Breaking News

Davlat departamentidan matonatli ayollarga mukofot


"Jasoratli ayol" xalqaro mukofoti har yili beriladi
"Jasoratli ayol" xalqaro mukofoti har yili beriladi

AQSh Davlat departamenti o'n davlatdan o'n matonatli ayolni mukofotlaydi. "Jasoratli ayol" yillik xalqaro sovrini har yili Xalqaro xotin-qizlar kuni, 8-mart munosabati bilan taqdim etiladi.

Qo'shma Shtatlar har yili jahonning turli burchaklarida tinchlik, adolat, inson huquqlari, jinsiy tenglik va ayollarni qo'llab-quvvatlashda jonbozlik ko'rsatgan xotin-qizlarni shu tariqa siylaydi. Bu ayollar ko'pincha o'z hayotini xavf ostiga qo'yib ishlashga majbur.

Joriy yilgi g'oliblar ekstremizmga qarshi kurash, xavfsizlikni ta'minlash, Ebola virusi bilan olishish kabilarda matonat ko'rsatgan insonlardir.

Ushbu mukofot 2007-yilda ta'sis etilgan. Shundan beri Davlat departamenti 50 dan ziyod yurtdan 86 ayolni taqdirladi.

2015-yilgi mukofot sohibalari:

Afg'oniston harbiy havo kuchlari kapitani Nilufar Rahmoniy;

Bangladeshdan jurnalist, ayollar huquqlari uchun kurashayotgan Nadia Sharmin;

Boliviyadan huquq faoli Rosa Julyeta Montano Salvatyerra;

Myanmada jinsiy tenglik targ'ibotchisi May Sabe Pyu;

Markaziy Afrika respublikasidan huquq faoli Beatris Epaye;

Gvineyada Ebola virusidan sog'aygan hamshira Mari Kler Chekola;

Yaponiyadan huquq faoli Sayake Osakabe;

Kosovodan jurnalist Arbana Ksarra;

Pokistondan huquq himoyachisi Tabassum Adnan;

Suriyada xotin-qizlarni quvvatlovchi markaz rahbari Majd Chorbaji.

Bu ayollar Vashingtonda mukofotlash marosimidan keyin Amerika bo'ylab safar qiladi va hamkasblar bilan ko'rishadi. Ular Atlanta, Chikago, Des-Moynes, Indianapolis, Kanzas-Siti, Los-Anjeles, Pensakola, Pittsburg va San-Diyegoda bo'ladi. Shuningdek, Nyu-Yorkda BMTning Ayollar masalalari bo'yicha komissiyasi yig'inida qatnashadi.

2009-yilda O’zbekistondan inson huquqlari himoyachisi Mo’tabar Tojiboyeva (video), 2011-yilda yilda esa Qirg’izistondan o’sha paytdagi prezident Roza Otunbayeva (video) “Jasoratli ayol” (International Women of Courage) unvoniga munosib ko’rilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG