AQSh olimlari bioyoqilg'i texnologiyalari ustida izlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Jo'xori - AQShda bioyoqilg'i olinadigan ekinlardan biri

Jo'xori - AQShda bioyoqilg'i olinadigan ekinlardan biri

Neft va tabiiy gaz narxi tushib borayotganiga qaramay, AQSh hukumati muqobil energiya manbalari bo'yicha tadqiqotlar uchun mablag' ajratishda davom etmoqda. Bioyoqilg'i ishlab chiqarishda qo'llanadigan ekinlar hosildorligini oshirish bilan birga, tadqiqotchilar ularni qayta ishlash jarayonini yanada samaraliroq qiladigan maxsus texnologiya yaratish ustida ham ishlamoqda.

Bu robot mashina sanoat ekinlarini nazorat qiladigan tizimning bir qismi bo'ladi. U Karnegi Mellon universitetining sun'iy idrok laboratoriyalaridan birida issiqqa va suvsizlikka chidamli jo'xori qatorlari orasida harakatlanmoqda. Bu ekin quruq yerlarda ham o'sadi va undan oziq-ovqat va bioyoqilg'i olish mumkin.

Ikkinchi tomonda tadqiqotchi talabalar mashinaga o'rnatiladigan robot qo'lni tekshirmoqda.

Ularning ustozi Jorj Kentorning aytishicha, sensorlar tarmog'i va kuzatuv dronidan tashqari, tizimga ekinlar orasida yuradigan robot mashina ham kerak bo'ldi.

"Bozorda mavjud qismlardan foydalanib, ularni birga yig'ishga harakat qildik. Afsuski, tijoriy ishlab chiqarilgan robotlar bizning talablarga mos kelmadi. Shuning uchun qo'shimcha ravishda o'zimizning robotni ishlab chiqaryapmiz", - deydi u.

Bioenergiya ekinlarini o’stirish ularni muntazam kuzatib turishni talab qiladi. Ulkan dalalarda bu ishni odamlarga emas, robotlarga topshirgan yaxshi.

“Vizual ma’lumotlarni yig’ishimiz uchun kameralar bilan ishlaymiz. Lazerli skanerlar orqali ham axborot to’playmiz. O’simlikka ta’sir qiladigan, ko’z bilan ko’rib bo’lmaydigan radiatsiya darajalariga ham e’tibor qaratamiz”, - deydi Kentor.

Robot mashina kameralari orqali yig’ilgan axborot kompyuterlarda tahlil qilinadi. Shu yo’l bilan tadqiqotchilar jo’xori haqida odam ko’zi ilg’ay olmaydigan ma’lumotlarni qo’lga kiritadi.

“Bundan tashqari, nomoddiy narsalar orasidagi munosabatlarni ham o’rganyapmiz. O’simlik genetikasi va atrof-muhit munosabatlari, ekinning qanday o’sishi kabi masalalarni bilishni xohlaymiz”, - deydi tadqiqotchi.

Karnegi Mellon tadqiqotchilarining aytishicha, robot mashina iyun oyiga borib Janubiy Karolinadagi Klemson universiteti dalalarida sinovga qo’yiladi. Loyiha AQSh Energiya departamenti tomonidan moliyalanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG