Xalqaro hamjamiyat terror moliya manbalariga qarshi kurashni kuchaytiradi

  • Amerika Ovozi

Xalqaro hamjamiyat yetakchilari Xitoyda o'tgan Katta yigirmalik sammitida, 4-sentabr, 2016-yil.

Xalqaro hamjamiyat yetakchilari Xitoyda o'tgan Katta yigirmalik sammitida, 4-sentabr, 2016-yil.

Xitoyda yig'ilgan dunyo yetakchilari olti oy ichida terror faoliyatlarini moliyalovchi pul oqimlarini to'xtatishga xizmat qiladigan strategiya ishlab chiqishga kelishib oldi.

Yevropada yuz bergan so'nggi xurujlar ortidan jahonning eng katta iqtisodiyotga ega 20 davlati 2017-yilning martigacha Terrorchilar moliyasiga qarshi kurash bo'yicha umumiy strategiya tayyorlashni rejalamoqda.

Yangi rejada soliq undirish, pul talab qilish, tabiiy zaxiralar savdosi, madaniy boyliklarni talash, pul undirish niyatida odam o'g'irlash kabi terrorchi guruhlarining asosiy moliya manbalarini yo'q qilish yo'llari qamrab olinadi.

Qiyin vazifa

"Katta yigirmalik" yetakchilari barcha davlatlarni 15 yildan beri terrorchilikni moliyalashga qarshi kurashib kelayotgan guruh tavsiyalarini qabul qilishga undamoqda, deydi Londonda joylashgan Katta yigirmalik tadqiqot guruhi direktori Denis Rudich.

"Harakat rejasining ijro qilinishi muhim. Yetakchilar huquq-tartibot idoralariga hamda 11-sentabr voqealaridan beri terrorizm moliyasiga qarshi kurashib kelayotgan Moliyaviy choralar ishchi kuchiga ko'proq mablag' ajratishi kerak", - deydi u.

Ikki kunlik muzokaralar ortidan Katta yigirmalik davlatlari terrorizmga qarshi kurashda o'zaro axborot almashish, terrorchilar mulklarini muzlatish hamda terror moliyasi uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish kabi sohalarda yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Ammo bu choralarni amalga oshirish yo'lida jiddiy to'siqlar bor. Ko'plab davlatlar Moliyaviy choralar ishchi kuchi ishlab chiqqan standart va uslublarni amalda tatbiq etmagan.

"Davlatlar yangi qonun ishlab chiqishi ancha vaqt oladi. Ularning ko'pi shunday qilgan taqdirda ham, uning ijro qilinishi muhim", - deydi Rudich.

Rivojlangan davlatlar Afg'oniston, Pokiston, Iroq va Suriya kabi davlatlarda faoliyat yuritayotgan terror guruhlarining moliyaviy manbalarini qanday nazorat qiladi?

"Buning eng samarali usullaridan biri yangi choralarni amalda tatbiq qilmayotgn davlatlarni nomma-nom tilga olish va uyaltirishdir", - deydi Rudich.

Katta yigirmalik sammiti o'z a'zolari hamda Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasidan rivojlanayotgan davlatlarga yangi standartlarni qabul qilishda yordam berishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG