Terrorchilarga tovon puli to'lash kerakmi?

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" radikal guruhi ayol a'zolari

"Islomiy davlat" radikal guruhi ayol a'zolari

Ikki amerikalik jurnalist - Jeyms Foli va Stiven Sotloffning Iroqda qatl etilganidan so’ng AQSh “Islomiy davlat” radikal guruhiga ularni ozod etish uchun pul to’lashi kerakmidi, degan savol muhokamada.

“Islomiy davlat” Jeyms Folini ozod etish uchun uning oilasidan millionlab dollar talab qilgan. Sotloffning hayotini saqlab qolish uchun ham jihodchilar pul so’raganmi, yo’qmi, hozircha noma’lum.

Foli ishlagan “GlobalPost” internet axborot agentligi prezidenti Filip Balbonining aytishicha, AQSh hukumati terrorchilarga pul to’lashni man etishi jurnalistning ota-onasiga ma’lum edi.

“Shunga qaramasdan, ular o’g’lini qutqarish uchun mablag’ to’plashga harakat qilishdi. Jeymsni garovga olganlar qancha kerakligini aniq aytmagan. Muzokara davom etayotgan edi. Lekin boshidan oila a’zolari talab qilinayotgan pulni imkon qadar to’lashga tayyor edi”, - deydi Balboni.

Yeshiva universitetidan huquqshunos-professor Debora Perlsteynning qayd etishicha, AQShda terrorchilar bilan muzokara olib borish yoki ularga pul to’lashni taqiqlaydigan qonun yo’q.

“Kongress bunday qonun qabul qilishi mumkin edi, ammo qilmagan. Shuning uchun AQSh hukumati “biz terrorchilar bilan muzokara qilmaymiz, ularga pul to’lamaymiz” deganida amaldagi siyosat nazarda tutiladi, qandaydir qonunlar emas”, - deydi professor.

Boshqa bir huquqshunos Jon Makginnis tahlilicha esa ayrim guruhlarga pul berish qonunga xilof.

“Umuman olganda, federal qonunlar garovga olingan odamni qutqatish uchun pul to’lashni taqiqlamaydi. Ammo Moliya vazirligi qoidalariga ko’ra, al-Qoida va boshqa terror guruhlariga pul yuborish man etilgan,” - deydi u.

Daniel Benjamin AQSh Davlat departamentida aksil-terrorizm masalalari bilan shug’ullangan. Uning aytishicha, odamlarni garovga olish bilan bog’liq holatlarda AQSh hukumati yuqorida tilga olingan qonun-qoidalarni hech qachon tatbiq etmagan.

“Tovon to’laganlar AQSh qonunlariga ko’ra terrorizmni qo’llab-quvvatlashda ayblanishi mumkin. Lekin hukumat hech qachon bunday qilmagan. Chunki oila a’zosining o’g’irlanishi kabi fojeani boshdan kechirgan fuqarolarni jazolash jamoatchilik orasida chuqur norozilik uyg’otgan bo’lardi”, - deydi ekspert.

Hozirda BMT Xavfsizlik kengashining terrorchilarga pul yuborishni taqiqlaydigan ko’pgina qarorlari hamda xalqaro bitimlar amal qiladi.

Ammo shu paytgacha o’z oila a’zosi yoki xodimini ozod etish uchun terrorchilarga pul to’lagan shaxslar yoki kompaniyalar jazolangan emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG