"Telegram" - jihodchilarning eng ommaviylashgan aloqa vositasi

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" guruhi jangarilari bir-biri bilan masofada aloqa qilish uchun yana "Telegram" uyali aloqa vositasidan ommaviy tarzda foydalanmoqda. Rossiyalik Pavel Durov tomonidan ishlangan programma mukammal ravishda shifrlanganligi bilan ajralib turadi.

Noyabr oyida Parijda sodir etilgan terror xurujlaridan so'ng Rossiya hukumati Durovdan messenjer orqali olib borilgan yozishmalar va shifr kalitini berishni so'ragan, biroq muhandis va tadbirkor yo'q deb javob berib keladi.

Dunyo bo'ylab "Telegram"dan 60 million odam foydalanadi. Kuniga messenjer orqali 12 milliard yozishma o'tadi. Applikatsiya ichida maxfiy tarzda aloqa qilsa bo'ladi, shu sabab, izlanish natijalariga ko'ra, turli jihodchi guruhlar a'zolari o'zaro aynan Telegram orqali muloqot qilishni afzal ko'radi.

Parij qatliomidan so'ng Pavel Durov "Islomiy davlat"ga aloqador 78 ta mijozga doir ma'lumotni maxsus xizmatlarga oshkor qilishga majbur bo'ldi.

"Telegram"da sentabr oyida kanallar xizmati ishga tushib, u orqali cheksiz miqdorda abonentlarga ma'lumot uzatish mumkin. Foydalanuvchilar "Telegram"ning xususiy maxfiy xonalarida birga-bir yoki guruh bo'lib aloqa qilishi mumkin. So'nggi haftalarda "Islomiy davlat" jangarilari va jihodchilar "Telegram" orqali odamlarni yollashga harakat qilgan, targ'ibotini yoygan, razvedka idoralariga ko'ra, hatto, xurujlarni rejalagan bo'lishi mumkin. Ularning yozishmalarini ko'rib yoki o'qib, shifrini buzib bo'lmaydi.

Jihodchilar xulq-atvorini o'rganuvchi Vashingtondagi izlanish markazi direktori Stiv Stalinskiyning aytishicha, "Telegram" "Islomiy davlat" yoki al-Qoida kabi guruhlar uchun ommapoblikda "Twitter" sahifasidan ham o'zib ketishi mumkin.

“Bir necha kun burun Tolibon ilk bor "Telegram"ga yozildi", - deydi ekspert.

AQSh va Yevropa rasmiylarining bildirishicha, Parij xurujlarini uyushtirishda jangarilarning mukammal texnologiyali aloqa vositalaridan foydalangani hali isbotlanmagan. Biroq Suriyadagi safdoshlari bilan muloqot qilishda ular xavfsiz aloqa vositasining qandaydir ko'rinishidan foydalangan bo'lishi kerak edi, deydi ular.

"Telegram" aka-uka Pavel va Nikolay Durovlar tomonidan ishlangan bo'lib, bosh idorasi Germaniyada joylashgan. Pavel Durov Vkontakte sahifasining asoschisi hamdir. Uni "Rossiyaning Mark Sukerbergi" deb atashadi.

Durov o'ta kuchli liberal qarashlarga ega bo'lib, Rossiya xavfsizlik boshqarmalari bilan chiqisha olmay, "Vkontakte"ni oldirib qo'ygan.

"Jihodchilarning "Telegram"dagi faoliyatini oktabr oyidan beri kuzatamiz. Parij voqealaridan oldin jangarilar orasida "Telegram" ommaviylashib bordi. Jihodchilar o'zaro aloqa uchun ilk bor ikki yil oldin "Twitter"dan foydalana boshlagan. Durovga qattiq bosim qo'yishdi va u "Telegram"da jihodchilarga tegishli sahifalarni yopib qo'yishga majbur bo'ldi. Biroq hozir ular "Telegram"ga yana qaytib kelib, oldingidan ko'proq sahifa ochdi. Har kuni yangi jihodchi abonentlar qo'shilmoqda. Bir kechaning o'zida 10 mingdan ziyod chat qayd etildi", - deydi Stiv Stalinskiy.

Durovga ko'ra, "Telegram"ning yozishmalarni shifrlash texnologiyasi "Twitter" va "WhatsApp"nikidan ham ilg'or.

"Telegram" kanallari orqali ko'plab abonentlarga ma'lumot uzatgan odamning shaxsini bilish mumkin emas. Kanal faqat unga qancha odam yozilganini ko'rsatadi, biroq abonentlarning haqiqiy nomlarini emas. "Twitter"da esa ma'lumot uzatganning ham, uni olganning ham kimligi ayon.

"Telegram" abonentlari ma'lumotni bir kanaldan boshqa abonentlarga uzatib, jihodchilar tashviqotini kengaytirishda qo'l keladi. "Islomiy davlat"ga aloqador kanallarda qurol tayyorlashni o'rgatuvchi videolar bo'lib, jihodchi guruhlariga aloqasi yo'q, ammo ularning da'vatlariga qiziqqan yolg'iz odamlarni mustaqil ravishda xuruj uyushtirishga chaqirishadi.

Kanallarda aloqa faqat bir tomonlama bo'lib, abonentlar ma'lumotni guruhga yuborgan odamga javob bera olmaydi, ya'ni ekstremistlar mafkurasiga qarshi kurash, uni savolga tutish imkoniyati yo'q.

Xususiy guruhlarga mingtagacha odam kirishi mumkin. Maxfiy chat xonalaridagi yozishmalar "Telegram" serverlarida saqlanmaydi va yozishmani butunlay yo'q qilish funksiyasi bor.

AQSh va Yevropa rasmiylari yuqori texnologiyali kompaniyalar terrorizmni qo'llab-quvvatlayapti, deya shikoyat qilib keladi.

Ma'lum qarshilikdan so'ng "Facebook", "Google" va "Twitter" xizmatlari davlat idoralari bilan hamkorlik qilishga rozi bo'lib, ekstremistik mazmundagi yozishmalarni olib tashladi, ammo shifrlangan aloqalarni kuzatish vakolatini bermoqchi emas.

"Silikon vodiysi"dagi texnologik kompaniyalar rahbarlari ular uchun ustuvor vazifa milliy xavfsizlik emas, mijozlarining shaxsiy xavfsizligi ekanini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG