Fohishalikdan yangi hayotga... Amerika ko'chalarida

  • Amerika Ovozi

Uyidan qochgan o’smirlar ba’zan fohishalik bilan shug’ullanishga majbur bo’ladi. Los-Anjelesda bunday yoshlarni qutqarib, ularga yangi hayot bag’ishlaydigan “Oqshom bolalari” nomli bir tashkilot bor.

Bugun bu bolalar o’z tengdoshlari kabi hayot kechiryapti. O’yin o’ynaydi, o’qiydi, meditatsiya qilishga ham vaqt topadi.

Bungacha ular ko’chada edi. Fohishalik bilan shug’ullanadigan qo’shmachilar qo’lida.

Alisa 15 yoshda. U bir yil avval opasi va bir qo’shmachi tomonidan o’z tanasini sotishga majburlandi.

“U meni kun bo’yi mehmonxonada mijozlar ko’nglini ovlashga majburladi. Hech qayoqqa chiqmadim. Oilam bilan gaplashishga ham ruxsat berishmadi”, - deydi u.

Politsiya qo’liga tushgach, Alisani bu yerga olib kelishdi. Bolalar hozir xususiy maktabda ta’lim olyapti. Ularni to’g’ri hayotga boshlash uchun maslahat ishlari ham olib borilyapti. Amberning yoshi 17da.

“Hammamiz bir xilmiz bu yerda. Bir-birimizga yordam beramiz, suyanamiz, o’rganamiz. Bir oiladay bo’lib ketganmiz”, - deydi u.

Amerikaliklar odam savdosi Osiyo kabi olis mintaqalarda ro’y berishi haqida ko’p eshitgan. Ammo AQShning o’zida ham o’smir yoshlarning bu jinoyatga qurbon bo’layotganini ko’pchilik bilmaydi, deydi Los-Anjeles politsiya ofitseri Shon King.

“Xalqaro odam savdosi bilan bog’liq jinoyatlar ketidan quvib, AQShning boshqa shtatlari tugul, o’zimizda, Los-Anjelesda yuz minglab odamlar shunday jinoyat qurboni bo’layotganini unutamiz”, - deydi politsiyachi.

Los-Anjelesda aholini muammodan ogohlantirish bo’yicha kampaniya boshlangan.

“Oqshom bolalari” tashkiloti asoschisi Luis Li bu ishda yordamchi bo’layotgan jamoatchilik vakillariga, xususan, mahalliy biznesmenlar va kinostudiyalarga minnatdorlik bildiradi.

Uning aytishicha, tashkilot vakillari va ko’ngillilar yordami bilan minglab sobiq fohishalar hozir to’g’ri hayotga qaytgan.

“Ko’plari hozir professional kasb egasi. Maktablarni boshqarayotgan o’qituvchilar bor. Reklama sohasida ham ishlashyapti. Ayrimlari korporatsiyalarda ijrochi direktor”, - deydi “Oqshom bolalari” tashkiloti rahbari.

Lining aytishicha, bolalarning aksariyati bu yerda boshqa o’smirlar kabi o’qish, o’ynash va yashash orqali o’zlarini xavfsiz sezadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG