotgani aniq.

“Makkonnell uchun bu hayot- mamot uchun kurash. Axir u Senatda respublikachilar lideri. Yutqazsa, tamom”,- deydi professor Kross.

Oldin partiya o’z nomzodlarini saralab oladi, raqib partiya nomzodlari bilan bellashuv esa avgust, sentabr va oktabr oylarida ayniqsa qiziydi. Chunki debatlar shu davrda bo’lib o’tadi. Xalqning ularga yakuniy bahosini esa saylov kuni bilamiz.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG