Akbar Ahmad: Terrorga qarshi urushni qayta ko'rib chiqish lozim

  • Amerika Ovozi

Akbar Ahmad, olim, va sobiq diplomat

Akbar Ahmad, olim, va sobiq diplomat

Amerikalik olim Akbar Ahmadning aytishicha, terrorga qarshi urush diniy ekstremistlarga haddan ziyod urg’u berib, qishloq aholisi ehtiyojlarini qondirishda oqsayotgan markaziy hukumatlar zaifligini ko’zdan qochirmoqda. Bir necha musulmon mamlakatdagi ahvolni tahlil qilgan kitobda shunday xulosa qilinadi.

Malida al-Qoidaga aloqador jangarilarga qarshi kurashgan fransuz askarlari Tuareg isyonchilari nazoratiga o’tgan hududlarda tartibni tiklashda ham yordam berdi.

Biroq Musa Ag Umeyta kabi mahalliy yetakchilar nazarida mojaroga barham berish uchun qishloq hayotini yaxshilash zarur.

"Barcha muammolar negizi shimoldagi qashshoqlik va taraqqiyotning yetishmasligida", - deydi u.

Fransiya prezidenti Fransua Ollandning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Afrikada yangi tahdidlarga yuz tutar ekan, bu jiddiy muammo.

Saxeldagi beqarorlik hal etilmagan mojarolarni avj oldirib, terrorizmga turtki berishi mumkin. 30 yildan beri jabr ko’rayotgan aholi hayotini zudlik bilan yaxshilashga kirishish zarur, dedi Olland.

Diplomat, dinshunos olim va yozuvchi Akbar Ahmad Afg’oniston, Pokiston, Yaman, Somali, Filippin janubi, Mali va Nigeriyada terrorga qarshi kurashni o’rganib, yaqinda bir kitob yozdi.

"Bu mamlakatlarda markaziy hukumat bilan chiqisha olmaydigan yirik qabilalar mavjud. Barchasi iqtisodiy muammolarni boshdan kechirayotgan hududlarda joylashgan. Ular nazarida Qo’shma Shtatlar jamiyatlarning islomga munosabatini yaxshi tushunmaydi", - deydi olim.

Masalan, Nigeriyada Boko Haram jangarilariga qarshi kurashayotgan hukumat aholi diqqatini iqtisodiy muammolardan chalg’itish uchun islomiy fundamentalizmga katta urg’u bermoqda, deydi Akbar Ahmad.

"Hukumat muammoni AQSh va Yevropaga boshqacha ta’riflab, ularni mojaroga jalb qilgandan so’ng, ziddiyat haqiqiy jihod tusini oladi va natijada, mojaro G’arbning, nasroniylarning musulmonlarga qarshi to’qnashuviga aylanadi", - deydi u.

Akbar Ahmadning aytishicha, markaziy hukumatlar butun boshli qabilalarni dushmanga chiqaradi.

"Jinoyat va zo’ravonlikka moyil 100, 500 yoki 5000 kishidan tashqari qabilaning 5, 10 yoki 15 millionlik aholisi ham dushmanga aylanadi. Bu esa katta baxtsizlik. Butun mamlakat uchun", - deydi Ahmad.

Nafaqat mamlakat, balki butun xalqaro hamjamiyati uchun ham.

"Afg’onistonda ahvol endi barqarorlashayotgan, Pokiston saylovlarga tayyorgarlik ko’rib, mamlakat demokratik yo’lga kirayotgan bir paytda AQSh va Yevropa terrorga qarshi yangi urushga boshini suqmoqda. Va Saxelda hamma narsa yana boshidan boshlanayotgan ko’rinadi", - deydi u.

Akbar Ahmadning aytishicha, bu jarayon qayta takrorlanmasligi uchun terrorga qarshi urushni qayta ko’rib chiqish lozim.

"Agar muammo qabilalar madaniyati, qoidalari va an’analaridan kelib chiqayotgan bo’lsa, yechimini ham o’shalardan izlash lozim. Din yoki Qur’on oyatlaridan emas", - deydi olim.

Akbar Ahmad zaif markaziy hukumatlar va qishloq joylarda ozchilikdagi etnik guruhlar bilan mavjud ziddiyatlarni hal etishni tavsiya qiladi.



  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG