Terrorizmga doir ishlar qaysi sudda ko’rilishi kerak? AQShda kechayotgan muhokamalar


Xolid Shayx Muhammad

Xolid Shayx Muhammad

Qo’shma Shtatlarda terror xurujlari amalga oshirilib, minglab insonlar halok bo’lganiga 9 yildan oshdi.

Bu hujumlar ortida turganlikda gumon qilinib qamoqqa olingan Xolid Shayx Muhammad qachon va qayerda sud qilinishi noma’lum.

Sud Nyu-Yorkda o’tishi kerak deb chiqayotganlar ko’p, lekin shahar hokimiyati bunga qarshi.

Obama ma’muriyati 2001 yilning 11 sentabridagi xurujlarda ayblangan shaxslarni federal sudda javobgarlikka tortishni taklif qilgan. Nyu-York shahar meri Maykl Blumberg keyin fikridan qaytdi. Bunday sudlar shahar xavfsizlik xarajatlarini osmonga ko’tarib yuboradi, deydi u.

“Soliq to’lovchi gardaniga buncha yuk bo’lib tushmaydigan, kamroq g’avg’oga sabab bo’ladigan boshqa joylar bor. Nyu-Yorkdan tuzuk u yerlar. Misol, harbiy bazalari bor, chekka shaharlarchi? ”

Kongressda, ayniqsa respublikachi qonunchilar fikricha, terrorga doir ishlar fuqaro sudida o’tishiga qarshi. Ular nazarida Obama masalani harbiy tribunalga oshirmay, terrorchilikda ayblanayotgan xatarli shaxslarni papalamoqda.

“Terrorchi harbiy sudda javob berishi kerak. Nega fuqarolik sudlariga topshirildi bu ishlar? Qonunda bunaqa deyilmagan-ku! Tarixda ham bo’lmagan. Qachon aniqlik kiritiladi?” - deb so’raydi senator Jeff Seshns.

Adliya vaziri Erik Xolder masala qaltis ekanini tan oladi.

“Xolid Shayx Muhammad va uning safdoshlarini qayerda sud qilish masalasi hali ham muhokamada. Fuqaro sudi deganlar ham, harbiy tribunalni yoqlaganlar ham deyarli baravar. Uni hal qilishda ham qonuniy jihatlar, ham xavfsizlikka doir omillar hisobga olinishi kerak”.

Terrorizm yuzasidan shu paytgacha kechgan sudlarning hech birida janjal, favqulodda hodisa ro’y bergan emas. Fuqarolik sudlari vazifani binoyiday uddalayotganday.

Deylik, kuzda Nyu-York shahar sudi pokistonlik neyro-olima, Afg’onistonda ushlangan Asfiya Siddiqiyni AQSh zobitlarini o’qqa tutganlikda aybdor topib, 86 yilga qamadi.

Yaqinda shu sudda 1998 yilda Keniya va Tanzaniyada AQSh elchixonalariga hujum qilib, 285 odamning o’limida ayblangan Ahmad G’aylaniydan ko’plab ayblov bandlari olib tashlandi.

Harbiy tribunal hukmi apellyatsiyada tartibida qayta ko’rib chiqilishi mumkin, deydi Kolumbiya Universiteti professori Metyu Vaksman. Xuddi oddiy suddagi kabi. Tribunal doim ham qat’iyroq, keskinroq jazo degani emas.

“Terrorizmga doir ishlar oddiy sudlarda oldin ham ko’rilgan va odamlar ayab o’tirilmagan. Keskin jazo belgilangan. Aksincha, harbiy tribunalda muhokama qilinib, yengil jazo bilan cheklangan ishlar ham yo’q emas”, - deydi olim.

Misol uchun, tribunal qarori bilan avstraliyalik Deyvid Xiks to’qqiz oyga ozodlikdan mahrum etildi, federal sud esa Tolibonga qo’shilgan amerikalik Jon Voker Lindni 20 yil qamoq bilan jazoladi.

Xo’sh, harbiy sud oddiy suddan qat’iyroq, shafqatsizroq deyishga asos bormi, deb so’raydi mutaxassis. Har ikki mahbus Afg’onistonda, Tolibon safiga qo’shilgan damda qo’lga tushgan.

Harbiy tribunal al-Qoida rahbari Usama bin Ladenning soqchisi Salim Ahmad Hamdanni besh yarim yilga ozodlikdan mahrum etgan. Holbuki, oddiy sud qarorida bilan Ahmad G’aylaniy 20 yilga kesildi.

Xolid Shayx Muhammad Guantanamo qamog’ida qolmoqda. Sudni yana qancha vaqt kutadi, noma’lum. Kim biladi, balki u yerdan chiqmas ham, deya taxmin qiladi ayrim huquqshunoslar.

XS
SM
MD
LG