AQSh-Markaziy Osiy: llmiy va texnologik hamkorlik kengayadi


Gulnora Anvarova, Tojikistondan taklif qilingan muhandis, tadqiqotchi, Kaliforniya shtatida malaka oshirib, muqobik energetika sohasi bilan tanishdi

Gulnora Anvarova, Tojikistondan taklif qilingan muhandis, tadqiqotchi, Kaliforniya shtatida malaka oshirib, muqobik energetika sohasi bilan tanishdi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining ta’lim va madaniy masalalar bo’yicha muovini Evan Rayan, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, yoshlarni quvvatlash ustuvor maqsad deydi.

Markaziy Osiyoning besh respublikasida bo’lib, rahbarlar, tadbirkorlar va yoshlar bilan muloqot qilgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri mintaqa tinchligi va farovonligi yosh avlod qo’lida, dedi.

Markaziy Osiyoni taraqqiy ettirish aholining ko’pchiligini tashkil etuvchi yoshlar zimmasida. Keng va tanqidiy fikrlashni o’rganing; nega va qanday qilib deya savol berish ilmga yetaklaydi; cheklov va to’siqlarni yengishga urining; qo’rqmang, o’zingizga ishoning, deya nasihat qildi Kerri Qozog’iston va Qirg’izistondagi yetakchi universitetlarda so’zlar ekan.

Markaziy Osiyoda inson kapitaliga sarmoya qilamiz, degan gaplarni Vashingtonda ko’p eshitamiz. Xo’sh, bu nima degani?

Qo’shma Shtatlar joriy yilda Markaziy Osiyoga jami 113 million dollarlik yordam ko’rsatmoqda - xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va islohotlar yo’lida.

Kerri 1-noyabr kuni Samarqandda mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan muloqotda shuni ta'kidladiki, Vashington yangi dasturlarni ishga soladi. Biznes, iqlim va atrof-muhit, suv, ta'lim va madaniy sohada millionlab dollar ajratilishi kutilmoqda.

1991-yildan beri esa AQSh Markaziy Osiyoga jami 8,8 milliard dollarga teng yordam ko'rsatgan. Bu ulkan madad, deya bildiradi Davlat departamenti.

AQSh mintaqada Xitoy, Yaponiya va Rossiya bilan bellashmoqchi emas. Ular qancha ko’p sarmoya kiritsa, Markaziy Osiyo uchun shuncha yaxshi, deydi diplomatlar, muhimi, xalqlar bu hamkorlikning foydasini ko’rsin.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining ta’lim va madaniy masalalar bo’yicha muovini Evan Rayan (Evan Ryan) xonim “Amerika Ovozi” bilan suhbatda yosh mutaxassislarni qo’llab-quvvatlash hamisha ustuvor maqsadlardan biri ekanini aytadi.

Rayan xonim Davlat kotibining Markaziy Osiyoga safari ta’limiy va madaniy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi va yangi loyihalar boshlash uchun eshiklarni kengroq ochadi degan umidda. Ilm-fan va kasbiy mahorat bobida hamda madaniy jabhalarda hamkorlik qilish xalqlarni real tarzda yaqinlashtiradi, deydi rasmiy.

Kongressdan bu dasturlar uchun yetarlicha mablag’ olish hamisha murakkab masala. Qonunchilar, xo’sh, Amerika dollarini bunday programmalar uchun sarflash nima manfaat keltirmoqda deya so’raydi.

Amerikada malaka oshirib yoki bilim olib yurtiga qaytib ijobiy o’zgarishlar qilayotganlar ko’p, lekin bu o’zgarishlarni o’lchash oson emas. Natijani his qilish uchun vaqt kerak, deydi diplomatlar.

Shunisi aniqki, mintaqa yoshlari intiluvchan, zahmatkash, qo’llab yuborishga arziydi, deydi rasmiylar. Albatta, bu yoshlarning hukumatlari ham shuni xohlashi va zarur sharoit yaratib berishi lozim.

Amerikada bilim olganlar yurtiga qaytib, mavjud tuzumlarni ag’darishga urinadi degan qo’rquv hamisha hukmron. Almashinuv dasturlarida qatnashadiganlar ko’p hollarda hukumatda ishlaydigan yoshlar, davlat organlarida jonbozlik ko’rsatayotgan mutaxassislar.

AQSh Davlat kotibi muovini Evan Rayan TECHWOMEN degan dasturda bu yili Markaziy Osiyodan ham qatnashuvchilar borligini ulkan yutuq deb ataydi.

Texnologiya sohasida asosan erkaklar ishlaydi biroq xotin-qizlar ham o’z hissasini qo’shishga intilmoqda. Masalan, axborot texnologiyasi yoki muqobil energiya yo’nalishlarida.

TechWomen programmasi asosida Amerikaga kelib besh hafta malaka oshirgan yosh ayollardan ikki nafari O’zbekiston va Tojikistondan. TechWomen dasturi Davlat departamenti homiyligida yuritiladi. Uning doirasida rivojlanayotgan davlatlardan yosh liderlar tanlanib, raqamli va axborot texnologiyasi o’chog’i hisoblangan Silikon vodiysidagi kompaniyalarga taklif qilinadi.

Gulnora Anvarova – muhandis. U Tojikiston Texnologiya universitetida energetika sohasida izlanmoqda, tadqiqotchi, o’qituvchi. Organik chiqindidan quvvat olish usullarini o’rganmoqda, sinab ko’rmoqda va Amerikaning bu boradagi tajribasi bilan tanishdi. Vataniga qaytib, quvvatga muhtoj xalqining talabini qondirish yo’lida xizmat qilishga bel bog’lagan. Qizlar ham aniq fanlarga qiziqadi, deydi u, astalik bilan o’z mahoratini namoyon etmoqda.

Gulnora Shimoliy Kaliforniyada iflos suvni qayta ishlash tizimi bilan tanishdi. Tojikistonda quvvat asosan suvdan olinadi va qishda tok yetishmaydi, aholi qiynaladi.

AQSh Davlat kotibi muovini Evan Ryan "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova bilan, Vashington

AQSh Davlat kotibi muovini Evan Ryan "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova bilan, Vashington

Amerika mutaxassislari bilan yonma-yon izlanib, chiqindidan quvvat ishlab chiqarish sirlarini o’rgandim, deydi u. Muqobil energiya manbalari yetarli, demak, quvvatga talabni qondirish yo’llari bor, faqat harakat qilish kerak, deydi Gulnora.

Quyosh nuridan quvvat olish mumkin, chiqindidan quvvat olish mumkin – yo’lini o’rgansak, zarur tizimlar ishga tushsa, hamma foyda ko’radi, ayniqsa qishloq joylardagi hamyurtlarim, deydi suhbatdoshimiz.

Dastur homiysi - AQSh Davlat departamenti

Dastur homiysi - AQSh Davlat departamenti

TechWomen programmasida O’zbekistondan qatnashgan Vasila Karimova esa xalqqa xizmat ko’rsatishning elektron usullari bo’yicha mutaxassis; axborot texnologiyasi va aloqa sohasida yetakchilik qilayotgan yoshlardan.

“Silikon vodiysi Amerikaning faxri va uni global miqyosda tanitgan kashfiyotlar makoni. Almashinuv dasturlari orqali bu yerdagi tajribani dunyo bilan bo’lishish, nazarimizda, eng ma’qul yo’l. Markaziy Osiyo texnologik taraqqiyot sari harakat qilar ekan, ayollar ulkan hissa qo’shishga qodir. Biz esa yordam beramiz.”

Bu qizlar yurtiga o’ziga xos malaka va bilim bilan qaytayotganidan nihoyatda xursandmiz, deydi AQSh Davlat kotibi muovini Evan Rayan. Kelajakda bunday imkoniyatlar boshqalarga ham nasib etadi va hamkorlik oshadi, deya umid qiladi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG